Jahon | 09:01 / 28.02.2024
33696
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa qiruvchilari Rossiya samolyotlarini kuzatib bordi

Germaniya harbiy-havo kuchlari Eurofighter qiruvchi samolyotlarini trevoga bo‘yicha havoga ko‘tardi. Keyinchalik Rossiya Aerokosmik kuchlari samolyotini Fransiyaning Mirage qiruvchi samolyotlari kuzatib bordi.

Foto: Baris Seckin/AA/picture alliance

Germaniya va Fransiya qiruvchi samolyotlari Boltiq dengizi ustidagi havo hududida Rossiyaning Il-20 razvedka samolyotini kuzatib bordi. 27 fevral, seshanba kuni Germaniya harbiy-havo kuchlarining X ijtimoiy tarmog‘ida xabar qilinganidek, Eurofighter nemis qiruvchilari Meklenburg-Sharqiy Pomeraniya federal yeridagi Laagedagi bazadan Helsinki sharqida Rossiyaning «parvoz rejasisiz» harakatlangan Il-20M razvedka samolyoti payqab qolinganidan so‘ng trevoga bo‘yicha havoga ko‘tarildi. 

Xabarda ta’kidlanganidek, bu 26 fevral kuni sodir bo‘lgan va vizual aloqa o‘rnatilgach, operatsiya «hech qanday hodisasiz tugagan». 

Keyinchalik fransuz armiyasining X mikroblogida video chop etildi, unda Rossiya razvedka samolyoti va unga hamroh bo‘lgan qiruvchini ko‘rish mumkin. 

Aniqlik kiritilishicha, Fransiyaning Mirage 2000-5 jangovar samolyotlari «Boltiq bo‘yidagi ittifoqchilarimiz havo hududini himoya qilish» maqsadida Estoniya sohillari yaqinida Rossiyaning Il-20 samolyotini tutib olish uchun shay holatga kelgan, ammo bu qachon sodir bo‘lganligi va gap bitta samolyot haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.

NATOning Boltiqbo‘yi havo hujumidan mudofaa missiyasi 

Boltiqbo‘yi mamlakatlari Estoniya, Latviya va Litva o‘zining jangovar samolyotlariga ega emas, shuning uchun ularning havo hududi xavfsizligi 2004 yildan beri NATO kuchlari tomonidan Boltiqbo‘yi havo politsiyasi missiyasi doirasida to‘rt oylik rotatsiya asosida ta’minlanadi. Shu maqsadda alyans ittifoqchilari navbatma-navbat o‘z samolyotlari va xodimlarini Boltiqbo‘yi mamlakatlariga o‘tkazmoqda. 

Agar chet el samolyotlari parvoz qoidalariga rioya qilmasa yoki havo harakatini nazorat qiluvchilar bilan aloqaga kirmasa, qiruvchilar osmonga ko‘tariladi. Alyans ta’kidlaganidek, «NATOning tezkor samolyotlari ittifoqchi havo kengliklariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday samolyotni tutib olish uchun bir necha daqiqa ichida havoga ko‘tarilishga tayyor». Rossiyaning Ukrainaga hujumi ortidan NATO havo patrullari yanada kuchaytirildi.

Mavzuga oid