Jahon | 14:55 / 02.05.2024
4805
3 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiya Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzyapti

Kolumbiyaning so‘lchi prezidenti Petro Mehnat kunida tarafdorlari oldida so‘zlagan nutqida, Isroilni falastinliklarga qarshi genotsidda ayblab, bu butun insoniyatga tahdid solishini ma’lum qildi. Isroil TIV bu bayonotni keskin qoraladi.

Gustavo Petro Foto: Karen Toro/REUTERS

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Isroil hukumatini falastinliklarga qarshi genotsidda ayblab, u bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qildi. Agar Falastin xalqi halok bo‘lsa, butun insoniyat halok bo‘ladi, dedi u 1 may, chorshanba kuni Bogota shahrida Xalqaro mehnat kuni munosabati bilan qilgan chiqishida. «Va biz uning o‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi so‘l partiyalar koalitsiyasidan bo‘lgan siyosatchi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil bilan aloqalar 2 may kuni uziladi.

Bunga javoban Isroil rasmiylari Kolumbiya prezidentining bayonotlarini keskin qoraladi. Tarix u noto‘g‘ri tomonni egallaganini hali ko‘rsatadi, deya ma’lum qildi Isroil TIV. Idora boshlig‘i Israel Kats Petroni «HAMAS qotillari va zo‘ravonlarini mukofotlashni» va’da qilgan «antisemit» deb atadi.

Kolumbiya JARning Isroilga qarshi da’vosini qo‘llab-quvvatlayapti

2023 yil 7 oktyabrda HAMAS guruhi tomonidan Isroilga qilingan hujum va javob operatsiyasi boshlanganidan so‘ng Petro Isroil hukumati harakatlarini tanqid qilib, ularni falastinliklarga qarshi genotsidda aybladi. Bundan tashqari, u ilgari Kolumbiyaga eng yirik qurol yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lgan Isroildan qurol sotib olishni to‘xtatdi. 

Siyosatga kirishidan oldin Petro M19 partizan guruhining a’zosi edi, u tarqatib yuborilishidan oldin, boshqa narsalar qatori, Isroil muassasalariga hujumlar uyushtirgan. 2022 yilning yozidan beri hokimiyat tepasida turgan prezident hozirda saylovchilar orasida past reytingga ega. Braziliya bilan birgalikda Kolumbiya Haagadagi Xalqaro jinoiy sudda Isroilga qarshi JAR tomonidan boshlangan sud jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid