Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi
Markaz qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini o‘zlari tarbiyalash imkoniyatini berish orqali yordamlashadi.
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tashabbusi bilan Qozog‘istonning “Ana Uyі” jamoat fondi hamkorligida Toshkentda “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi.
Agentlik xabariga ko‘ra, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi va “Ana Uyі” ijtimoiy loyihasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Hamkorlikning maqsadi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy va ikkilamchi yetimlikning oldini olishdagi tajriba va metodologik ko‘nikmalar almashishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Birinchi “Ona uyi” ijtimoiy markazi 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin. Ikkinchi bosqichda “Ona uyi” natijalari asosida hamda O‘zbekistonning ma’lum bir mintaqasi ehtiyojlariga qarab loyihani mamlakat bo‘ylab kengaytirish belgilangan.

Markaz qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini o‘zlari tarbiyalash imkoniyatini berish orqali yordamlashadi. Bu yerda ularga ma’naviy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birgalikda, “Ona uyi” loyihasi doirasida markazda yashovchi onalarni kasbiy tayyorlash dasturi amalga oshiriladi. Kelgusida “Ona uylari”da tikuvchilik ustaxonalarini ochish, onalarga turli mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim berish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
16:26 / 27.05.2025
Markaziy Osiyoning eng yaxshi shahri aniqlandi
14:30 / 27.05.2025
Poytaxt bosh rejasi interaktiv xaritada: unda nimalar aks etgan?
11:16 / 24.05.2025
Toshkentda 22 yoshli yigit ko‘chada tanishini pichoqladi
09:39 / 23.05.2025