Jamiyat | 15:36 / 16.07.2024
11307
3 daqiqa o‘qiladi

70 yillik “staj”ga ega pichoqchi

Abdumutalib ota Kenjayevning Marg‘ilon dehqon bozori qarshisida pichoq do‘koni bor. 80 yoshli nuroniy 10 yoshidan buyon pichoqchilik bilan shug‘ullanadi. Uning ota-bobolari asli chustlik mashhur pichoqchilar bo‘lib, qatag‘on davrida Marg‘ilonga kelib qolgan.

Marg‘ilonda Abdumutalib ota Kenjayevni tanimaydigan odam kam: pichoqchi ota desa hamma biladi. Marg‘ilon dehqon bozor qarshisida kichik do‘koni bor. 80 yoshli qarshilagan otaxon hamon el xizmatida.

Pichoqchi ota chustlik ota-bobolari, kunlik faoliyati haqida so‘zlab berdi:

“O‘tmishda boshimizdan ko‘p musibatlar o‘tgan. Qatag‘on davrida bobomiz Chustdan Marg‘ilonga kelib qolgan. Chustdagi an’analarni Marg‘ilonda ham davom ettiryapmiz. Bu yerda pichoqchilikni yo‘lga qo‘ydik. 10 yoshimdan ustaxonaga chiqqanman.

Hozir ko‘proq pichoq charxlash, turli asbob-anjomlar, qassoblarga pichoq yasash bilan mashg‘ulmiz. 70 yildirki xalq xizmatidamiz.

Tengdoshlarim pensiyaga chiqqan, deyarli barchasi uyida o‘tirishadi, men esa doim harakatdaman, tong sahardan do‘konga kelaman. Ko‘pchilik hali ham ishlayotganimni ko‘rib, dam olmaysanmi, deydi, doimiy harakatda bo‘lishga intilaman. Xudoga shukr, shu sabab sog‘lom yuribmiz”, deydi otaxon.

Pichoqchi asosan qassoblar, oshpazlar pichog‘i, kosib, hunarmandlarning turli asbob-anjomlarini yasab beradi, qo‘limdan kelmaydi degan narsasi yo‘q. Uning yoniga kelgan odam borki, norozi bo‘lib ketmagan.

“Bu hunarni o‘g‘illarim, nevaralarga ham o‘rgatganman. Kimki ota-bobosining ishini davom ettirsa, odamlar yo‘qlab keladi. Oldimga falonchi ustaning o‘g‘limisan deb so‘rab kelishadi. Farzandlarimga shuni aytamanki, vaqt kelib meni ham so‘rab kelishsa, baxtiyor bo‘laman.

5 qiz, 1 o‘g‘lim, 20 nevara, 30 chevaram bor. Mehnat qilgan odam kam bo‘lmaydi, sog‘lom yuradi. Har kuni bomdoddan keyin ustaxonaga kelaman, sog‘lommiz, mana. Savdoni qilib, uyga qaytishda bozorga kirib nevaralarga u-bu narsa olib, meva-cheva qilib boraman.

Bu yerdagi hamma taniydi meni. Uzoqdan ham kelishadi, Qirg‘izistondan keladiganlar ham bor. O‘zimning doimiy mijozlarim ko‘p, atay menga olib kelishadi nimanidir charxlash uchun”, deya ta’kidlaydi hunarmand.

Abdumutalib ota Kenjayevning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi pichoqlar temir listdan yasalyapti ekan. Avvallari esa ular qattiq materialdan yasalgan. Usta o‘zim yasagan qassoblik pichoqlarni 100 mingdan 300 ming so‘mgacha sotar ekan.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Mavzuga oid