Raqobat qo‘mitasi vakili poyezd chiptalari narxlari o‘zgarganiga munosabat bildirdi
Qo‘mita mas’uli Ixlos Rohatov temiryo‘lda narxlarni davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingani, “O‘zbekiston temir yo‘llari” yangi poyezdlarni kreditlar hisobiga sotib olgani, narxlar o‘zgarishi ana shu qarzlarni qaytarish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi.
“O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasi yil boshidan buyon ikki marta temiryo‘l chiptalari narxini oshirdi. Kun.uz tabiiy monopoliya sub’yekti hisoblanuvchi bu kompaniya nima sababdan qisqa vaqt ichida narxlarni ikki marta oshirgani va shunga qaramay sifatda deyarli o‘zgarish bo‘lmagani borasida Raqobat qo‘mitasining pozitsiyasini so‘radi.
Qo‘mitaning tabiiy monopoliyani tartibga solish bo‘limi bosh mutaxassisi Ixlos Rohatovning aytishicha, tezyurar poyezd chipta narxlari oshishi prezident qarori yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinishi bilan bog‘liq.
“329-sonli prezident qarori bilan transformatsiya jarayonlari amalga oshirildi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ ma’lum bir sohalarga bo‘lindi. Ya’ni “Temiryo‘l infratuzilma”, “O‘ztemiryo‘l yo‘lovchi” AJ kabi bir nechta tashkilotlarga bo‘lindi. Bu jarayonda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlar [chiptalari uchun narx belgilash] davlat nazoratidan chiqarilgan. Bu xizmatlar tabiiy monopoliya sub’yekti hisoblanmaydi va shu soxada nazorat qilinmaydi, ular erkin bozor ishtirokchisi sifatida faoliyat yurita boshladi.
Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning shartnomaviy huquqiy bazasi to‘g‘risidagi qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yildagi 54-sonli qarori bor, unda aytilganki, narxlarni tartibga solish, shakllantirish bo‘yicha alohida normativ huquqiy hujjatlar bor. O‘sha hujjatlar bo‘yicha faoliyatini ko‘rsatadi”, – dedi u.
Qo‘mita mas’ulining aytishicha, so‘nggi yillarda olib kelingan poyezdlar kredit hisobiga sotib olingani bois, bu summalarni qoplash kompaniya zimmasiga tushgan.
“Xabaringiz bor, so‘nggi 7 yilda temiryo‘l sohasida ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Yangi poyezdlar kirib keldi, bu yangi tezyurar poyezdlar hammasi kreditga olingan. Juda katta summada investitsiya kiritilgan. Shu summalardan kelib chiqib yangi narxlarni belgilagan bo‘lishi mumkin.
Xo‘jalik sub’yekti alohida sub’yekt bo‘ldi. Vagonlar, tegishli infratuzilma, hammasi ularning balansiga berilgan. Uning summalarini qaytarish ham jamiyatning zimmasida. Aynan o‘sha sub’yektlarga davlat subsidiya berishi bekor qilindi. Endi o‘sha sohalarda xo‘jalik yurituvchi sub’yekt o‘z narxlarini o‘zi tartibga solishi belgilandi. Davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatildi. O‘zini o‘zi xarajatlarini qoplash maqsadida”, – dedi Ixlos Rohatov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, xo‘jalik yurituvchi sub’yekt iste’molchilarga ko‘rsatayotgan xizmatlar sifatsiz bo‘lsa, iste’molchilarni kamsitishga olib kelsa, murojaatlarga asosan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat to‘g‘risidagi qonunlar bilan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan Raqobat qo‘mitasi o‘rganish olib boradi.
Shu bilan birga, Raqobat qo‘mitasi narxlar masalasini qo‘shimcha o‘rganayotgani ta’kidlandi.
Mavzuga oid
14:25 / 29.10.2024
Davr bank jarimaga tortildi – Raqobat qo‘mitasi
14:06 / 26.10.2024
Taom yetkazib berish xizmatlari bozori monopollashdi
12:48 / 21.10.2024
“700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining 75 foizida taomnoma o‘zbek tilida emas” – Raqobat qo‘mitasi
08:30 / 10.10.2024