27 iyunning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqea-hodisalar
Prezident Jizzaxda konveyerdan chiqqan ilk elektromobillarga dastxat qo‘ydi. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining JCh yo‘lidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi. Yoz jaziramasi poyezdlar harakatini sekinlashtirdi — 27 iyun kuni Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Jizzaxda ilk BYD konveyerdan chiqdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga tashrifi davomida elektromobil ishlab chiqaruvchi BYD zavodida bo‘lib, zavodda ishlab chiqarilgan ilk elektromobillarga imzo qo‘ydi.
Bu yerda BYD'ning Chazor va Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda. Birinchi bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 50 mingta elektromobilni tashkil etadi. So‘nggi uchinchi bosqichda bu ko‘rsatkichni 500 ming donagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Mahalliylashtirish darajasini ham bosqichma-bosqich oshirib borish rejalashtirilgan. Avvaliga bamper, oyna, lak-bo‘yoq, plastik qismlarni ham o‘zimizda tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, keyinchalik esa akkumulyator, elektr dvigatel, alyuminiy qismlar, shinalar va o‘rindiqlarni ham ishlab chiqarishga o‘tiladi.
Futbol. O‘zbekistonning JCh yo‘lidagi raqiblari
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati saralashining 3-bosqichidagi raqiblarini bilib oldi. Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston – Eron, Qatar, BAA, Qirg‘iziston va KXDR bilan bir guruhdan joy oldi.
Jami 3 ta guruhga bo‘lingan Osiyo jamoalari mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun o‘z guruhida 1- yoki 2-o‘rinni egallashi talab etiladi. 3- va 4-o‘rin egalari esa 4-bosqichda kurashni davom ettirishiga to‘g‘ri keladi. Bu safargi Jahon chempionatiga Osiyo uchun 8,5 ta yo‘llanma berilgan.
O‘zbekiston bu bosqichni 5 sentabr kuni o‘z maydonida Shimoliy Koreyani qabul qilishdan boshlaydi. Srechko Katanets shogirdlari 10 sentabrda Qirg‘izistonda mehmon bo‘ladi, 10 va 15 oktyabr kunlari Eron va BAAni qabul qiladi. Noyabr oyida esa Qatar va KXDRga safar uchrashuvlari kutmoqda. Yana to‘rtta uchrashuv kelasi yil mart va iyun oylariga belgilangan.
Toshkentda 5 bolali pedofil ushlandi
Toshkentda 11 yoshli qizni muntazam zo‘rlab kelgan erkak qo‘lga olindi. Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, 31 yoshli erkak o‘zi oilali va 5 farzandning otasi bo‘la turib, bloger niqobi ostida boshqa bir erkak bilan rasmiy nikohi bekor qilinmagan ayolni o‘ziga ikkinchi xotin qilib olgan. Shu bilan ham qoniqmay, ikkinchi xotinining voyaga yetmagan qizini ham muntazam zo‘rlab kelgan.
A.K. ismli pedofil rad etib bo‘lmas dalillar bilan qo‘lga olingani aytilmoqda. U 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Jabrlanuvchi qizga esa Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan zarur tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilyapti.
Bekobodda ichki ishlar xodimi qamoqqa olindi
Bekobodda fuqaroning IIB binosida vafot etgani holati bo‘yicha bir nafar ichki ishlar xodimi qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi. Gumondorning shaxsi va lavozimi ochiqlanmayapti, jami necha nafar ichki ishlar xodimi tergovga jalb etilgani ham ma’lum emas.
43 yoshli erkak Bekobod shahar IIB binosida 19 iyun kuni vafot etgandi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, IIB binosiga kirish yo‘lagida uning sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan, keyin shahar shifoxonasiga olib borilganida vafot etgani ma’lum bo‘lgan.
Marhumning akasi Dilmurod Yusupvaliyevning Kun.uz'ga aytishicha, IIB xodimlari uni va ukasini kaltaklashgan. U ukasini tepkilagan xodimlar soni 5-6 nafar bo‘lganini aytgandi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov voqeaning barcha ishtirokchilari, xususan har bir xodimning harakatlari xolisona o‘rganilishini bildirgan.
Yoz jaziramasi poyezdlarni sekinlashtirdi
Jazirama ob-havo tufayli O‘zbekistonda poyezdlar harakati sekinlashtirildi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasining ma’lum qilishicha, harorat ko‘tarilishi natijasida yer usti temiryo‘llarining relslari va ularning po‘lat qismlarida harorat juda yuqori bo‘ladi, shu sababli harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatilmoqda.
Rasmiylar tezlik cheklovi natijasida poyezdlar harakat jadvalidan kechikib harakatlanishi, poyezdlarda sovitish tizimining ishlash quvvati pasayishi mumkinligini ma’lum qildi. Kompaniya anomal issiq tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.
Issiq ob-havo sharoiti, shuningdek, Toshkent shahrida yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘i hududida yong‘inni keltirib chiqardi. Buning natijasida Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur va Toshkent tumanlaridagi ko‘plab mahallalar 2 soatdan ko‘proq vaqt davomida elektrsiz qoldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi e’lon qilgan suratlarda yuqori voltli tarmoqlarning ostidagi hududlarda o‘t-o‘lanlar yonib ketganini ko‘rish mumkin. Kompaniya aholidan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining muhofaza hududlarida ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘radi.
27 iyun – OAV xodimlari kuni
Bugun – O‘zbekistonda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Bundan 118 yil oldin, 1906 yil 27 iyunda Toshkentda birinchi milliy nashr – “Taraqqiy” gazetasining ilk soni chop etilgan. Bu sana 1995 yildan buyon O‘zbekistonda jurnalistlarning kasb bayrami sifatida nishonlab kelinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida jurnalistlarning davlat idoralari va amaldorlar ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdagi o‘rnini e’tirof etdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, OAVdagi tanqidiy materiallar mudrab o‘tirgan mutasaddilarni uyqudan uyg‘otmoqda. Bugungi kunda jurnalistlar faoliyati mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
19:45 / 15.11.2024
15 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
21:12 / 14.11.2024
14 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
20:58 / 13.11.2024
13 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:01 / 12.11.2024