Jahon | 06:56 / 25.03.2024
74577
7 daqiqa o‘qiladi

«Krokus» teraktida gumonlanuvchilar qamoqqa olindi. Ular aybiga to‘liq iqror bo‘lgan

«Krokus Siti Holl»da terakt sodir etishda gumonlanuvchi to‘rt shaxs ikki oy muddatga hibsga olindi, ularga uyushgan guruh tarkibida terakt sodir etish bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Moskva Basman sudi ular aybiga to‘liq iqror bo‘lganini ma’lum qilgan. To‘rt ayblanuvchida ham qiynoq izlari bor, ulardan birining boshi bog‘langan, yana biri sudga kolyaskada keltirilgan.

Foto: TATYANA MAKEYEVA/AFP

Dalerjon Mirzoyev, Murodali Rajabalizoda, Muhammadsobir Fayzov va Fariduni Shamsiddin tergov so‘roviga ko‘ra 22 mayga qadar hibsga olindi.

Ularning barchasi uyushgan guruh tarkibida odamlar o‘limiga olib keluvchi terakt sodir etishda ayblangan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, ularning barchasi 130 dan ortiq kishi halok bo‘lgan «Krokus Siti Holl»ga hujumda bevosita ishtirok etgan.

Sudda nimalar bo‘ldi?

«Krokus Siti Holl»dagi terakt ishi bo‘yicha ilk ayblanuvchi Dalerjon Mirzoyev sudda yuzidagi ko‘karishlar bilan paydo bo‘ldi.

Unga berilgan ilk savollardan keyin tergovchi sudyadan jarayonni matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkazishni so‘radi va sudya Yelena Lenskaya rozilik bildirdi, deb xabar beradi «Mediazona».

Tergovchi ochiq sud majlisi «tergov sirlari ochiqlanishiga olib kelishi», shuningdek «jarayon ishtirokchilari hamda ularning qarindoshlari xavfsizligini tahdid ostida qoldirishi» mumkinligini aytgan.

Bungacha, «Mediazona» xabariga ko‘ra, sudya tarjimon orqali Dalerjon Mirzoyevdan undan nima so‘ralayotganini qanchalik tushunayotganini so‘ragan, u esa bunga qisqacha javob qaytarib, o‘zini tojik tilida tanishtirgan.

«Mediazona» sud zalidan xabar berishicha, Mirzoyevning rafiqasi va to‘rt nafar farzandi bor, uning Novosibirskda uch oylik ro‘yxatga olish muddati tugagan.

Ikkinchi ayblanuvchi, Saidakrami Murodali Rajabalizoda, zalga boshi bog‘langan holatda keltirildi. Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlarda biroz avvalroq «Krokus»ga hujum ishtirokchilarining qo‘lga olinishi va dastlabki so‘roq qilinishi jarayoni aks etgan videoyozuvlar tarqalgan, ulardan birida Rajabalizodaning bir qulog‘i kesib olinib, og‘ziga tiqilgani aks etgandi.

Bu sud majlisini Basman sudi sudyasi Timur Vaxrameyev olib bordi. U ham gumonlanuvchilar bilan tanishuvdan keyin jarayonni matbuot uchun yopiq shaklga o‘tkazgan.

Murodali ham tarjimon orqali tojik tilida javob qaytargan. U 30 yoshda ekani, rafiqasi, farzandi borligi, Rossiyada registratsiya qilgani, ammo qayerdaligini — eslay olmasligini aytgan.

Fariduni Shamsiddinga ham ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish bo‘yicha ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Rossiya agentliklari xabariga ko‘ra, 19 yoshli Fayzov sudga shifokorlar hamrohligida katalkada olib kelingan (fotosuratlarga qaraganda, bu yig‘iluvchi kolyaska) va gapira olmaydigan holatda bo‘lgan. Uning bir ko‘zi o‘yib olingan.

Dalerjon Mirzoyev sudga yuzidagi ko‘karishlar bilan olib kelingan. Foto: OLGA MALsEVA/AFP

Qo‘lga olish jarayoni qanday o‘tdi?

«Krokus Siti Holl»ga hujum qilishda gumonlanayotgan to‘rt kishi konset zalini tark etgan, ammo o‘sha tundayoq Bryansk oblastida qo‘lga olingan: FXX bu haqda 23 mart tongida xabar berdi.

Rossiyadagi telegram-kanallarda barcha gumonlanuvchilarning qo‘lga olinish jarayoni aks etgan videoyozuvlar tarqalgan.

Z-blogerlar tomonidan tarqaltilgan videolardan birida Fariduni Shamsiddin qotillikni «pul uchun» sodir etganiga iqror bo‘layotgani aks etgan: o‘zining aytishicha, bu ish uchun unga yarim million rubl va’da qilingan. So‘roq videosi RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan tomonidan tarqatilgan. Tarmoqda dastlabki video olinishidan oldin unga savollarga qanday javob berishi lozimligi o‘rgatilayotgani ko‘ringan boshqa video ham tarqalgan.

24 mart kuni anonim telegram-kanallarda Fariduni tok bilan qiynoqqa solinayotgani videosi ham paydo bo‘ldi.

Terakt bo‘yicha jami 11 kishi qo‘lga olingani ma’lum.

Hujum qurbonlari soni 137 nafarga yetgan: yonib ketgan bino hududida yangi jasadlar chiqqan.

IShID nega Rossiyada terakt sodir etishi mumkin?

FXX versiyasiga ko‘ra, jangarilar «mashinada Rossiya-Ukraina chegarasi tomon harakatlangan holda» yashirinishga uringan. Bu haqda Putin ham «Krokus»dagi hodisa yuzasidan rossiyaliklarga qilgan murojaatida aytib o‘tgan: 23 mart kuni u ular uchun Ukraina tomonida chegaradan o‘tish uchun «tuynuk» tayyorlanganini aytgan. Shu bilan birga, Rossiya tomonining rasmiy versiyalarida buning ortida kim turgani haqida keltirilmagan. Belarusning Moskvadagi elchisi esa terrorchilar Belarus chegarasi orqali chiqib ketmoqchi bo‘lgani ma’lum qilgandi. Ukraina konsert zaldagi ommaviy qotillikka aloqadorligi to‘g‘risidagi har qanday ayblovni qat’iyan rad etmoqda.

Hujum uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olgan. Unga aloqador ekani aytilgan kanallardan birida hujum qiluvchilarning biri tomonidan konsert zalda olingan video tarqatilgan.

FXX tomonidan olingan qo‘lga olish videolaridagi va IShID resurslari tarqatgan videodagi kiyimlardagi detallar bir-biriga mos keladi. IShID e’lon qilgan rolikda odamlarning yuzi berkitilgan, ammo «Vajniye istorii» jurnalistlari ularni kiyimlari orqali tanish mumkinligini aytishgan.

Masalan, hujum qilganlardan birining futbolkasida TRAVEFS yozuvi bor va bunday yozuvni gumonlanuvchilardan birining ushlanishi chog‘idagi yozuvda ham ko‘rish mumkin. Bunday futbolkalar bozorda sotilsa-da, xuddi shunday logotiplisini topib, ayb bo‘yniga qo‘yilayotgan shaxsga kiydirib qo‘yish qiyin bo‘lardi, deb qayd etadi jurnalistlar. Qo‘lga olish videosi esa terrorchilik tashkiloti roligidan bir kun oldin paydo bo‘lgandi.

Bu FXX tomondan soxtakorlik qilinganini istisno etadi, deb hisoblaydi «Vajniye istorii»: avvaliga ayrim sharhlovchilar maxsus xizmatlar haqiqiy terrorchilarni ushlaganiga shubha qilayotgandi.

Wall Street Journal ekspertlardan IShID Rossiyaga nega hujum qilishi mumkinligi haqida so‘ragan. «AQSh va demokratik dunyoning avtoritar derjavalar — Rossiya, Eron va Xitoy bilan kurashi — Ukraina va G‘azodagi urush fonida kuchaydi. Ammo IShID uchun ularning barchasi — musulmon dini dushmani va ularning barchasi yakson etilishi kerak», — deb yozgan nashr maqolasida. Nashr suhbatlashgan ekspertlar sodir bo‘lgan hodisa IShIDning harakatlariga mos keladi, degan fikrda.

Mavzuga oid