Jahon | 21:22 / 26.05.2024
11722
2 daqiqa o‘qiladi

Doha–Dublin reysida turbulentlik sabab 12 kishi jarohatlandi

Qatar Airways'ning Dohadan Dublinga uchgan reysi Turkiya osmonida turbulentlikka uchrashi natijasida 6 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi jarohatlandi. Samolyot manziliga qo‘ngach, 8 kishi shifoxonaga olib ketilgan. Bundan 5 kun oldin Singapore Airlines'ning London–Singapur reysi turbulentlikka uchrab, 73 yoshli yo‘lovchi vafot etgandi.

Foto: Edgar Su / Reuters

Bugun, 26 may kuni Qatar poytaxti Dohadan Irlandiya poytaxti Dublinga uchgan samolyot kuchli turbulentlikka uchradi. Natijada manzil-aeroportda reysdagi kishilardan 8 nafari shifoxonaga olib borilgan. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

Voqea Qatar Airways aviakompaniyasining Boeing B787-9 rusumli samolyotida yuz bergan.

Dublin aeroporti axborotiga ko‘ra, samolyot Turkiya uzra uchib o‘tayotganida turbulentlikka tushib qolgan, bundan 6 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosi jarohat olganini bildirgan. Samolyot qo‘ngach, ulardan 8 nafari shifoxonaga olib borilgan.

Reysning Pol Mokk ismli yo‘lovchisi irland televideniyesiga bergan intervyusida aytishicha, odamlar turbulentlik to‘lqini sabab boshini samolyot shiftiga urib olgan, oziq-ovqat va ichimliklar hammayoqqa sochilib ketgan. U keyinroq ekipaj a’zolarini bint bog‘lagan holda, oqsoqlanib yurganini ko‘rgan.

Qatar Airways o‘z bayonotida yo‘lovchilar va ekipaj a’zolaridan bir necha nafari “kichik jarohatlar” olgani, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani, masala bo‘yicha ichki surishtiruv o‘tkazilishini bildirdi.

Bu voqea Singapore Airlines'ning London–Singapur reysida turbulentlik sabab bir yo‘lovchi halok bo‘lganidan 5 kun o‘tib sodir bo‘ldi. 73 yoshli pensiyadagi sug‘urta mutaxassisi bo‘lgan bu yo‘lovchi Singapur orqali Avstraliyaga ta’tilga ketishayotgan bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra, unda yurak xastaligi bo‘lgan, shu sababli turbulentlik paytida yurak hurujidan vafot etgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid