Jahon | 21:14 / 11.04.2024
11957
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Rossiya yog‘ochining ikkinchi yirik xaridoriga aylandi

Xitoy Rossiya yog‘ochining asosiy xaridori bo‘lib turibdi. 

Foto: Unsplash

O‘zbekiston 2023 yilda Rossiya yog‘ochi uchun 586 million dollar to‘ladi va Xitoydan keyingi ikkinchi yirik xaridorga aylandi. Bu haqda Lenta xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, sanksiyalarga qaramay, Rossiya yog‘och materiallar eksportini oshirgan. Jumladan, yog‘och eksporti yiliga 2,5 foizga, 2021 yilga nisbatan esa 8,7 foizga oshgan. Yevropa Ittifoqining Rossiyadan yog‘och va yog‘och mahsulotlari importiga embargosi fonida o‘sish sekinlashgan, chunki Yevropa Rossiya yog‘och ishlab chiqaruvchilari uchun asosiy eksport bozori edi. 

Shu bilan birga, 2023 yilda qimmatbaho daraxt turlarini kesish hajmi 1,5 million kub metr darajasida saqlanib qolgan - asosan Primorsk (341 ming kub metr) va Xabarovsk (93 ming kub metr) hududlarida va Adigeya Respublikasida (29 ming kub metr). 

2023 yil oxirida rossiyalik eksportchilar «do‘stona mamlakatlarga» yog‘och sotishni ko‘paytirgan. Ularning xomashyo yetkazib berishdan olgan daromadi 2021 yilga nisbatan 4 milliard dollar darajasiga yetgan. Comtrade tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Rossiya yog‘ochining asosiy xaridoriga aylangan. O‘tgan yili Osiyo davlati Rossiyadan umumiy qiymati 2,4 milliard dollarlik mahsulot xarid qilgan. O‘zbekiston yog‘och uchun 586 million dollar to‘lagan holda ikkinchi o‘rinni egallagan.

Mavzuga oid