Peterburgda yong‘in vaqtida odamlarni qutqargan o‘zbekistonlikka surat sovg‘a qilindi
Asli Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan Olimjon Ibrohimov muqaddam havo-desant qo‘shinlarida xizmat qilgan, Rossiyada oldin ham yong‘in vaqtida bir ayolni qutqargan, o‘shanda unga faxriy yorliq berilgandi.
Sankt-Peterburgning Admiralteysk rayoni ma’muriyati Podolskaya ko‘chasidagi uyda chiqqan yong‘in vaqtida bir necha kishini qutqarib qolgan o‘zbekistonlik ishchiga (dvornik) minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda rayon rahbari Sergey Overchuk «VKontakte»dagi sahifasida ma’lum qilgan.
Xabarda aniqlik kiritilishicha, ko‘cha tozalovchi ishchiga «yosh admiralteysklik» tomonidan Olimjon uchun maxsus chizilgan, rayon manzarasi aks etgan kartina sovg‘a qilingan.
«Admiralteysk rayoni o‘t o‘chirish xizmati qismida rayon rahbari Sergey Overchuk yonayotgan uydan odamlarni qutqargan dvornikka minnatdorchilik bildirdi. Dvornik Olimjon Ibragimov uylardan birining derazasidan chiqayotgan olovni ko‘rgan va o‘t o‘chiruvchilarni chaqirgan. Uning o‘zi drenaj trubasi bo‘ylab karnizga ko‘tarilgan va ayollar u yerda turishiga, keyin o‘t o‘chiruvchilar zinapoyasi bo‘ylab tushishiga yordam bergan», – deyiladi rayon ma’muriyati matbuot xizmati xabarida.
Overchuk o‘z sahifasida joylashtirgan suratlarda Ibrohimovga faxriy yorliq hamda ish kiyimi ham berilganini ko‘rish mumkin.
«Yordam berish burchimiz»
Mahalliy «Fontanka» nashri 48 yoshli Olimjon Ibrohimovdan intervyu olgan. U o‘z vaqtida Farg‘onada havo-desant qo‘shinlarida xizmat qilganini bildirgan.
«Biz har kuni, tom ma’noda bir necha soatdan mashq qilardik. Misol uchun, bir qo‘l bilan ushlab, yettinchi yoki hatto to‘qqizinchi qavatga ko‘tarilish va keyin pastga tushish kerak bo‘lardi. Men 15 yil xizmat qildim, bu menga qiyin emasdi, yoqardi. Shu vaqt mobaynida boks bo‘yicha sport ustasi ham bo‘ldim», – deydi u.
U qizini turmushga bergach, yetti yil oldin xotini bilan ish izlab Rossiyaga kelganini aytgan. Ayni vaqtda xotini va qizi ham u bilan bitta brigadada ko‘cha tozalovchisi bo‘lib ishlamoqda.
Uning aytishicha, bu birinchi bor odamlarni qutqarishi emas. Vereyskaya ko‘chasida bir yildan ko‘proq vaqt oldin ro‘y bergan yong‘inda bir ayolni qutqarib qolgan. O‘shanda unga faxriy yorliq berishgandi.
«Yordam berish bizning burchimiz, Xudo hammani ko‘rib turadi… Biz bu yerda odamlarga tez-tez yordam beramiz… Hammamiz tushunamizki, biz odamlarmiz va bir-birimizga yordam berishimiz kerak», – degan u.
U ishi qanchalik o‘ziga yoqishi va maoshi haqida so‘ralganida bundan shikoyat qilmasligini aytgan.
«Migrantlar hamma joyda shunday ish qilishadi. Maoshimiz kam, lekin bir-birimizga yordam beramiz. Biz mehnatkashmiz. Oyiga 45 ming [rubl] olaman, 10 mingi patent va ro‘yxatdan o‘tish uchun sarflanadi va yana 10 mingni uy uchun to‘layman. 25 ming yashashimiz uchun qoladi. Bu normal — bu pulga yashash mumkin», – degan u.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining aksari odamlarning hayotini saqlab qolgan qahramon yetarlicha taqdirlanmaganini aytib, uning uchun xayriya yig‘ishni taklif qilishgan.
- Admiralteysk rayoni Podolskaya ko‘chasi, 39-uydagi yong‘in 25 aprel kuni ertalab soat 06:30 da ro‘y bergandi — olov binoning ikkinchi va uchinchi qavatlariga tarqalgan. Olimjon Ibrohimov yong‘in paytida fasaddagi trubadan uchinchi qavatga ko‘tarilib, bir necha kishini qutqarib qolgan. Guvohlar tomonidan olingan videoda u odamlarni avvaliga yong‘indan karnizga olib chiqqani, shundan so‘ng ular Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv zinapoyasidan pastga tushishga muvaffaq bo‘lganini ko‘rish mumkin. Besh qavatli binodan jami 10 kishi evakuatsiya qilingan, yong‘inni o‘chirishga beshta o‘t o‘chirish mashinasi hamda 22 nafar qutqaruvchi jalb etilgan.