Jamiyat | 09:50 / 05.03.2024
20468
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 3 ta mashina ishtirokidagi YTHda bir kishi vafot etdi

Olmazor tumani Jarariq ko‘chasida uchta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, haydovchilardan biri hayotdan ko‘z yumdi.

Foto: Videodan kadr

4 mart kuni soat 21:00 larda Olmazor tumani Jarariq ko‘chasi 11-uy qarshisida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.

Toshkent shahar IIBB YHXB xabariga ko‘ra, voyaga yetmagan haydovchi Q.S. (2008 yilda tug‘ilgan) boshqaruvida bo‘lgan Spark rusumli avtomashina, R.R. (1984 yilda tug‘ilgan) boshqaruvida bo‘lgan Nexia 2 rusumli avtomashina hamda R.A. (2000 yilda tug‘ilgan) boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

YTH oqibatida Nexia 2 haydovchisi tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, Spark haydovchisi hamda yo‘lovchisi (2009 yilda tug‘ilgan) shifoxonaga yotqizilgan.

Hodisa joyida olingan kadrlarda Nexia 2 ham oldi, ham orqa tomonidan jiddiy shikastlangani, Spark esa old qismidan shikastlanganini ko‘rish mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Mavzuga oid