O‘zbekiston | 14:29 / 18.06.2024
3942
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yangi yo‘nalishda aviaqatnov ochildi

Sian-Samarqand-Sian yo‘nalishida yangi aviaqatnov ochilib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazildi.

Foto: "Dunyo" AA

Shensi provinsiyasining Sian shahrida Zhejiang Loong Airlines aviakompaniyasining Sian-Samarqand-Sian yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoziga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo".

Marosimda Xitoyning 20 ga yaqin sayyohlik kompaniyalari, 30 ga yaqin madaniyat va turizm sohasi hamda 10 dan ziyod ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Siandagi xorijiy diplomatiya vakolatxonalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zaro kelishuvlar ijrosi doirasida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida ayni vaqtga kelib, ikki mamlakat o‘rtasidagi parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazildi.

Ushbu parvozlar Uzbekistan Airways, Zhejiang Loong Airlines, China Southern Airlines aviakompaniyalari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, amalga oshirilayotgan reyslar Pekin-Toshkent o‘rtasida 7 ta, Urumchi-Toshkent o‘rtasida 5 ta, Sian-Toshkent o‘rtasida 3 ta, Chendu-Toshkent o‘rtasida 3 ta va Sian-Samarqand o‘rtasida 2 ta ekanligi ma’lum qilindi.

Tadbir so‘nggida Xitoy tomoni bilan mazkur yo‘nalishdagi tizimli ishlarni izchil davom ettirishga xususan, sohaga oid shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirgan holda yaqin kelajakda ikki mamlakat o‘rtasidagi parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib olindi.

Mavzuga oid