O‘zbekiston | 14:25 / 06.04.2024
12389
2 daqiqa o‘qiladi

Hashar bahona tashkilotlar xodimlarining bir kunlik ish haqi ushlab qolinyapti. Bu qonunga zid

Bektemir tumani hokimi hamda Mahallalar uyushmasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hududdagi tashkilotlarga xat yuborib, unda mart oyida o‘tgan xayriya hashari munosabati bilan barcha tashkilot, korxona xodimlarining bir kunlik ish haqini uyushma hisobiga o‘tkazib berish so‘ralgan. Xodimning roziligisiz ish haqidan hashar uchun ushlab qolish holatlari respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilgan.

Toshkent shahar Bektemir tumani hokimi hamda Mahallalar uyushmasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tayyorlangani aks etgan xatlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, 16-18 mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilgan.

Ta’kidlanishicha, xayriya hasharini o‘tkazish bilan bog‘liq hukumat qarori va farmoyishlarida barcha tashkilot, korxona hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mehnat jamoasining bir kunlik ish haqi (Mahallalar uyushmasining) maxsus hisobraqamiga o‘tkazilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan mehnat jamoasining bir kunlik ish haqi quyidagi hisobraqamga o‘tkazilishini ta’minlashda amaliy yordam berishingiz so‘raladi”, – deyiladi rasmiy xatda.

Bu jarayonga Surxondaryo viloyati Boysun tumanining 10-, 15-, 8-sonli maktab o‘qituvchi hamda ishchi xodimlari ham jalb qilinib, ularning ham kunlik mehnat haqi olinyapti. Buni tahririyatga jo‘natilgan rozilik xatlaridan ko‘rish mumkin.

Yuqoridagi maktablardan birida ishlovchi bir o‘qituvchining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, o‘qituvchilarga bu jarayon ixtiyoriy-majburiy ekani aytilib, hech qaysi xodimdan so‘ralmasdan, tushadigan maoshdan “hashar puli” avtomatik ayirib tashlangan. Bunga norozi bo‘lgan o‘qituvchilar muassasa buxgalteriga shikoyat qilgach, oylikning to‘liq shakli tiklangan.

Hashar uchun xodimning kunlik ish haqi ushlab qolinishi qonunga zid

Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra, xodimning yozma roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolish mumkin emas. Normada ishchining roziligisiz mehnat haqi olib qolinishi holatlari aytilgan, ammo ular orasida hashar nazarda tutilmagan. 

Mavzuga oid