O‘zbekiston | 08:03 / 08.07.2024
9257
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qurilish maydonida qimmatbaho daraxtlar kesib tashlandi

Samarqand shahridagi qurilish korxonasi mas’ullari 4 tup qimmatbaho va 1 tup kam qimmatli turdagi daraxtni ildiz qismi bilan qazib tashlab, yo‘q qildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilishi bildirilgan.

Foto: Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi

Samarqand shahridagi qurilish maydonida daraxatlar kesib tashlandi. Bu haqda Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida qurilish ishlarini olib borayotgan “S.Ye.Sh.” MChJ mas’ullari tomonidan hududdagi 4 tup qimmatbaho va 1 tup kam qimmatli turdagi daraxt ildiz qismi bilan qazib tashlab, yo‘q qilingan. Holat Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi Ekologik nazorat inspeksiyasi hamda shahar nazorat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan nazorat reyd tadbiri davomida aniqlangan.

 

Hozirda, daraxtlarning yo‘q qilinishi oqibatida o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan. Holatda jinoyat alomatlari bo‘lganligi uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. 

Avvalroq Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida sotish uchun 5 tup chinorni kesgan 4 kishi qamalgan edi. Sud hukmi bilan ularning ikkitasi 2 yil, ikkitasi 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilgandi.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismiga ko‘ra, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid