Jahon | 20:51 / 05.07.2024
10809
4 daqiqa o‘qiladi

Rostov va Primorsko-Axtarskka dronlar hujum qildi

Neftni qayta ishlovchi zavod va ko‘p qavatli bino zarba ostida qolgan. Bir bola halok bo‘lgan, jarohatlanganlar bor.

Ukrainaning pilotsiz uchish qurilmalari 5 iyulga o‘tar kechasi Krasnodar o‘lkasidagi Primorsko-Axtarsk shahriga hujum uyushtirdi, deb xabar qiladi region gubernatori Veniamin Kondratev. Primorsko-Axtarsk Azov dengizi sohilida joylashgan. Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini muntazam ravishda Primorsko-Axtarskdan Ukraina tomon dronlar uchirib kelmoqda.

Gubernator Rossiyaning havo hujumidan mudofaa kuchlari shahar ustida bir necha dronni urib tushirganini xabar qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, urib tushirilgan dronlarning parchalari qulashi oqibatida shahardagi fuqarolik obektlari, xususan, uch qavatli ko‘p kvartirali uy hamda shaharning kattagina qismini elektr bilan ta’minlovchi elektr nimstansiyasi shikastlangan.

Telegram-kanallarda shikastlangan uy aks etgan kadrlar tarqalgan.

Shuningdek, telegram-kanallar turar joy binosi hamda elektr nimstansiya hududidagi portlashlar aks etgan videolarni namoyish etgan.

Avvaliga Kondratev olti kishi, jumladan ikki bola jarohatlangani haqida xabar bergandi. 5 iyul kuni o‘lka rahbari aniqlik kiritib, jarohatlanganlardan biri, olti yoshli qizcha shifoxonada vafot etganini ma’lum qildi.

Rostov-Don shahri ham dronlar zarbasiga uchragan, Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubev hududda havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlagani haqida xabar bergan. «Havo hujumi va dronlar qulashi oqibatida Rostovda Don daryosining chap sohilida hamda Azov hududida yong‘inlar yuzaga kelgan», — deya ma’lum qiladi region rahbari. Rasmiylarning dastlabki ma’lumotida jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

Shot telegram-kanaliga ko‘ra, Donning chap sohilida uchta yong‘in o‘chog‘i yuzaga kelgan. Manbaning ma’lum qilishicha, hujum nishoni IES-2 bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mahalliy aholi vakillari bu so‘nggi vaqtlardagi eng keng ko‘lamli hujum bo‘lganini aytishgan.

Astra telegram-kanali tarqatgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Rostovda Novoshaxtinskiy neftni qayta ishlash zavodi filialiga hujum qilingan, u ham Donning chap qirg‘og‘ida joylashgan. Astra yuzaga kelgan yong‘in aks etgan videoni namoyish etgan.

Ukraina qurolli kuchlari hujumi haqida Kursk oblasti rahbari Aleksey Smirnov ham xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainlar raketasi Belovskiy rayonidagi Belaya qishlog‘iga kelib tushgan, natijada musiqa maktabi binosi hamda do‘konlar shikastlangan. Mahalliy aholi vakillaridan hech kim jabrlanmagan.

RF mudofaa vazirligi tasdiqlashicha, 5 iyulga o‘tar kechasi navbatchilikdagi havo hujumidan mudofaa tizimlari Krasnodar o‘lkasida ukrainlarning 14 ta dronini yo‘q qilgan, Rostov oblasti uzra 10 ta dronni ishdan chiqargan yoki urib tushirgan. Bundan tashqari, rossiyalik harbiylar havo hujumidan mudofaa kuchlari Zaporijjya oblasti hududida 26 ta dronni urib tushirgani aytilgan.

RF mudofaa vazirligi muntazam ravishda Ukrainaga pilotsiz uchish qurilmalari bilan hujum qiladi va Ukraina qurolli kuchlarini Rossiya shaharlariga hujum qilishda ayblaydi. Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchukning ma’lum qilishicha, 5 iyulga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Ukrainaga Shaheed rusumli 32 ta dron bilan hujum qilgan, ular Kursk va Primorsko-Axtarskdan uchirilgan. Ma’lum qilinishicha, ukrainlar havo hujumidan mudofaa kuchlari Mikolayiv, Odessa, Xerson, Dnipropetrovsk, Kiyev, Chernihiv va Cherkass oblastlarida 32 dronni urib tushirgan. Rasmiylarga ko‘ra, Kiyev oblasti hududida hujumlar oqibatida oltita xususiy uy va bir avtomobil shikastlangan, yaralanganlar yo‘q. Boshqa regionlardagi hujumlar oqibatlari haqida ma’lumot berilmagan.

Mavzuga oid