O‘zbekiston | 21:35 / 25.04.2024
5661
7 daqiqa o‘qiladi

25 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

“Mehr daftari” hisobidan olinayotgan elektromobillar, XVJning soliq islohoti bo‘yicha tavsiyalari, o‘zgarish qolgan asosiy stavka, xarid bo‘yicha birinchi o‘rinda turgan metan gaz - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Yetimning haqiga mashina...

Ayrim hokimliklar «Mehr daftari» mablag‘lari hisobidan elektromobillar xarid qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan «Mehr daftari» jamg‘armasi mablag‘larini hokimliklar o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborayotgani ijtimoiy tarmoqlarda ham keskin qoralandi.

«Mehr daftari» jamg‘armalari homiylik xayriyalari va alkogolli mahsulotlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning sof foydasidan 3 foiz ajratmalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning muammolarini hal etish, iqtidorli bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni hayotga tayyorlash, o‘qishini tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlarini qoplash va boshqa maqsadlarga yo‘naltirilishi kerak, aslo hokimlar mashina minishi uchun emas.

Qashqadaryo viloyati hokimligining «Mehr daftari» jamg‘armasi nomidan to‘rtta «gibrid» BYD Song Plus sotib olish bo‘yicha 1 mlrd 780 mln so‘mlik kelishuvlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilning 9 iyun kuni ushbu jamg‘arma tomonidan ham 450 mln so‘mga Chevrolet Equinox sotib olish uchun ariza berilgan.

Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati mazkur xabarlarga zudlik bilan reaksiya bildirib, avtomobillar xalq deputatlari kengashi roziligi bilan mahalliy budjetning orttirilgan qismidan xarid qilinayotgani haqida hujjatlar taqdim etdi.

Biroq, Jizzax viloyati hokimligi ham «Mehr daftari» jamg‘armasi hisobidan 768,3 million so‘mga ikkita BYD Song Plus va 444,5 million so‘mga yana bir avtomashina xarid qilayotgani xabar qilingan.

Buxoro shahri hokimligi «Mehr daftari» jamg‘armasidan 412 million so‘mga elektromobil, Surxondaryo viloyati hokimligi ham «Mehr daftari» jamg‘armasidan 156,3 million so‘mga Chevrolet Gentra sotib olinishi rejalashtirilgan. Boshqa hududlar xaridlarga tushuntirish berishmagan. 

Soliq islohoti bo‘yicha tavsiyalar

Xalqaro valuta jamg‘armasi vakillari O‘zbekistonning amaldagi soliq tizimini o‘rgandi va uning natijalari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i, daromad solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va aksiz solig‘i bo‘yicha soliq siyosatini takomillashtirishga oid tavsiyalarni taqdim etdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda XVJning Fiskal masalalar departamenti soliq siyosati bo‘yicha katta iqtisodchisi Girten Mishels boshchiligidagi 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan soliq islohotini rejalashtirish bo‘yicha XVJ missiyasi ekspertlari taqdimot o‘tkazdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu sohadagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik rejalarini muhokama qildi. 

Asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldi

Markaziy bank asosiy qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank asosiy ssenariy bo‘yicha 2024 yildagi umumiy inflatsiya prognozini 9-11 foizgacha oshirdi. Bu tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanishi va aprel oyidan bir qator tovar va xizmatlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy etilishi bilan izohlangan.

Rasmiy relizda ta’kidlanishicha, iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarga fundamental monetar omillar ta’siri bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Shu bilan birga, joriy yil 1 maydan ayrim tartibga solinadigan tariflarning erkinlashtirilishi umumiy inflatsiyaga bir martalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Umumiy inflatsiya yil boshidan pasayishda davom etib, mart oyida yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda, oziq-ovqat tovarlari inflatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilgan. Tashqi oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar dinamikasi import inflatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning birinchi choragida iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 6,2 foizgacha tezlashdi. Xizmat ko‘rsatish, chakana savdo aylanmasi va qurilish sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari, shuningdek, ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati sohalarida investitsion faollikning oshishi kuzatilgan.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot o‘sishi yil yakuniga 5,2–5,7 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.

 

Gaz, avichipta va benzin kuchli uchlikda

Soliq qo‘mitasi 2024 yilning I choragida O‘zbekistonda eng ko‘p sotilgan mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatning boshida metan gaz qayd etilgan bo‘lsa, quyi pog‘onalarda shakar va propan gaz joy olgan.

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, quyidagi mahsulotlar eng ko‘p sotilgan: birinchi o‘rinda metan gaz – umumiy realizatsiya summasi 3,4 trln, so‘ngra AI-80 benzin – 2,6 trln so‘m va xalqaro yo‘nalishdagi aviachiptalar – 2,3 trln so‘m.

Keyingi o‘rinlarda benzin AI-92 – 1,2 trln so‘m, 1-navli bug‘doy uni – 1,1 trln so‘m, uyali telefonlar – 638,3 mlrd so‘m, fast-fud – 613 mlrd so‘m, kungaboqar yog‘i – 543,1 mlrd so‘m, asosiy go‘shtli taomlar – 470,2 mlrd so‘mga sotilgan.

Ro‘yxatdan pishiriqlar, alkogolsiz ichimliklar, mehmonxona xizmatlari, shakar va propan gaz ham o‘rin olgan. 

Yo‘l qurilishiga xususiy sektor jalb etiladi

1 maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy foydalanishdagi avtoyo‘llarni ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.

Bu borada hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan «Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024 yil 1 maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlarni davlat xaridlarining maxsus axborot portaliga joylashtiradi.

Mavzuga oid