Qizil dengizda internet kabellarining uzilishi: bu texnik masalami yo siyosiy?
Tor va serqatnov dengizda aloqa simlarining uzilishi turli sabablar tufayli avval ham ko‘p marta ro‘y bergan. Yaqin Sharqdagi hozirgi vaziyat fonida bu safargi voqea shov-shuvga sabab bo‘lyapti, deydi siyosiy tahlilchi Farhod Karimov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yamandagi isyonchilarda bu kabellarning joylashuvi haqida ma’lumotlar va dengiz ostiga tushib ularni uzish uchun imkoniyatlar bor bo‘lishi ehtimoli kam.
Bugungi kunda global internet va aloqa tizimlarining asosiy qismi dengizosti kabel tarmoqlari orqali ta’minlanadi. So‘nggi vaqtlarda suvosti kabellar tarmog‘ining muhim bo‘g‘inlaridan biri – Qizil dengizda aloqa infratuzilmasiga zarar yetgani dunyo bo‘ylab ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Sababi hodisa asoratlari nafaqat mintaqaviy miqyosda, balki jahon bo‘yicha sezildi: ayrim global tarmoqlar ishida vaqtincha uzilish kuzatildi.
Kun.uz muxbiri bu boradagi savollarga javob olish uchun “Geosiyosat” dasturiga Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovni taklif etdi.
— Qizil dengizda aloqa kabelining uzilishi qaysi davlatlararo savdo va kommunikatsiyalarni eng ko‘p ta’sirlantirdi?
— Bu hududdan o‘tuvchi aloqa infrastrukturasi Osiyo va Yevropani bog‘lovchi bo‘lib xizmat qiladi. Yevropa va Osiyo internet aloqalari, texnik aloqalarning 90 foizi shu yerdan o‘tadi, shu sabab foydalanuvchilarning barchasi zarar ko‘rishi mumkin.
Bu aloqa kabellari bu darajada muhim bo‘lsa-da, himoya qilish darajasi u qadar yuqori emas. Bunday uzilishlar tarixda ham ko‘p bo‘lgan. Bu safar muhim bo‘lgan 15 ta kabeldan 4 tasi (Osiyo va Afrika o‘rtasidagi) uzilgan, natijada 25 foiz aloqa yo‘qoldi deyildi.
2013 yilda Qizil dengizdan Misr orqali o‘tib O‘rtayer dengiziga o‘tadigan joyda ham kabel uzilishlari bo‘lgan, bunga kemalar qatnovi, ularning langar tashlashi va texnik nosozliklar sabab bo‘lgan. Mana shunday holatlarda aloqalar uzilib qolmasligi uchun alternativ zaxira kabellari ham bor. 2013 yildan 2023 yilgacha 100 dan ortiq bunday texnik nosozliklar, uzilishlar bo‘lgan. Bugungi Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida mazkur holat boshqacha tahlil etilyapti, aslini olganda, tarixda bunday holatlar ko‘p bo‘lgan.
Bu kabellardan asosiy foydalanuvchilar – Hindiston, Hongkong, Fors ko‘rfazi arab davlatlari, Iroq, Eron kabi davlatlar. Ayni shu kabellar aloqa vositalarini butun dunyo bilan bog‘laydi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar – Iroq, Eron, Hindiston, Hongkong. Bundan tashqari, Afrikaning ham bir qancha davlatlari zarar ko‘rdi, masalan, Jibutida internet o‘chib qolgan, 90 foiz aloqa vositalari tarmoqdan uzilgan.
Bunday uzilish paytida bir necha soniya ichida tarmoqlar boshqa alternativ kabellarga ulanadi va u qadar keskin uzilishlar bo‘lmaydi. Alternativi bo‘lmagan davlatlar, xususan, Iroq va Eron ko‘proq zarar ko‘rdi.
— Qizil dengiz janubidagi uzilgan kabellarni ulash uchun suvosti ta’mirlash ishlariga ruxsat olish jarayoni nega shunchalik murakkab va uzoq muddat talab qiladi?
— Bu Qizil dengizdagi vaziyat va kemalar qatnovi bilan bog‘liq. Chunki bu joyda kemalar juda serqatnov va tor joy. Ta’mirlash ishlari sabab kemalar marshruti o‘zgarishi mumkin, bu narsalarni kelishib, tartibga solguncha ancha vaqt o‘tadi.
Ikkinchi sabab ham bor: kabellar uzilgan joy Yaman husiylari nazoratidagi hududlarga to‘g‘ri keladi. Sanodagi xusiylar hukumatini esa dunyo tan olmagan, ular xalqaro hujjatlarni bajarmasa ham, hech qanday javobgarlikka torta olishmaydi. Bugungi husiylarning Isroilga, G‘arbga bo‘lgan munosabati sabab ishlar birmuncha qiyinlashadi. Husiylar ta’mirlash ishlarini ular bilan kelishgan holda qilish kerakligini talab qilyapti. Ta’mirlashni Isroilni qo‘llayotgan davlatlar kompaniyalari amalga oshiradi, husiylar esa ular bilan kelishishi juda qiyin. Bu vaziyatda husiylar bilan kelisha oladigan boshqa kompaniyalarni topish kerak bo‘ladi.
Uchinchi tomon ham bor. Ta’mirlash ishlari uchun kompaniyalarga kabellar o‘tgan xaritalar beriladi. Davlatlar esa bu xaritalar husiylarga ma’lum bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Shu jarayonlarni tartibga solish uchun kamida bir oy kerak.
— Bu ish bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazilishi mumkinmi?
— Yo‘q, bunday bo‘lishi qiyin. Chunki yuqorida aytganimdek, bunday holatlar 100 dan ortiq bo‘lgan. Bu vaziyatda ko‘pchilik husiylarga qarayotganiga sabab – hozir to‘qnashuvlar, raketa zarbalari bo‘lyapti, ham bu yerlar husiylar nazoratidagi yerlar. Bundan tashqari, yaqinda husiylar kabellarning umumiy xaritasini e’lon qildi va shu orqali tahdid qilgandi. Bu aniq koordinatali xarita bo‘lmasa-da, shu bayonoti tufayli husiylarga ayb qo‘yilyapti. Lekin xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar xusiylarda bunaqa texnologiya yo‘q, kemalar langarni uzib yuborgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni aytishyapti. Lekin G‘arb va boshqa davlatlarga husiylarni ayblash uchun bir vosita bo‘ldi bu ham.
— Bu jarayonlar Isroil va uni qo‘llayotgan davlatlar uchun bosim sifatida ishlashi mumkinmi?
— Agar rostdan ham bu ishni husiylar qilgan bo‘lib, bu isbotlansa, katta pul aylanmalarini amalga oshiradigan korporatsiyalar o‘z hukumatlariga qaysidir ma’noda bosim qilishlari mumkin. Lekin bu uzilishlarni husiylar qilganini isbotlab berisholmasa, bosim qilisholmaydi. Lekin umumiy holatga qarasak, bunaqangi muammolar Qizil dengizda bo‘lyapti faqat, bu yerda esa husiylar bor. Yuk tashuvchi kompaniyalar, sug‘urta kompaniyalari, aloqa kompaniyalari katta zararlar ko‘ryapti va ular qaysidir ma’noda AQSh va Isroilga bosim qilishadi, ko‘p davom etishi mumkin emas bunday holatlar.
Umuman, Qizil dengizdagi har qanday muammolar mintaqadagi va G‘azodagi muammolarga bog‘lanaveradi. Ilgari simlar uzilishi bilan bog‘liq 100 dan ortiq holatlar bo‘lgan bo‘lsa ham, ular Isroil–Falastin muammosiga bog‘lanmagan. Bugungi vaziyat fonida bunday voqeliklar shu konfliktga bog‘lanyapti va geosiyosiy axborot maydonida shov-shuvga sabab bo‘lyapti. Bundan keyin ham shu kabi holatlar mintaqadagi vaziyatga bog‘lanaveradi, umuman aloqasi bo‘lmasa ham. Shuning uchun tezroq mintaqadagi mojaroni va siyosiy bosimni bartaraf etish kerak.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
22:56 / 15.11.2024