O‘zbekiston | 10:00 / 01.05.2024
7470
4 daqiqa o‘qiladi

“Yangi O‘zbekiston“ universiteti talabalari dunyoning birinchi raqamli oliygohida amaliyot o‘taydi

Foto: “Yangi O‘zbekiston“ universiteti

“Yangi O‘zbekiston“ universiteti tashkil etilgan yildanoq dunyoning birinchi raqamli oliygohi Massachusets texnologiya instituti bilan uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shu asosda yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish va xodimlar malakasini oshirib borish yo‘nalishlarida yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Hamkorlik doirasida:

1.    Yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish;

2.    Xodimlar malakasini oshirish;

3.    Amaliy mashg‘ulotlar o‘tish ko‘zda tutilgan.

Belgilangan talablar bo‘yicha AQSh oliygohi vakillaridan iborat tanlov komissiyalari faoliyati tashkil etilgan bo‘lib, “Yangi O‘zbekiston“ universitetiga professor-o‘qituvchilarni ishga jalb qilishning 3 bosqichli shaffof tizimi yaratildi. Mazkur tizimga asoslangan holda 500 nafardan ortiq nomzodlar ko‘rib chiqilib, oliygoh talabi asosida 38 nafar professor-o‘qituvchi ishga jalb qilingan.

Massachusets texnologiya instituti tomonidan tashkil etilgan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion ekotizimni yaratish, o‘quv reja va fan dasturlarini ishlab chiqish kabi yo‘nalishidagi mahorat darslarida “Yangi O‘zbekiston“ universiteti xodimlari tizimli ravishda ishtirok etishi yo‘lga qo‘yilgan. Bugunga qadar 18 nafar xodim va professor-o‘qituvchi qayd etilgan darslarda ishtirok etib, o‘z malakasini oshirdi.

Bu kabi mahorat darslari qamrovini keskin oshirish maqsadida, joriy yilning 29 aprel – 2 may kunlari “Yangi O‘zbekiston“ universitetida ta’lim boshqaruvi, zamonaviy pedagogik o‘qitish metodikalari, mustaqil ta’limni rivojlantirish va samarali tadqiqot olib borish kabi qator yo‘nalishlarida mahorat darslari tashkil etilmoqda.

Mahorat darslari Massachusets texnologiya institutining quyidagi mutaxassislari tomonidan olib boriladi:

– Vijay Kumar – vitse-prezidenti katta maslahatchisi;

– Jon Brizon – Plazma fanlari va termoyadro kafedrasi boshlig‘i va “MIT-SUTD” hamkorlik markazi direktori;

– Josef Deyron – liderlik va ijtimoiy fanlar olimi;

– Katerina Bagiati – STEM ta’lim dasturi bo‘yicha bosh tadqiqotchi olim;

– Juliya Reynolds – “Jameel World Education Lab” direktor o‘rinbosari.

Darslarning asosiy qismi guruhlarga bo‘linib, amaliy mashg‘ulotlar orqali real keyslar asosida o‘tkaziladi.

Shu bilan birgalikda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha MIT J-WEL bilan kelishuv imzolandi va “Yangi O‘zbekiston” universiteti MIT J-WEL’ning Markaziy Osiyodagi eng yaqin strategik hamkori sifatida e’tirof etildi.

Endilikda “Yangi O‘zbekiston“ universiteti talabalari dunyoning 1-raqamli oliygohida amaliyot o‘tash va malaka oshirish imkoniga ega bo‘lishadi.

Bunda talabalar MIT professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etiladigan darslarda ishtirok etishlari, ilmiy tadqiqotlar olib borishlari, o‘z loyihalarini yanada rivojlantirishlari va MIT laboratoriyalarida eksperimentlar o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston“ universiteti professor-o‘qituvchilari almashinuv dasturi bo‘yicha MIT’da tajriba o‘tashadi.

Bunga ko‘ra professor-o‘qituvchilar MIT tadqiqotchi olimlari bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borishlari, turli o‘qitish metodlari bo‘yicha tajriba almashishlari, MIT ma’lumotlar bazasidan foydalanishlari va turli o‘quv seminarlarini birgalikda tashkil etishlari mumkin bo‘ladi. Mahorat darslariga 50 nafar “Yangi O‘zbekiston“ universiteti, 200 nafar boshqa oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari jalb qilingan.

Mavzuga oid