Jahon | 10:45 / 17.03.2024
17969
14 daqiqa o‘qiladi

Kobulda O‘zbekiston – “Tolibon” muzokaralari: nimalar ko‘rib chiqildi?

12 mart kuni O‘zbekiston TIV delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida Kobuldagi muzokaralar haqidagi savollarga siyosatshunos Hamza Boltayev javob berdi.

— O‘zbekiston TIV delegatsiyasi Afg‘onistonga qaysi maqsadlar bilan bordi?

— Afg‘oniston masalasi tarixan ham, hozir ham O‘zbekiston uchun juda muhim. Faqatgina qo‘shnilik omili emas, balki Afg‘oniston bilan hamkorlik qiladigan bir nechta sohalarimiz bor va bu hamkorlikni saqlab turish bizning strategik manfaatlarimizga to‘g‘ri keladi.

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistonga tashrifida bir nechta masalalarni muhokama qildi. Birinchisi Transafg‘on temiryo‘li, ikkinchisi savdo-iqtisodiy, madaniy, humanitar masalalar, uchinchisi O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan suv, Qo‘shtepa kanali masalasi muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yozilgan bayonotda haddan tashqari umumlashtirishlar bor. Iqtibos keltirsak: “Muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari muhokama qilindi. Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi”, deyilgan. Ichidan o‘zing xohlaganingni bilib olaver, degan yondashuvga o‘xshaydi. “Tolibon” tomoni bayonotida esa uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarni birma-bir sanab o‘tgan. “Tolibon” hukumati o‘rnatilganiga ko‘p bo‘lmadi, tan olinmagan ham, lekin O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 30 yildan oshgan, tashqi siyosatga javobgar institutlarning yoshi ham shunga yarasha. Shunga qaramay, bunday munosabat, bunga ikkita holat asosiy sabab deb o‘ylayman: birinchisi haddan ortiq suhbatdagi fikrlarni yashirish; ikkinchisi esa intellektual dangasilik. Falon-falon masalalar muhokama qilindi, biz bunday pozitsiya bildirdik deb bayonot berish kerak bo‘layotgan jarayonlarga mas’uliyatni zimmasiga olib. “Tolibon” tomoni shunday qilgan.

“Tolibon” birinchi navbatda ikkala delegatsiya qanday masalalarni ilgari surganini aytgan. Xususan, Afg‘oniston tomoni ikki tomonlama hamkorlik, savdo-sotiq, transport masalasini ilgari surgan. “Tolibon” bilan diplomatik aloqalarni yangilash masalasi haqida aytilgan. Bu degani “Tolibon” Afg‘onistondagi hukumat sifatida o‘zining rasmiy vakilini Toshkentda tan olinishini nazarda tutuvchi fikrni ilgari surgan. Keyin afg‘on biznes vakillari va haydovchilarga viza berish masalasi ko‘tarilgan. Bundan tashqari, elektr energiyasidagi uzilishlar. Fevral oyida kuchli qor yog‘ishi, aholining elektrga bo‘lgan ehtiyoji ortishi natijasida uzilishlar bo‘lgan, shu masala ham muhokama qilingan.

O‘zbekiston tomoni nimalarni ilgari surgani ham aytilgan. Tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida xavfsizlik ta’minlanganidan mamnunligini bildirgan. O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘rishini bayon etgan. Bu rostdan ham muhim nuqta, qo‘shilaman bunga. Biz Afg‘oniston bilan hamkorlikni chuqurlashtirib, transport koridorlari, geoiqtisodiy, tashqi savdoni kengaytirish masalalarini qo‘yadigan bo‘lsak, birinchi navbatda Afg‘oniston bilan yaxshi munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kerak. Tarixiy jihatdan ham, madaniy, humanitar jihatdan ham Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi.

Afg‘oniston shimolidagi viloyatlar ko‘proq tarixan Markaziy Osiyoga bog‘liq. Bir necha million o‘zbeklar bor, tojiklar ham bor. Faqat O‘zbekiston emas, Tojikiston va Turkmaniston bilan ham tarixiy bog‘liqlik kuchli Afg‘oniston shimolida. Hindikush tog‘idan janubdagi xalqlar esa madaniy jihatdan katta farq qiladi shimoldan, garchi bitta islom dinida bo‘lsalar ham.

— Transport sohasi nimalarni o‘z ichiga oladi va nima maqsadda?

— Transport sohasida O‘zbekiston Afg‘onistondan nima xohlaydi, degan savol qo‘ysak. Menimcha, O‘zbekiston birinchi navbatda tashqi bozorga chiqish, savdo yo‘llari, savdo-iqtisodiy munosabatlarini, energetik eksport-import munosabatlarini diversifikatsiya qilsa, iqtisodiy xavfsizligi mustahkamlangan bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan Afg‘oniston omili muhim.

— Markaziy Osiyodagi transport koridorlari masalasiga Turkmaniston ham faol qo‘shilgandek. Turkmaniston va “Tolibon” delegatsiyalari uchrashdi ham. Bu borada fikringiz qanday?

— Tashqi ishlar vazirining Afg‘onistonga tashrifini bundan oldin bo‘lgan Qatarga tashrif va “Tolibon” delegatsiyasining Turkmanistonga tashrifi prizmasida ko‘rish to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman. Negaki, “Tolibon” tan olinmagan bo‘lsa-da, diplomatik jihatdan juda faol, chunki har qanday hukumatning diplomatik faolligi asosiy omillardan biri, bundan tashqari, Afg‘oniston iqtisodi investitsiyalarga, hamkorlikka muhtoj. “Tolibon” Turkmanistonga tashrifida Rossiya va Qozog‘istonga urg‘u berib, Kaspiybo‘yi davlatlari va Turkmanistondan tranzit sifatida foydalanmoqchi ekanini bildirgan. Elektr va gaz import qilish haqida ham gaplashilgan.

— Afg‘onistonning Rossiya va Qozog‘iston bilan bog‘lanishi masalasida eng qulay yo‘l O‘zbekiston emasmi, nega bunday yo‘l tutilyapti?

— Afg‘oniston o‘z mahsulotlarini Qozog‘iston orqali Rossiyaga eksport qilmoqchi yoki import qilmoqchi bo‘lsa, eng yaxshi tranzit yo‘l – O‘zbekiston. Nega O‘zbekiston tanlanmayapti? Bilishimcha, Qozog‘istonning O‘zbekiston orqali o‘tuvchi tovarlariga boj juda yuqori, 2022 yilda Qozog‘iston tomoni e’tiroz ham bildirdi bu borada, hozir ikki tomon kelishyapti. Manfaatli kelishuvga erishiladi deb umid qilamiz. Bunday imkoniyatlarni qo‘ldan chiqarish O‘zbekiston manfaatlariga bolta uradi. O‘zbekiston orqali bog‘lanish katta imkoniyatlar yaratadi bizga. Turkmanboshi portidan Kaspiybo‘yi davlatlariga borish ham qulay Afg‘oniston uchun. Faqatgina davlatlarning siyosiy o‘yini yoki injiqliklari nuqtai nazaridan qarash to‘g‘ri emas, boshqa faktorlar ham bor. Har qanday iqtisodiy munosabatlar sub’yekti o‘ziga optimal bo‘luvchi transport yo‘lini tanlaydi, xarajatlarini hisoblab, qulayini tanlaydi.

— Transafg‘on yo‘lagi masalasida Qatar ishtiroki haqida ham gaplashsak.

— Qatar Afg‘onistonning xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarida o‘ziga xos vositachi bo‘lib kelyapti. O‘zbekiston tarafi Qatar moliyaviy manbalari asosida Transafg‘on temiryo‘lini tezlashtirish niyatida, menimcha. Bunday qo‘shimcha moliyaviy manbalar jalb qilish to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi, hamma tomon manfaatlariga xizmat qiladi, shu nuqtai nazardan Qatar bilan hamkorlik eng optimal variantlardan biri deb o‘ylayman. “Tolibon” bilan Qatar munosabatlari yaxshiligi ham muhim rol o‘ynaydi.

— Qo‘shtepa masalasida biror yangi qadam bormi?

— O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlarida Qo‘shtepa nozik nuqtalardan biri, faqat O‘zbekiston emas, Tojikiston, Turkmaniston bilan munosabatlarda ham. Afg‘onistonning Amudaryo suvidan foydalanishga haqqi bor, daryoning katta qismi Afg‘onistondan ham shakllanadi. Bu yerda masala haqqi bor yoki yo‘qligi emas, balki suvni qancha va qanday olishi masalasi bo‘lyapti. Suvdan foydalanishni tartibga solishi kerak. Buni tartibga solish uchun tomonlar o‘tirib muzokara qilib, hujjat qabul qilishi kerak bu bo‘yicha, buning uchun esa “Tolibon” hukumati tan olingan bo‘lishi kerak.

— Bu holatda qanday yo‘l tutish kerak? Hatto katta davlat bo‘lgan Xitoy ham tan olmasdan yaqin aloqalar o‘rnatyapti.

— Afg‘oniston va Xitoy munosabatlari tarixan yaxshi bo‘lgan. Bugun ham elchilarni qabul qilib yaxshi munosabatda. Qudratli davlatlar o‘zi istagan siyosatni ochiqcha olib bora oladi ochiqchasiga, tartibga solingan kelishuv, shartnomalar asosida, albatta. Bugungi kunda Xitoyning xalqaro munosabatlari transformatsiyasi bo‘lyapti. Nimada ko‘rinadiki, Afg‘oniston elchisidan ishonch yorlig‘i qabul qildi, lekin “Tolibon”ni tan olish haqida gapirgani yo‘q. Bu Afg‘oniston bilan munosabatlarni o‘zim xohlagan shaklda olib boraman deb o‘zini namoyon qilish.

— Muzokaralarda O‘zbekiston tomoni Qo‘shtepa kanalini betonlashtirish uchun Afg‘onistonda sement zavodi qurilishi, shuningdek ko‘mir masalasida hamkorlik taklif etgani ham aytilyapti.

— Qo‘shtepa kanali 2022 yil bahorida qurib boshlandi. O‘zi bu loyiha oldindan bor edi, 2018 yilda AQSh bilan oldingi Afg‘oniston hukumati bu kanalni qurish loyihalarini ko‘rib chiqqan. “Tolibon” oldingi Afg‘oniston hukumatining juda ko‘p loyihalarini jadallashtiryapti, yaqqol misol Qo‘shtepa kanali. Qo‘shtepa kanalining qurilishida emas, balki qay darajada tez qurilishida katta gap bor.

Hali suv qayerga borishi aniqmas, irrigatsion loyihalar yo‘lga qo‘yilmagan. Qachonki kimgadir isbotlamoqchi bo‘lsa biror ish shoshilinch qilinadi. “Tolibon” ham xalqaro hamjamiyatga siz bizni tan olmadingiz, lekin bizning shunday loyihalarni qiladigan potensialimiz bor, degan maqsad bo‘lishi mumkin. Yoki qo‘shni davlatlar va xalqaro hamjamiyatga bosim o‘tkazish bo‘lishi ham mumkin.

Hozirda “Tolibon” hukumatini tan olish va legitimlik eng katta masalalardan biri. Qaysidir davlat “Tolibon”ni tan olsa, ular uchun bu juda katta diplomatik yutuq bo‘ladi. Kanal qo‘shni davlatlarning tan olishiga erishish uchun richag sifatida ko‘rilayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Qo‘shtepa kanali masalasida O‘zbekiston pozitsiyasi oldindan ma’lum. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil avgust oyida Turkmanistonga tashrifi chog‘ida ham O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston tomonlari bilan bu masalani muhokama qildi. Unda rasman Qo‘shtepa nomi tilga olinmasa ham, Amudaryodan suv olishni tartibga solish, alternativ suv manbalaridan foydalanish, yangi texnologiya yutuqlarini suv xo‘jaligiga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Qo‘shtepa kanali orqali suv olishda ma’lum limitga amal qilish bo‘yicha shartnoma qilishi mumkin. Bundan tashqari, Qo‘shtepa kanali qazish jarayonlarida hamkorlik taklif qilishi ham mumkin.

O‘zbekiston tomoni hamkorlik taklif qilgan kanal qurilishida. Undan oldin “Tolibon” tomoni ham bunday taklif bergan, O‘zbekiston tomoni yo‘q demadi, lekin kutishni ma’qul ko‘rdi, menimcha. Amaliy harakat qilinmaganiga sabab bor: u paytda “Tolibon” hukumati bunchalik uzoq vaqt hokimiyatda turishiga to‘la ishonch komil emasdi hech kimning, bu — birinchi masala, ikkinchi masala esa O‘zbekiston tomonidan “Tolibon”ga nisbatan ishonch ham yo‘q edi, ya’ni “Tolibon” bunday katta loyihani amalga oshirish salohiyati borligiga ishonch yo‘q edi. O‘zbekiston ataylab cho‘zdi deya olmaymiz bu vaziyatda.

— “Tolibon”ning homiysi kim bo‘lyapti bunday loyihalarni amalga oshirishda?

— Rasmiy manbalar va ekspertlar xulosalarga tayanib javob berish mumkin. Lekin real voqelikka, bo‘layotgan ishlarga qarab javob berish kerak. Masalan, yoqilg‘i bilan ko‘pchilik ta’minlayapti O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham, boshqa davlatlar ham eksport qiladi. Texnikalar sotib olishdagi moliyaviy manba “Tolibon” hukumatining o‘zi sifatida ko‘rsatiladi rasmiy mahsulotlarda. Texnikalarning 90 foizi Xitoydan sotib olingan texnikalar. 2021-2022 yillarda Afg‘oniston Xitoydan eng ko‘p qurilish texnikalarini sotib olgan davlat ekan. Umuman, bu qurilishlar ortida qaysidir homiy davlat bor deyishga asoslar yo‘q.

— O‘zbekiston tomoni ko‘mir va sementdan tashqari yana nimalar taklif qildi?

— Amudaryo suvidan foydalanishni tartibga solish O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalalardan biri deb o‘ylayman. “Tolibon” 2023 yil oktyabr oyida kanalning birinchi qismi qurilishini tugatdi. Lekin oddiy eski uslubda qurilgan kanal, hech qanday betonlashtirish yo‘q. O‘zbekiston tomoni texnik jihatdan yordam taklifini berishi mumkin. Tsement ishlab chiqarish taklifidan tashqari, O‘zbekiston kanal qurilishida irrigatsion jihatdan yordam berishni ham taklif etdi. O‘zbekiston suv xo‘jaligi sohasida ancha yaxshi, albatta, shuning uchun bu tomonlardan yordam berishi mumkin deb o‘ylayman.

O‘zbekiston ko‘mir qazib olish va ko‘mirga asoslangan elektr energiyasi ishlab chiqarishda ham o‘z yordamini taklif etdi. Bu takliflarning barchasini Qo‘shtepa kanali atrofida, shu prizmadan ko‘rish noto‘g‘ri bo‘lmaydi, menimcha.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid