Arestovich – qahramonlikdan «Kreml agenti» tamg‘asigacha
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi uch yildan buyon davom etayotgan urushni kuzatayotganlar Oleksiy Arestovich haqida ko‘p eshitgan. Urush boshida Zelenskiy ma’muriyatida maslahatchi bo‘lib ishlagan harbiy, razvedkachi, psixolog va bloger media uchun chiqishlar qilib mamlakat pozitsiyasidan turib gapirardi. U kunlik brifinglarda frontdagi vaziyat haqida ma’lumot berib bordi. O‘zining aytishicha, o‘sha vaqtda uning reytingi faqat Zelenskiynikidan ortda qolayotgan bo‘lgan.
Notiqligi bilan ajralib turadigan Arestovich asta-sekin media olamida yanada ko‘proq namoyon bo‘la boshladi va tez orada huquqshunos Mark Feygin bilan uning YouTube-kanalida urush kundaligi tipidagi jonli efirlar qila boshladi. U frontdagi vaziyat haqida ma’lumot berarkan ukrainaliklarni g‘alabaga ishontirishga intilar, Rossiyaning frontdagi mag‘lubiyatlariga urg‘u berib shu tariqa jamiyatda pozitiv kayfiyat ulashardi.
Arestovich o‘z ishini juda yaxshi uddalar va tabiiyki ukrainaliklar uni yaxshi ko‘rib qolishdi. Axir urushgacha asosan psixologik chiqishlari bilan mashhur bo‘lgan bloger endilikda urushda g‘alaba yaqin degan pozitiv kayfiyat ulashadigan odamga aylangandi. Qizig‘i, Arestovich frontdagi holat haqida ham, Rossiyaning muvaffaqiyatsizligi haqida ham yolg‘onsiz, asl faktlar asosida gapirardi. Qaysi ma’lumotni berishni, qaysi holatga urg‘u berishni mukammal o‘zlashtirgani sabab uning chiqishlarini ko‘rgan ukrainaliklar g‘alabaga ishonardi.
Feygin: «Arestovich Kreml manfaatiga ishlamoqda»
Yaqinda Arestovich bilan 1,5 yil davomida frontdagi voqealar haqida odamlarga ma’lumot berib borgan Mark Feygin sobiq sherigi Aleksey Arestovich xoin ekani, u Kreml manfaatlariga ishlayotgani haqida gapirib qoldi. Bunga isboti borligini ham qo‘shimcha qildi. Xo‘sh, oxirgi bir yilda nima voqea bo‘ldiki, ukrainlarga g‘alaba umidini ulashayotgan salkam mamlakat qahramoniga birdaniga «Kreml agenti» deb qaray boshlashdi?
«Propaganda generallari»ga qarshi yolg‘iz jang
Arestovich urush boshida ukrainlarni tinchlantiruvchi chiqishlar bilan cheklanmay Kiyevning Rossiyaga qarshi eng asosiy axboriy jangchisiga aylandi. Harbiy sohadan mukammal xabari bo‘lgan sobiq razvedkachi rus tilidagi efirlarda Rossiyaning muvaffaqiyatlari yolg‘onligi haqida isbotlar keltira boshlaydi. Uning efirlarini yuz minglab odamlar ko‘rar va ularning katta qismi rossiyaliklar bo‘lgan.
Shu bois Arestovich rus tilidagi chiqishlari bilan tinimsiz Rossiya axborot maydoniga ta’sir o‘tkazardi. U urush boshida ayovsiz jang maydonida Solovev, Skabeva, Simonyan kabi rus propagandachilariga qarshi Kiyev tomonidan yolg‘iz kurashdi deyish ham mumkin va u aytayotgan gaplariga sog‘lom aql sohiblari ishonishi qiyin bo‘lgan bu «rus propagandasi generallari» fonida aqlli, salobatli ko‘rinardi. Bir so‘z bilan aytganda, urushning dastlabki oylarida Oleksiy Arestovich ukrainlar orasida shon-shuhratga ko‘mildi.
Keyinroq esa Ukraina qurolli kuchlari urush haqida ma’lumotlarni o‘zi taqdim etish yo‘liga o‘tdi va qaysidir ma’noda Kiyevning Arestovichga ehtiyoji qolmadi. Ammo Oleksiy bu bilan media olamidan ketmadi va bir qadar erkin formatga o‘tib, Mark Feygin bilan birga urush kundaligini olib bordi. Unga bosh shtabdan maxfiy ma’lumotlar taqdim etilar, kerak bo‘lsa zarur ma’lumotlar aynan uning rus tilidagi efirlari orqali sizdirilardi.
Burilish nuqtasi
2023 yil yanvar oyiga kelib barchasi o‘zgardi. 13 yanvar kuni Rossiya armiyasi Ukraina tomon otgan X-22 tovush tezligida uchuvchi raketasi Dnipro shahridagi turar joy binosiga urilishi oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘ladi. Bu urush boshidan buyon Ukrainaga amalga oshirilgan eng qirg‘inbarot raketa zarbalaridan biri edi.
14 yanvar kuni «Feygin LIVE» kanalidagi chiqishida Arestovich o‘z manbalariga asoslanib, raketa Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi urib tushirishi oqibatida turar joy binosiga qulaganini aytdi. Bu ruslar uchun ayni muddao edi, chunki Kreml shu tariqa qonli zarba uchun mas’uliyatni osongina raketani urib tushirgan Kiyevga to‘nkab qo‘ydi.
Ukraina Qurolli kuchlari tezda bu bo‘yicha raddiya berib, mamlakatda ruslarning tovush tezligida uchadigan raketalarini urib tushiradigan texnika yo‘qligini ma’lum qiladi. Ammo endi kech bo‘lgandi. Rus kanallarda bu bayonot yashin tezligida tarqaladi. Hatto Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ma’lumotni Arestovichga manba ko‘rsatgan holda e’lon qildi.
Bu voqeadan keyin ukrain jamiyatida Arestovichga nisbatan norozilik kuchaydi. U o‘z xatosini kam uxlagani, ma’lumotni qayta ishlashga ulgurmagani bilan izohladi, bu uchun kechirim so‘radi. Ammo ko‘p o‘tmay kechirimini qaytib oldi.
«Yigitlar, men shunchaki charchadim. 320 kun davomida boshqa ishlarga qo‘shimcha ravishda kechqurungi jonli translatsiyalar, doimiy uyqusizlik, doimiy axborot yuklamalari, komandirovkalar. Kuniga millionlab kontaktlar va barchasi ... «o‘ta shoshilinch» va «o‘ta muhim» informatsiyalar», – deya tushuntirdi u o‘zining urush davridagi ishlash sharoitini.
Iste’fo
2023 yil 17 yanvar kuni Arestovich iste’foga chiqadi. «Men madaniyatli xulq-atvorning namunasini ko‘rsatmoqchiman: jiddiy xato qilindimi – demak iste’foga. O‘tgan safar men ketganimdan bir yarim oy o‘tib urush boshlangandi. Ko‘ramiz, bu safar nima bo‘larkin», deb izohladi u o‘z qarorini va ijtimoiy tarmoqlarda arizasining suratini ilova qildi.
Arestovich fenomeni. Ukraina prezidenti devonidagi shov-shuvli iste’fo haqida
Iste’fodan keyin ham uning Feygin bilan efirlari davom etdi. Bu esa Arestovich ham Kiyevning rasmiy odami ekanini anglatardi. Ammo o‘tgan yil avgust oyiga kelib Feygin va Arestovich millionlab odamlar tomosha qiladigan loyihani to‘xtatdi. Avvaliga Feygin shunchaki ijodiy ta’til olishganini aytdi, keyin loyiha yopilganini e’lon qildi. Bu vaqtda tarmoqda Arestovich nomidan Feygin tanqid qilingan Facebookʼdagi post tarqaldi. Feygin buni feyk deb atadi. Arestovich esa bu haqda hech nima demadi.
Loyiha yopilgani e’lon qilingan kuni esa Arestovich rossiyalik muxolif jurnalist Yulya Latininaga intervyusida shov-shuvli bayonot berdi: «Bizning (Ukraina axborot makoni nazarda tutilmoqda – tarj.) eng katta xatomiz rossiyaliklarni jang qilishga ilhomlantirdik. Safarbarlik yoshidagi potensial ruslarga ularning xotinlari, bolalarini hayvon deyish orqali ajoyib motivatsiya berdik», dedi o‘sha chiqishida siyosatchi.
Uning chiqishi Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqlash deb qabul qilindi va shu bilan Arestovichni ta’qib qilish boshlandi. Ayni damda unga nisbatan Ukrainada ikkita, Rossiyada bitta jinoiy ish ochilgan. Arestovich anchadan buyon Ukrainada emas va qayerda yashayotganini aytmaydi. Ammo Ukrainani tark etganidan buyon Boltiqbo‘yi davlatlarida, AQShda va Isroilda bo‘lib, u yerlardagi tadbirlarda qatnashgani ma’lum. Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon siyosatchi AQShda ekanini aytgan.
Prezidentlik da’vosi
Oleksiy Arestovich Ukrainada ta’qibga uchray boshlagach, o‘z kanalida favqulodda tez-tez rus tiliga nisbatan munosabatni o‘zgartirish to‘g‘risida chiqishlar qila boshladi. Bu uchun esa uni «Rossiya propagandachisiga aylanishda» ayblashdi. 2023 yil oxiriga borib esa Oleksiy Arestovich Ukraina prezidenti bo‘lmoqchi ekanini ma’lum qildi. «Ukrainani Putin Rossiyasiga aylantirishlarini istamayman, shu uchun prezident bo‘lmoqchiman», deb izohladi siyosatchi o‘z chiqishini.
Shundan keyin u Kiyevni tez-tez tanqid qilishga kirishdi. Urush vaqtida o‘zi ko‘klarga ko‘targan Zelenskiyni keskin tanqid qilib iste’foga chiqishga chaqirdi. Tanqidlardan uni prezident ma’muriyatiga ishga olgan Ondriy Yermak ham quruq qolmadi. Bu orada Arestovichning prezidentlik ambitsiyalari tobora kuchayib bordi. Ammo 2024 yil Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilmadi. Bunga harbiy holat e’lon qilingani, urush ketayotgani sabab qilib keltirildi.
2024 yil iyun oyiga kelib esa Arestovichning urush boshidagi maslakdoshi Mark Feygin uni Kremlda pul olishda va Rossiya manfaatlariga ishlay boshlaganlikda aybladi. Feyginga Arestovich urush boshida qo‘lga olingan va Azov batalyoni komandirlariga almashilgan Putinning Ukrainadagi odami Viktor Medvedchukdan pul olishi, muzokaralarda rossiyalik jurnalist Aleksey Venediktov vositachi sifatida qatnashganini iddao qildi. Ammo bu gaplar hozircha isbotlangani yo‘q.
Qahramonliklan xoinlikkacha bir qadam
Mana shunaqa gaplar. Urush boshida ukrainlar efirlarini umid bilan kutadigan, ular uchun tinchlantiruvchi dori o‘laroq mehnat qilgan Arestovich urushning uchinchi yilida «Kreml agenti» degan tamg‘ani oldi. Urush mana shunday ayovsiz, badbaxt narsa. U odamlarda ishonchni asta-sekin o‘ldiradi. Biz mavzuga yana qaytamiz.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.