Sport | 14:52 / 28.07.2024
18180
2 daqiqa o‘qiladi

Dzyudochi Diyora Keldiyorova yaponiyalik kuchli raqibini yengib, keyingi bosqichga o‘tdi

Uta Abening 5 yil davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berildi. Mag‘lubiyatdan keyin u ko‘z-yoshlarini tiya olmadi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Fransiyaning Parij shahrida yozgi Olimpiada o‘yinlari davom etmoqda.

Dzyudo bahslarida kunning eng muhim voqeasi yuz berdi. Birinchi davradan erkin o‘tgan o‘zbekistonlik dzyudochi Diyora Keldiyorova (-52 kg) ikkinchi bosqichda Tokio Olimpiadasi chempioni, yaponiyalik Uta Abega ro‘baro‘ keldi.

Ushbu vaznning ikki nomdor sportchilari o‘rtasida bahsda Keldiyorova ippon bahosi bilan g‘alaba qozondi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Endi u chorakfinalda germaniyalik Masha Balhaus bilan kuch sinashadi.

  • Diyora Keldiyorova chorakfinalda Masha Ballhausdan ham shido baholari bilan ustun kelib, yarimfinalga yo‘l oldi. U final yo‘llanmasi uchun fransiyalik Amandin Busharga qarshi tatamiga chiqadi.

Ma’lumot uchun, 26 yoshli Keldiyorova 2019 va 2022 yillarda Osiyo chempioni, 2023 yil Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan, 2023 va 2024 yillarda jahon chempionatlarida kumush medal bilan taqdirlangan. E’tiborli jihati, 2023 yil Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionati finalida u aynan Abega mag‘lub bo‘lgandi. Shu tariqa, u ushbu raqibdan qasos oldi.

U ayni vaqtda o‘z vaznida jahon reytingi peshqadami hisoblanadi.

24 yoshli Uta Abe esa 2020 yilgi Olimpiada chempioni bo‘lishdan tashqari, to‘rt marta – 2018, 2019, 2022 va 2023 yillarda jahon chempioni bo‘lgan. U so‘nggi besh yil mobaynida mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgandi.

U o‘zbekistonlik raqibdan uchralgan mag‘lubiyatni o‘ta og‘ir qabul qilib, bahsdan keyin ko‘z-yoshlarini tiya olmadi.

 

Mavzuga oid