O‘zbekiston | 21:24 / 21.06.2024
6756
7 daqiqa o‘qiladi

21 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar

Yakunlangan kun O‘zbekistonda qator voqealar bilan yodda qolmoqda. Quyida ularning asosiylarini keltirib o‘tamiz.

Tayinlovlar kuni 

Bugun, 21 iyun kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston bosh prokurori lavozimiga nomzod ko‘rib chiqildi va senatorlar 2019 yildan beri shu lavozimda ishlab kelayotgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev nomzodini ma’qullashdi. U yana keyingi besh yil mobaynida bosh prokuror bo‘ladi

Yalpi majlisda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini saylash masalasi ham ko‘rib chiqildi. 

Senatorlar Xalilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayevni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimiga sayladi. U 2021 yilning yanvaridan Oliy sud raisining o‘rinbosari — fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi sifatida ishlab kelayotgandi. 

Bugun shuningdek bosh vazir Abdulla Aripov yangi lavozimlarga tayinlangan va tasdiqlangan nomzodlarni hukumat a’zolariga tanishtirdi

Unga ko‘ra, Abduvaqqos Vohidovich Rafiqov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi; Azim Isroilovich Ahmadxo‘jayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori;

Olimjon Muhammadjonovich Umarov Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari; Jamshid Yunusovich Tursunov Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangan. 

«O‘zsuvta’minot»da ham yangi rahbar paydo bo‘ldi. Ahmad Suvonqulov «O‘zsuvta’minot» boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U bungacha Surxondaryo viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori bo‘lib ishlab kelayotgandi. 

Ma’lumot uchun, «O‘zsuvta’minot» rahbarligi 2023 yil iyul oyida Dilshod Azimovga topshirilgandi. U 2024 yil may oyida lavozimidan ozod etilgandi. 

IIB binosida yana bir o‘lim 

IIB binosiga olib ketilgan shaxs o‘limi bilan bog‘liq navbatdagi holat ro‘y berdi. 19 iyun kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida sud zalida janjal ko‘targan fuqaro IIB binosiga olib borilganidan so‘ng hushidan ketgan. Viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, u shifoxonaga yetkazilganda vafot etgani ma’lum bo‘lgan. 

43 va 46 yoshli aka-ukalar qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanayotgan 33 yoshli ukasining sud majlisiga borgan. Ular ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, zalda janjal ko‘targan va jamoat tartibini buzgan. 

Boshqarma xabariga ko‘ra, shu vaqtda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. 

Chaqiruvga asosan IIBning 3 nafar profilaktika inspektori yetib kelgan va janjal bartaraf qilingan. Huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan. 

IIB binosiga kirish yo‘lagida 43 yoshli erkakning sog‘lig‘i yomonlashib, u hushini yo‘qotgan. Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida u vafot etgani aniqlangan, deyiladi xabarda. 

O‘lim sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov hozirda voqea sodir bo‘lgan joylarda mavjud bo‘lgan barcha videoyozuvlar olinganini, guvohlar hamda voqea ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tekshirilayotganini ma’lum qilgan. 

«Ichki ishlar organlari bilan bog‘liq holatda odam vafot etishi, yuzaga kelgan vaziyatdan qat’i nazar, favqulodda holat sifatida ko‘riladi va voqeaning barcha ishtirokchilarini, shu jumladan, har bir xodimning harakatlari sinchkovlik bilan, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanadi», — deya izoh berdi vazirlik vakili. 

Bog‘chalardagi zo‘ravonlik 

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning turli hududlari bo‘ylab maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarga tarbiyachilar tomonidan kuch ishlatilishi bilan bog‘liq holatlar ko‘payib ketdi. Shunday holatlardan biri 20 iyun kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida ro‘y bergan

Tarmoqlarda tarqalgan videoda 16-sonli bog‘chada tarbiyachi bolalarni haqoratlab, urgani aks etgan. Kadrlarda tarbiyachi oyoq kiyim bilan bolalarning qo‘liga, oyog‘iga va yuziga bir necha marta urgani, tarsaki tushirgani hamda qulog‘idan cho‘zganini ko‘rish mumkin. 

Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining holat yuzasidan bergan izohida ishchi guruh tuzilib, holat o‘rganilgani va tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo‘shatilgani ma’lum qilingan. Xizmat tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda. 

Bungacha Toshkent shahrida bolaning qo‘lini ko‘kartirgan, Andijonda sherigini urgan bolani kaltaklagan va Xorazmda tarbiyalanuvchilarga tarsaki tushirgan tarbiyachilar ishdan olingani haqida xabar berilgandi. 

Toshkentda yana yong‘in 

Jazirama kunlarda hadeganda qayerdadir yong‘in chiqmoqda. Goh yo‘llarda avtomobillar yonib ketadi, goh bozor olov ichida qoladi. 21 iyun kuni esa Toshkent shahridagi restoranlardan birida yong‘in sodir bo‘ldi. 

Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berishicha, Uchtepa tumani Katta Qani ko‘chasida joylashgan restoranlarning birida yong‘in bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. 

4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borgan va olovni o‘chirgan. 

Yong‘in natijasida restoran hududining gaz taqsimlash xonasida bo‘lgan gaz taqsimlash uskunasi va taxta bo‘laklari yongani aniqlangan. 

Jarohatlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. 

Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizdan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishni so‘rab qolamiz.

Mavzuga oid