Jamiyat | 10:51 / 14.07.2024
6407
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mahalla binosi yonib ketdi

Mahalla binosi avvalroq tadbirkorlar homiyligida ta’mirlangani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri Uchtepa tumanida mahalla binosi yonib ketgan. Jurnalist Aziza Qurbonovaning xabar berishicha, hodisa bugun, 2024 yil 14 iyul kuni sodir bo‘lgan.

Uchtepa tumanida joylashgan Abdulla Qodiriy mahallasi binosi yonib ketgan. Yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

“Yong‘in sabablari noma’lum, mahalladagilarning aytishicha, avval ham 3-4 oy oldin qisqa tutashuv bo‘lgan”, deb yozgan Aziza Qurbonova o‘z postida.

Ma’lum qilinishicha, mahalla binosi tadbirkorlar tomonidan ta’mirlanib obod qilingan.

Jurnalistning postiga ilova qilingan videoda mahalla binosining derazalaridan olov chiqayotgani, ikkinchi videoda tom va shift qismi butunlay yonib ketganini ko‘rish mumkin.

“Poytaxtning juda fayzli, chiroyli mahallasi edi. Jonim achidi. Hozirda yong‘in to‘liq bartaraf etilgan”, deb yozadi jurnalist.

Hodisa haqida rasmiy xabar berilmadi.

Mavzuga oid