O‘zbekiston | 20:33 / 30.07.2024
28196
6 daqiqa o‘qiladi

Quyi Chirchiq tuman hokimi o‘rinbosari jinoiy javobgarlikka tortildi

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Fotima Kamolova “Ayollar daftari” jamg‘armasidagi mablag‘larni, shuningdek, ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash uchun ajratilgan qurilish materiallarini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Mazkur jinoyat ishida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamoliddin Uskanbayev va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Suleymanovlar ham tergov qilingan.

Fotima Kamolova

Quyi Chirchiq tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Fotima Kamolova jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, Fotima Kamolova Quyi Chirchiq tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlab kelib, mansabdor shaxs bo‘la turib, jinoyat sodir etish yo‘liga kirgan. U Kasaba uyushmasi hamda homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan “Sho‘rdanak” hajviy teatri dasturi chiptasi uchun noqonuniy tarzda “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 15 mln so‘m ajratib, shartnoma tuzishga sababchi bo‘lgan.

Tuzilgan shartnoma asosida YaTT hisob raqamiga 15 mln so‘m pul mablag‘lari o‘tkazilgan. Hokim o‘rinbosari ushbu pul mablag‘larini tadbirkor orqali naqdlashtirib, “Sho‘rdanak” hajviy teatri rahbariga bergan. Kamolova bu orqali “Ayollar daftari” jamg‘armasidagi pul mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Shuningdek, u Quyi Chirchiq tuman hokimining tegishli farmoyishiga asosan “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joyini ta’mirlash uchun 90 mln 302 ming so‘mga qurilish mollari xarid qilgan. 51 mln 274 ming so‘mlik qurilish materiallarini tumandagi 16 ta mahallada yashovchi fuqarolarga tarqatgan. Ixtiyorida qolgan 35 mln 172 ming so‘mlik qurilish materiallarini esa rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilib, davlat manfaatlariga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazgan.

Fotima Kamolova aybiga iqror bo‘lib, shartnomani tuman hokimining birinchi o‘rinbosari K.Uskenbayev va tuman hokimligining bosh hisobchisi rasmiylashtirganini, u manfaatdor bo‘lmaganini, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan hamda suddan qonun doirasida yengillik berishni so‘ragan.

Sud hujjatiga ko‘ra, Quyi Chirchiq tuman prokuraturasi tergovchisi S.Mirzaxmedovning 2024 yil 13 apreldagi jinoyat ishining bir qismini tugatish haqidagi qaroriga asosan Quyi Chirchiq tuman hokimi birinchi o‘rinbosari Kamoliddin Uskanbayev va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Suleymanov hamda boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi harakatdan tugatilgan.

Sud hukmi bilan Fotima Kamolova Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b, g” bandlari (Mansab mavqeyini suiiste’mol qilish yo‘li bilan takroran o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismida (Mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 1 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilib, har oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 8 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Tayinlangan asosiy jazo shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilangan.

Kamolovaning xulqini nazorat qilish yashash joyi bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman IIB Probatsiya guruhi zimmasiga yuklatilgan. Tayinlangan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ijroga qaratilib, hisobga qo‘yilgan kundan boshlab hisoblanishi belgilangan.

Shuningdek, Fotima Kamolova tomonidan yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Toshkent viloyati prokuraturasining depozit hisob raqamiga topshirilgan 39 mln so‘m mablag‘ning 35 mln 172 ming so‘mi Quyi Chirchiq tuman moliya bo‘limi orqali davlat foydasiga o‘tkazilgan. Qolgan 3 mln 827 ming so‘mi uning o‘ziga qaytarilgan.

Bundan tashqari, yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Toshkent viloyati prokuraturasining depozit hisob raqamiga Kamoliddin Uskanbayev tomonidan topshirilgan 14 mln so‘m hamda A.Suleymanov tomonidan topshirilgan 14 mln so‘m pul mablag‘lari Quyi Chirchiq tuman moliya bo‘limi orqali davlat foydasiga o‘tkazilgan.

Ma’lumot uchun, 41 yoshli Fotima Kamolova 2022 yil mart oyi oxirida Quyi Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlangan. Bungacha Quyi Chirchiq tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabi direktorining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 

UPD: Ushbu xabar saytda e’lon qilingach, tahririyatga fuqaro Abdulsalom Ismatovich Sulaymanov murojaat qilib, 2021-2022 yillarda Yoshlar ishlari agentligi Quyi Chirchiq tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaganini, odamlar xabarda qayd etilgan A.Sulaymonov bilan adashtirishayotganliklarini bildirdi. Uning ma’lum qilishicha, Kun.uz xabarida qayd etilgan shaxs 2023-2024 yillarda  Yoshlar ishlari agentligi Quyi Chirchiq tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Adham Sulaymonov bo‘ladi.

Mavzuga oid