O‘zbekiston | 09:50 / 29.02.2024
34663
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Tracker 197 km/soat tezlikda yo‘lovchi avtobusiga kelib urildi

Yangi O‘zbekiston ko‘chasi chorrahasida «garmoshka» avtobus va Tracker to‘qnashdi. Avtobus salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan, Tracker haydovchisi tan jarohati olib, shifoxonaga olib ketilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Poytaxtda King Long rusumli avtobus va Tracker rusumli yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

«Toshshahartransxizmat» xabariga ko‘ra, bugun, 29 fevral kuni soat 06:45 larda, «2-Avtobus saroyi» filiali tasarrufidagi King Long rusumli 63-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi A.J. boshqaruvidagi avtobus  AShB tomon harakatlanayotgan vaqtda YTH sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, avtobus Mirzo Ulug‘bek tumani, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi chorrahasidan qayrilib olish vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan Tracker rusumli yengil avtomobil yuqori tezlikda (197 km/soat) kelib, avtobus bilan (o‘rta shina qismiga tegib) to‘qnashuv sodir etgan. 

Ushbu yo‘l-transport hodisasi vaqtida avtobus salonida yo‘lovchilar bo‘lmagan. Tracker avtomobili haydovchisi tan jarohati olgan va tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga olib ketilgan.

Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilyapti.

Mavzuga oid