O‘zbekiston | 21:00 / 20.04.2024
26030
15 daqiqa o‘qiladi

37 millionlik marra, yangi tariflar va NATO mashg‘ulotlari - hafta dayjesti

O‘zbekistonning tashqi dunyodagi ittifoqchilari soni 3 taga, strategik sheriklari 15 taga yetdi. Aholimiz soni esa 37 milliondan oshdi. NATO harbiylari Toshkentda o‘tkazgan seminar Moskvaning e’tiborini tortdi. Lift importi to‘xtatib qo‘yilgani aytilmoqda. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa muhim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

O‘zbekistonliklar soni 37 milliondan oshmoqda

Shu kunlarda aholimiz soni 37 millionga yetib qoldi. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 36 mln 997 ming kishiga yetgan. Aholi soni kuniga o‘rtacha 1800 kishiga oshyapti, bundan kelib chiqilsa, 37 millionlik yangi marrani yakshanba yoki dushanba kuni zabt etamiz.

Ma’lumot uchun, 41 millionlik aholisi bo‘lgan Ukrainada urush boshlanib, 6,5 million kishi mamlakatni tark etgach, O‘zbekiston possovet hududida aholi soni bo‘yicha ikkinchi eng yirik davlatga aylangan. Xalqaro valuta jamg‘armasining taxminlariga ko‘ra, Ukrainaning nufusi keyingi 5 yil ichida uzog‘i 36 milliongacha oshishi mumkin. Bu esa O‘zbekiston hali uzoq yillar possovet makonida ikkinchi eng ko‘p aholiga ega davlat bo‘lib qolishini anglatadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti prognoziga ko‘ra, mamlakatimiz aholisi 2030 yilga borib 41 million kishidan oshishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2025-2026 yillarda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilishi reja qilingan. Bu mustaqillik yillaridagi birinchi umummilliy demografik tadqiqot bo‘ladi.

Energetika: 1 maydan yangi tariflarga o‘tiladi

Aholi uchun salkam 5 yildan beri o‘zgarmay kelgan gaz-svet tariflari, kutilganidek, 1 maydan boshlab oshadigan bo‘ldi. Shu sanadan e’tiboran xonadonlar uchun ijtimoiy norma joriy etilib, differensial tariflarga o‘tiladi. Bu borada 15 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining qarori e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy norma elektr energiyasi uchun oyiga 200 kWh deb belgilandi. Bu norma butun respublika hududida va yilning barcha oylarida birdek amal qiladi. Tabiiy gaz bo‘yicha bazaviy norma esa yilning aksariyat qismida 100 kubometrgacha, noyabr, dekabr, yanvar, fevral oylarida esa 500 kubometrgacha deb belgilandi. Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi tabiiy iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, bu hududlar uchun 500 kubometrlik norma oktyabr oyiga ham tegishli bo‘ladi.

Differensial tariflarga o‘tilishi bilan, ancha ko‘p elektr va gaz sarflaydigan badavlat qatlamning xarajatlarini budjetdan subsidiyalash qisqaradi. Shu tariqa, yuqori darajadagi subsidiyalash, dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi, faqat bazaviy norma doirasidagi iste’molga taalluqli bo‘ladi. Rasmiylarga ko‘ra, aholining 60 foizdan oshiq qismi o‘z xonadonida belgilangan normadan oshmagan miqdorda elektr va gaz sarflaydi.

1 maydan kuchga kirayotgan differensial tariflar bilan ushbu infografikalar orqali tanishishingiz mumkin (keyingi yilgi narxlar esa bu yerda):

Iqtisodiyot va moliya vazirligi izohiga ko‘ra, svet va gaz uchun mos ravishda 295 so‘m va 380 so‘mlik narxlar amal qilib kelgan 2019 yilning avgustidan beri o‘tgan davrdagi inflatsiya 66 foizga yetgan. Hozirda elektr energiyasining tannarxi qariyb 1000 so‘mni, tabiiy gaz tannarxi esa 2000 so‘mni tashkil etyapti, dedi vazirlikda mas’ul departament direktori Xurshid Mustafoyev.

Hujjat bilan 2025 yil 1 apreldan boshlab kuchga kiradigan tariflar ham tasdiqlandi. Keyingi yilgi narx o‘zgarishlari maishiy iste’molchilardan tashqari, aksariyat yuridik shaxslarga ham taalluqli bo‘ladi. 2024 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslar uchun gaz va elektr bo‘yicha 100 foiz oldindan to‘lov tizimi qayta tiklanadi. Metan-shoxobchalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz narxi 1 iyundan boshlab 1800 so‘m, 2025 yil 1 apreldan boshlab 2500 so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, ko‘mir narxlarini davlat tomonidan tartibga solishni bekor qilish ham ko‘zda tutilgan.

Qarorda bu o‘zgarishlar munosabati bilan aholini ijtimoiy himoya qilish choralari ham belgilangan. Unga ko‘ra, hozirda 621 ming so‘mni tashkil etuvchi minimal iste’mol xarajatlari miqdori shu yil 1 maygacha qaytadan hisoblanib, pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari oshiriladi. Noyabr oyida kam ta’minlangan oilalarga 270 ming so‘mdan bir martalik yordam puli beriladi. Ehtiyojmand qatlamning ijtimoiy normadan ortiq foydalanilgan gaz-svet bo‘yicha xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.

Yangilikka munosabat bildirgan “Yuksalish” harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov mas’ullarni gazlashtirilmagan hududlardagi sharoitlarni inobatga olishga chaqirdi. Chunki bu hududlarda isitish uchun ko‘pincha elektr pechka va konditsionerlardan foydalaniladi, natijada oylik iste’mol 200 kWh'dan ancha ko‘proq bo‘ladi. Deputat, shuningdek, davlat budjetidan energetikaga berilayotgan pullar shaffof bo‘lishi kerakligi, tarmoqdagi elektr kuchlanishi o‘zgarishi sabab maishiy texnikalariga zarar yetgan holatda iste’molchilarga kompensatsiya to‘lanishi zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Bobur Bekmurodov xorij tajribasini eslatib, anomal ob-havo sharoitlarida belgilangan ijtimoiy normani oshirishni ham taklif qildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa boshqa bir masalaga e’tibor qaratdi. 15 aprel kungi qarorda yozilishicha, undan ko‘zlangan maqsadlardan biri – energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etilishini rag‘batlantirish. Shundan kelib chiqib, Otabek Bakirov elektr jihozlari va maishiy texnikalar importiga joriy etilgan bojlar va turli notarif cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi. “Hukumat qarorlari uzviy bo‘lishi kerak. Energetikada bozorga o‘tishga qaror qilindimi, iste’molchilarning tanlovida ham erkin bozorga tayanish kerak”, – dedi u.

Bakirov oshib borayotgan tannarxni kamaytirish uchun nima ishlar qilinadi, degan savolni ham o‘rtaga tashladi. Ta’kidlash kerak, avvalroq Kun.uz suhbatlashgan Germaniyadagi energetika sohasi mutaxassisi Ravshan Xo‘janov mutasaddilarni elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi xarajatlar va tannarx shakllanishi zanjirini ochiqlashga chaqirgan edi. “Aholiga bu narsani to‘g‘ri yetkazib berish uchun, elektr energiyasining “A”dan “Z”gacha bo‘lgan zanjirdagi barcha xarajatlari ko‘rsatilishi kerak”, – degandi soha eksperti.

Tojikiston – ittifoqchi, Qatar – strategik sherik

Markaziy Osiyoda do‘stona muhitni mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. 18 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi vaqtida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish haqidagi shartnoma imzolandi. Bu – 2018 yilda imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risida bitimdan keyingi bosqich bo‘ldi. “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi birodar xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq mos keladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ittifoqchilik munosabatlari – davlatlar o‘rtasidagi yaqinlikning eng yuqori darajasi hisoblanadi. O‘zbekiston bungacha 2005 yilda Rossiya bilan, 2021 yilda esa Qozog‘iston bilan ittifoqdosh davlatga aylangan. Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, Markaziy Osiyo prezidentlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi bu yil Qozog‘istonda bo‘lib o‘tishi kutilyapti.

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi vaqtida o‘zaro tovar ayirboshlashni amaldagi 750 mln dollardan 2 milliard dollarga yetkazishga kelishib olindi. Buning uchun chegaraoldi savdo zonalari ishga tushiriladi. O‘zbek-Tojik investitsiya kompaniyasi umumiy qiymati 135 mln dollarlik 14 ta loyihani amalga oshirishi kutilyapti.

Bu hafta O‘zbekistonning ittifoqchilari uchtaga yetgan bo‘lsa, strategik sheriklari soni 15 taga yetdi. 15 aprel kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Qatar bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Qatar Toshkentda, O‘zbekiston esa Dohada elchixona ochgan, ikki davlat o‘zaro vizasiz rejimni joriy etgandi. Bu hafta Qatar delegatsiyasi O‘zbekistonga Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi majlisi uchun kelgandi.

Ikki bola seriyali qoidabuzarning qurboni bo‘ldi

Haydovchilar uchun jarima ballari tizimini amalga kiritish kechikayotgani fonida, ashaddiy qoidabuzarlar yo‘llarda odam o‘ldirishda davom etyapti. Dushanba kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida maktabga yo‘lga chiqqan 5- va 7-sinfda o‘qiydigan ikki bola uyiga qaytmadi – oxirgi 5 oyda 11 marta tezlik qoidalarini buzgan haydovchi ularning hayotiga zomin bo‘ldi.

26 yoshli uchar shofyor o‘zining qora Gentra'sida yomg‘irli havoga qaramay aholi yashash punktida tezlikni oshirgan, shu asnoda boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidan ketayotgan ikki o‘quvchini bosib ketgan.

“100 tezlikda kelayotgandim. Shu holatda bolalarni urib ketdim. Shuni bilaman, bo‘ldi, qolganini bilmayman. Aholi yashash hududi, tezlik cheklangan yo‘l belgisini ko‘rdim... Bunaqa bo‘lishini bilmagandim”, – dedi u YPX xodimi bilan suhbatda.

Ma’lum bo‘lishicha, Baxmal tumanida yashovchi haydovchi dekabr oyidan beri 11 marta tezlikni oshirgani uchun ma’muriy jarimaga tortilgan. Lekin oxir-oqibat haydovchini tiya olmagan shuncha choraning ahamiyati bir tiyinga qimmat bo‘lib chiqqan. Jinoyatdan keyin haydovchi qamoqqa olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlari

Korrupsiyaga qo‘l urganlar yana davlat lavozimiga tayinlanib, yana korrupsiyaga qo‘l urishi holatlari davom etyapti. Kuni kecha Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani hokimi o‘rinbosari 5 ming dollar so‘rab, shundan bir qismini olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Ma’lum qilinishicha, u muqaddam o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish moddasi bilan sudlanib chiqqan.

Xuddi shunday, muqaddam sudlanganiga qaramay Andijon viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallab kelgan shaxs ham korrupsion jinoyat ishi doirasida qo‘lga olindi. U tenderda g‘oliblikni olib berish uchun boshqa shaxslar o‘rtasida ro‘y bergan 7500 dollarlik oldi-berdiga aloqadorlikda gumonlanyapti.

Navoiyda esa Savdo-sanoat palatasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlanganiga endigina bir oy bo‘lgan Merey Omonboyeva ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U firibgarlik va pora berishda gumon qilinyapti. Savdo-sanoat palatasining 19 apreldagi xabariga ko‘ra, Omonboyeva o‘z lavozimidagi faoliyatini davom ettiryapti, uni ishdan chetlashtirish bo‘yicha huquq organlaridan talabnoma kelib tushmagan. Ma’lumot uchun, Zulfiya mukofoti sovrindori o‘tgan oydagi tayinlovga qadar Navoiy shahri Zarafshon mahallasida hokim yordamchisi bo‘lib ishlagan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

NATO xodimlari O‘zbekiston Qurolli kuchlari kursantlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda. Ular o‘zbekistonlik harbiylarga Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo davlatlarda serjantlar qanday tayyorlanishi haqida kurs o‘tishyapti. O‘z navbatida bu mashg‘ulotlar Rossiyaning e’tiboridan chetda qolmadi. “NATOning hamkorlik qilish istagi O‘zbekistonga foyda keltirmaydi”, – dedi RF Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Mariya Zaxarova. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995 yilda NATOning “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” nomli dasturiga qo‘shilgan, munosabatlar 2005 yildan keyin ancha sovuqlashgan edi.

Toshkentda daraxtkesarlar navbatdagi varvarlarcha huquqbuzarlikni sodir etdi. Yunusobod 8-mavzeda niqobdagi shaxslar davlat raqami taqilmagan ekskavator bilan kelib, bitta ko‘p yillik safora daraxtini qo‘porib ketdi. Bosh prokuratura ularning shaxsi aniqlanganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, ularning kimligini ham, qanaqa chora qo‘llanganini ham ochiqlamadi. Bu yerda qurilishni qilishni rejalashtirgan tadbirkorning harakatlariga ham baho berilishi aytilyapti. Shahar ekologiya boshqarmasiga ko‘ra, qo‘porilgan daraxt agrotexnik tadbirlar bilan o‘z o‘rniga qayta ekilgan.

Rossiyada qarovsiz qolgan 17 nafar o‘zbekistonlik bola O‘zbekistonga qaytarildi. Ular yaqin qarindoshlariga yoki maxsus bolalar muassasalariga topshiriladi. Ayni paytda, maktab o‘quvchilarining xorijga vaqtincha chiqish tartibini o‘zgartirish haqidagi hujjat loyihasi muhokama qilinmoqda. Loyiha qabul qilinsa, ota-onalar maktabda o‘qiydigan farzandini xorijga olib chiqish uchun maktab direktorining roziligini olishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda “Rinotin kids” nomli biologik faol qo‘shimchaga berilgan ruxsatnoma bekor qilindi. Italiyada ishlab chiqarilgan bu mahsulot distribyutoriga uni dorixonalardan qaytarib olish topshirig‘i berilgan. Internetda tarqalgan suratlarda sirop ichidan mog‘orlaganini ko‘rish mumkin. Importyor tadbirkorning izohlashicha, mahsulotning 2021 yildagi partiyalaridan birini olib kelishda refrijyeratordagi texnik nosozlik sababli tovarga shikast yetgan. Sanepidqo‘mning ma’lum qilishicha, “Rinotin kids”ni sotib olganlar ishlab chiqaruvchi bilan bog‘lanib, pullarini qaytarib olishlari mumkin.

O‘zbekistonga lift importi to‘xtab qolgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz'ga murojaat qilgan importyorlarning so‘zlariga ko‘ra, 20 martdan boshlab ular xorijdan olib kelgan liftlar bojxonadan o‘tkazilmayapti. Bunga sabab – ularga 3 yilga berilgan muvofiqlik sertifikatlari kutilmaganda, 1 yil o‘tmay bekor qilingan. Avvalroq mahalliy lift ishlab chiqaruvchi korxona – “Texnopark” MChJ elektrotexnika sohasidagi yirik kompaniyalar guruhiga ishonchli boshqaruvga berilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mavzuga oid