Jahon | 10:54 / 11.06.2024
9049
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh chegarachilariga o‘zbekistonlik noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish buyurildi

O‘zbekiston, Rossiya, Gurjiston, Moldova, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan noqonuniy migrantlar Kaliforniya chegarachilari tomonidan zudlik bilan deportatsiya qilinishi kerak, deb yozadi NYP. Boshqa noqonuniy muhojirlarga Qo‘shma Shtatlarga kirishga ruxsat berilishi mumkin, ammo ular boshpana so‘rab murojaat qila olmaydi.

Foto: Fox News

Kaliforniyadagi chegara xodimlariga O‘zbekiston, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Gurjiston va Moldovadan kelgan hujjatsiz muhojirlarni zudlik bilan deportatsiya qilish buyurildi, deb xabar bermoqda Fox News va The New York Post (NYP) chegara xizmati agentlariga yuborilgan eslatmaga tayanib. 

Hujjatda aytilishicha, chegarani noqonuniy kesib o‘tayotgan boshqalar AQShda sud tayinlanganidan keyin ozod qilinishi mumkin, ammo ular boshpana so‘rab murojaat qila olmaydi. Bu haqda NYP’ga chegara xizmatidagi manba ma’lum qildi.

Bojxona va chegaralarni himoya qilish xizmati Fox News telekanaliga buyruq faqat San-Diyego sektoriga tegishli ekanligini tasdiqladi, u hozirda noqonuniy migratsiya uchun eng gavjum hudud hisoblanadi. 

NYP ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z mamlakatiga, shu jumladan Meksika va Qo‘shma Shtatlar bilan deportatsiya bo‘yicha kelishuvga ega bo‘lgan boshqa davlatlarga qaytarilishidan «o‘rinli qo‘rquvi» bor deb topilganlar ham sud sanasi belgilanishi bilan ozod qilinishi mumkin. Biroq, ularga ham boshpana so‘rashga ruxsat berilmaydi. 

Bayden Meksika chegarasida noqonuniy muhojirlarga boshpana berishga taqiq joriy qildi 

Ushbu ko‘rsatmalar AQSh prezidenti Jo Baydenning noqonuniy migrantlar shtatlardan boshpana so‘rashini taqiqlovchi farmoni fonida kelib tushgan. Hujjatga ko‘ra, ular o‘z mamlakatlariga tezkorlik bilan deportatsiya qilinadi. Ushbu chora AQSh-Meksika chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan muhojirlarning o‘rtacha soni kuniga 1500 kishidan kamayguniga qadar kuchda qoladi. 

Hujjatda yoshi kattalar orasida hamrohi bo‘lmagan migrant bolalar, sog‘lig‘i yoki xavfsizligi jiddiy tahdid ostida bo‘lgan kishilar va odam savdosi qurbonlari uchun istisnolar nazarda tutilgan, deb xabar berdi Reuters. 

NYP chegara patrul xizmati ma’lumotlariga tayanib yozishicha, o‘tgan dam olish kunlari janubiy chegarani 10 mingdan ortiq muhojir kesib o‘tgani qayd etilgan. 

Mavzuga oid