Jahon | 12:24 / 01.08.2024
19564
10 daqiqa o‘qiladi

Haniyaning o‘ldirilishi. Arab davlatlari, Eron va Rossiya norozilik bildirmoqda

Mintaqa uchun oqibatlar qanday bo‘ladi? Haniya nima uchun aynan hozir o‘ldirildi va bu muzokaralarda qanday aks etadi?

Foto: Reuters

Chorshanba kuni Hamas o‘z siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya Tehrondagi qarorgohida isroilliklar zarbasi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qildi.

62 yoshli Haniya falastinliklar guruhining asosiy yetakchisi va mafkurachisi hisoblanardi.

«Birodarimiz, yetakchi, harakat rahbari va mujohid bo‘lgan Ismoil Haniya Eronning yangi prezidentining inauguratsiya marosimida ishtirok etganidan keyin sionistlarning uning Tehrondagi shtab-kvartirasiga uyushtirgan hujumi oqibatida halok bo‘ldi», — deyiladi Hamas bayonotida.

Haniyaning o‘limi haqida Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi ham xabar qilgan. Korpus saytidagi xabarda Hamas yetakchisi bilan birgalikda uning tansoqchisi ham halok bo‘lgani aytiladi.

Haniyaning o‘limi Isroil Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Livandagi «Hizbulloh» guruhining asosiy harbiy qo‘mondonlaridan biri o‘ldirilgani haqida e’lon qilganidan bir kun o‘tmasdan ro‘y berdi va kuzatuvchilar bu Yaqin Sharqda urush avj olishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Hozircha Hamas yetakchisi o‘limiga olib kelgan zarba aynan qanday yo‘llangani borasida tafsilotlar ochiqlanmayapti.

Eron nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, hujum mahalliy vaqt bilan tungi soat ikki atrofida, Haniya Tehrondagi urush faxriylari uchun uyda bo‘lib turganida yo‘llangan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, u aviazarba qurboni bo‘lgan.

Isroil hozircha hodisa yuzasidan izoh bermayapti, ammo 2023 yil 7 oktyabr voqealaridan keyin mamlakat hukumati falastinliklarning ushbu guruhini tugatishga bel bog‘lagandi.

Arab nashrlarida esa Haniya raketa kelib tushishi oqibatida halok bo‘lgani aytilmoqda, ammo bu ma’lumot rasmiy tasdiqqa muhtoj.

Haniyaning o‘limiga qanday reaksiya qilinmoqda?

Hamas siyosiy byurosi a’zosi Muso Abu Marzuq buni «javobsiz qolmaydigan» «jirkanch harakat» deb atadi, guruhning boshqa bir yuqori martabali vakili Sami Abu Zuhri tashkilot «o‘z yo‘lida davom etishi»ni aytdi.

Hamasning G‘azodagi boshqa bir yuqori martabali vakili BBC muxbiri Rushdiy Abualuf bilan suhbatda shunday degan: «Hamas bu— g‘oya, Hamas bu— mafkura. Va yetakchining o‘ldirilishi Hamasni o‘zgartira olmaydi, Hamasni taslim bo‘lish yoki yangi yon berishlarga borishga majbur qila olmaydi».

Falastinliklarning WAFA agentligi xabar qilishicha, Iordanning G‘arbiy sohilidagi Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos ham Haniyaning o‘ldirilishini keskin qoralagan.

Eron ichki ishlar vazirligi Haniyaning «shahid bo‘lishi» «Tehron, Falastin va qarshilik harakati o‘rtasidagi chuqur va uzilmas rishtalarni yanada mustahkamlashi»ni bildirgan.

Falastinliklarning turli tashkilotlari o‘z tarafdorlarini Hamas siyosiy yetakchisi yo‘q qilinishiga javoban norozilik namoyishlariga chiqishga chaqirgan.

Rossiya TIV ro‘y bergan hodisani «mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan siyosiy qotillik» deb atagan. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov Hamas yetakchisining o‘limi «keskinlik yanada kuchayishiga olib kelishi»dan ogohlantirgan.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi ham «Tehrondagi sharmandali qotillik»ni qoralagan. Reuters agentligi keltirgan iqtibosda «bu hujum G‘azodagi urushni mintaqa bo‘ylab kengaytirishga qaratilgani» aytiladi.

Mintaqaning boshqa mamlakatlari, shuningdek Xitoy ham ro‘y bergan hodisani qoralab chiqqan.

Iordaniya Hamas yetakchisi «Isroil tomonidan o‘ldirilishini eng qat’iy tarzda qoralashi»ni bildirgan va bu «mintaqada keskinlik va xaos kuchayishi»dan ogohlantirgan. Livan bosh vaziri Najib Mikati ham o‘z kabinetining favqulodda yig‘ilishida mintaqadagi jiddiy eskalatsiyadan ogohlantirgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi «bunday qotillikka qat’iyan qarshiligi va uni qoralashi», shuningdek mintaqadagi navbatdagi notinchlikdan «chuqur xavotirda» ekanini ma’lum qilgan. Idora matbuot kotibi Lin Tszyan G‘azoda «to‘liq va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish»ga erishish zarurligini qo‘shimcha qilgan.

Mintaqa uchun oqibatlar qanday bo‘ladi?

BBC’ning Yaqin Sharqdagi muxbiri Yolanda Knell Hamas vakillari Haniyaga zarba mintaqadagi mojaroda jiddiy keskinlikni anglatishi va bu «javobsiz qolmasligi»ni bildirganiga e’tibor qaratgan.

Hozircha bu G‘azodagi urushning borishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi noma’lum, ammo Ismoil Haniya o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etish bo‘yicha yangi kelishuvga erishish uchun muzokaralarga mas’ul edi. Uning qat’iy ritorikasiga qaramay, tahlilchilar guruhning G‘azodagi ancha qattiqqo‘l yetakchilari Muhammad Deyf va Yahyo Sinvar bilan solishtirganda unga pragmatik siyosatchi sifatida qarashardi. Ular o‘tgan yil oktyabrida Isroil janubiga uyushtirilgan qonli hujum tashkilotchilari sifatida ko‘riladi.

Hozircha guruh rahbarligida Haniyaning o‘rnini kim egallashi, u qanchalik mo‘’tadil yoki murosasiz bo‘lishi aniq emas.

Jorjtaun universitetida Yaqin Sharq tadiqotlari professori Nodir Hoshimiy BBC bilan suhbatda Haniyaning o‘ldirilishi mintaqani keng ko‘lamli urushga yaqinlashtirishi mumkinligini istisno etmagan. Ekspert bundan bir kun oldin Isroil Bayrutda «Hizbulloh»ning ham yuqori martabali qo‘mondonini o‘ldirganini eslatgan.

Va agar bungacha Eron va «Hizbulloh» eskalatsiyadan manfaatdor emas deb hisoblangan bo‘lsa, endi Haniyaning o‘ldirilishi bu vaziyatni o‘zgartirishi mumkin, deya qo‘shimcha qiladi Hoshimiy. «Endi Eronda bu mojaroni keskinlashtirish uchun turtki bor», — deydi u.

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin esa, aksincha, urush bo‘lishi muqarrar deb hisoblamaydi. U lokal mojaro butun mintaqa bo‘ylab yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun imkon doirasidagi barcha ishni qilishga va’da bergan.

Haniya nima uchun aynan hozir o‘ldirildi va bu muzokaralarda qanday aks etadi?

Hamas yetakchisi Eronda o‘ldirilishi Isroil naqadar uzoqqa yetib bora olishi va uning dushmanlari hech qayerda o‘zini xavfsiz his qila olmasligini ko‘rsatmoqda

BBC’ning xalqaro masalalar bo‘yicha muharriri Jyeremi Bouen 7 oktyabr voqealaridan keyin Haniyaning oila a’zolari  zarbalarga nishon bo‘lganini eslatib o‘tgan — o‘g‘illari va nabiralari isroilliklar tomonidan o‘ldirilgan, ammo uning o‘zi shu vaqtga qadar omon qolayotgandi.

E’tiborli jihati, Haniya tashkilotning harbiy qanoti yetakchilari kabi yashirincha hayot tarzi kechiradigan figura emasdi. «Uni o‘ldirganlar isroilliklar deb faraz qiladigan bo‘lsak — men esa ulardan boshqa kim bo‘lishini tasavvur qila olmayman — buni nima uchun oldinroq ham imkoniyatlar bo‘lganida emas, nega aynan qilishdi?» — deya savol qo‘yadi Jyeremi Bouen.

Gap shundaki, davom etadi u, Isroil uchun uni Qatarda o‘ldirish siyosiy jihatdan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan qaror edi. Eronda o‘ldirish esa Isroil qanchalik uzoqqa borishi mumkinligi va uning dushmanlaridan hech biri xavfsizlikda emasligini ko‘rsatmoqda.

Haniya Isroil va G‘azo o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish hamda garovdagilarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarga chuqur sho‘ng‘igan edi, shunday ekan, uning o‘ldirilishi muzokaralarni osonlashtirmasligi aniq.

Bu muzokaralarda vositachilik qilayotgan Qatar Haniyaning o‘ldirilishi muzokaralarni barbod bo‘lish xavfi ostida qoldirishi mumkinligini bildirmoqda.

«Muzokaralar chog‘ida siyosiy qotillik va G‘azoda tinch aholiga hujumlar davom etayotgani bizni shu savolni berishga undaydi: tomonlardan biri muzokaralarning boshqa tomondagi ishtirokchisini o‘ldiradigan bo‘lsa, qanday qilib muvaffaqiyatli vositachilik bo‘lishi mumkin?» — deydi Qatar bosh vaziri.

Dekabr oyida Hamas Livan poytaxti Bayrutda Haniyaning o‘rinbosari o‘ldirilganidan keyin Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni bir muddatga to‘xtatib qo‘ygandi.

BBC’ning G‘azo bo‘yicha muxbiri Rushdiy Abalufning so‘zlariga ko‘ra, Tehrondagi bu hujum tinchlik sulhiga erishishni qiyinlashtirishi ehtimoli yuqori, chunki endi Hamas asosiy e’tiborini Haniyaga voris topishga qaratadi, bu jsa murakkab va uzoq davom etadigan jarayonga aylanishi mumkin.

Mavzuga oid