10 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Sovg‘aga uy olgan urush faxriysi, prezident huzurida ipakchilikni rivojlantirish muhokamasi, test sinovlaridagi o‘zgarishlar va noqonuniy poyga qurboni bo‘lgan avtobloger - o‘tgan sutka davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
Sirdaryolik urush faxriysiga uy sovg‘a qilindi
Sirdaryo hokimi Akmal Mahmudaliyev prezident topshirig‘iga ko‘ra urush qatnashchisiga uy sovg‘a qildi.
101 yoshli O‘skan Hojimanov ayni paytda davolanayotgani bois, xonadon uning kelini va nabiralariga topshirildi. Hokim hospitalda ham bo‘lib, otaxonni tabrikladi, yangi xonadon hujjatlari va kalitini berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik hospitaliga borib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olgandi.
Jumladan, prezident Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidan bo‘lgan 101 yoshli O‘skan Hojimanov bilan suhbatlashib, uning iltimosiga binoan otaxonga uy sovg‘a qilmoqchiligi ma’lum bo‘lgandi.
Pillachilik rivojlantiriladi
O‘zbekistonda yangi tutzorlar uchun 105 ming gektar ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zi raisligida mahalliy sanoat tarmog‘idagi ichki imkoniyatlarni safarbar etish orqali aholini ishli va daromadli qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida hokimlarga topshiriq berdi.
Yig‘ilishda sohaga ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi va innovatsiyalari kirib kelmagani hisobiga urug‘dan pilla olishda yo‘qotishlar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, dunyoda ipak mahsuloti importini 45 foizi to‘g‘ri kelayotgan Yevropa bozoriga chiqish muhimligi qayd etildi.
Eksportda ipakdan tayyor mahsulot ulushini, jumladan, pillani chuqur qayta ishlab, tayyor ipak mahsulotlari, mato va uy tekstili ishlab chiqaradigan quvvatlarni ko‘paytirish zarurligi, pillachilik uchun ozuqa bazasi bo‘lgan tutzorlarda yangi navli hosildor tut ekishini kengaytirish muhimligi, mavjud 1 mln gektarga yaqin paxta maydoniga bir-ikki qatordan tut ekilsa, 50-60 ming tonna ozuqa zaxirasini shakllantirish mumkinligi qayd etildi.
Ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha imzolangan prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25 foizga oshirildi. Shuningdek, pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer solig‘ining 10 foizi to‘lanadi.
Yig‘ilishda ipak olishning muqobil usullarini yo‘lga qo‘yish kerakligi ham ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Xitoyda kanakunjut qurtini parvarishlab, ipak olish keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu yangi yo‘nalishni mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib tatbiq qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
O‘zbekistonga qaytayotgan migrantlar
Joriy yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaro qaytib kelgan. Yil oxirigacha yana 250-300 ming nafari qaytishi kutilmoqda.
Prezident mutasaddilarga migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda mehnat qilayotgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarga ko‘maklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Abituriyentlar uchun yangilik
Oliygohlarga kirish test imtihonlari topshirilgach, yo‘nalish tanlash uchun abituriyentga 10-15 kun vaqt beriladi.
Bilim va malakani baholash agentligining qayd etishicha, avval test, keyin yo‘nalish tanlash tartibining texnologik nizomi ishlab chiqilyapti, tez orada e’lon qilinadi. Tayyor bo‘lgach, tartib tushunarli roliklar tarzida abituriyentlarga taqdim etiladi. Mas’ullarga ko‘ra, yo‘nalish tanlash uchun abituriyentga 10-15 kun vaqt berilishi mumkin.
Yangi tartibning qanday bo‘lishini Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori o‘rinbosari Farhod Mirzayev tushuntirib berdi. Mirzayev jarayonda hech qanaqa katta o‘zgarish bo‘lmasligi, bolalarning o‘qishiga ularning tayyorlanishiga yoki ro‘yxatdan o‘tishiga ta’sir yo‘qligini bildirdi.
Mas’ulga ko‘ra, jarayon 2 bosqichda bo‘ladi. Birinchisida abituriyentlar xuddi oldingidek onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Unda fanlar majmuasi, til va hududlar tanlanadi.
Noqonuniy avtopoyga qurboni bo‘lgan avtobloger
Toshkentda avtomobillarning noqonuniy poygasi oqibatida bir kishi vafot etdi. Marhum avtobloger bo‘lgani aytilmoqda.
Sergeli tumanidagi avtotyuning ustaxonasi qarshisida yuqori tezlikda harakatlangan Kia avtomobilining 24 yoshli haydovchisi 27 yoshli avtotyuning instablogini yurituvchi blogerni urib yuborgan. U shifoxonada vafot etgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda bloger ikki mashina o‘rtasida uyushtirilgan poyga yo‘lagida qolib ketganini ko‘rish mumkin.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzishga oid 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.
Ob-havo ma’lumoti
Yomg‘irli va salqin kunlar o‘tib, yakshanba kuni O‘zbekistonda havo isiydi, yog‘ingarchilik to‘xtashi kutilmoqda.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, shanba kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi, harorat +19…+23 daraja atrofida bo‘ladi. Yakshanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda va harorat +28 darajagacha ko‘tariladi.
Faqat respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Harorat shanba kuni +19…+23, yakshanba kuni +24…+28 daraja atrofida, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +29…+33 darajagacha ko‘tariladi.
Mavzuga oid
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024