Jahon | 13:40 / 15.07.2024
6290
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Qrim va Rossiya hududlariga dronlar bilan hujum qildi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning 20 dan ortiq uchuvchisiz uchoqlari tutib olingani va yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Lipetsk viloyati ma’muriyatining ma’lum qilishicha, UUAdan biri elektr podstansiyasi hududiga qulagan.

Foto: Inna Varenytsia/Reuters

Rossiya Mudofaa vazirligi 15 iyul, dushanbaga o‘tar kechasi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 22 ta uchuvchisiz uchog‘ini tutib, yo‘q qilganini ma’lum qildi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Bryansk viloyatida 15 ta, Lipetsk viloyatida bitta va Qrimda 6 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilgan.

Lipetsk viloyati gubernatori Igor Artamonov Telegram-kanalida dron Stanovlyanskiy munitsipal okrugidagi elektr podstansiyasi hududiga qulagani haqida xabar berdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari voqea joyida ishlamoqda, jabrlanganlar yo‘q.

Bryansk viloyatida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari, gubernator Aleksandr Bogomazning ko‘plab xabarlariga ko‘ra, bir kechada 17 ta dronni yo‘q qildi. Barcha holatlarda gubernator «talafot va vayronagarchiliklar yo‘qligini» ta’kidladi.

Qrimga hujum 

Sevastopolning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Mixail Razvojayevning aytishicha, Fiolent buruni hududida bitta dron urib tushirilgan, uning qoldiqlari xususiy uy hududiga tushib ketgan, qurbonlar yo‘q. Kursk viloyatida havo hujumidan mudofaa tizimlari Jyeleznogorsk tumanida dronni urib tushirdi, dedi viloyat rahbari Aleksey Smirnov voqea oqibatlariga aniqlik kiritmasdan. 

Oryol viloyatida, viloyat rahbari Andrey Klichkovning so‘zlariga ko‘ra, erta tongda Oryol munitsipal okrugi hududida radioelektron kurash uskunalari Ukraina uchuvchisiz uchog‘ini zararsizlantirdi. Gubernatorning ta’kidlashicha, qurbonlar va vayronalar yo‘q. Shuningdek, tunda Belgorod viloyatida uchuvchisiz uchoq hujumi xavfi e’lon qilindi. Mintaqaviy hokimiyat oqibatlar haqida xabar bermadi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi muntazam ravishda Ukrainaga uchuvchisiz uchoqlar va raketalar bilan hujum qiladi, shuningdek, Ukraina harbiylarini Rossiya hududlariga hujum qilish uchun dronlardan foydalanganlikda ayblaydi. 

Mavzuga oid