Jahon | 07:24 / 08.08.2024
2399
3 daqiqa o‘qiladi

Venada Teylor Sviftning konsertlari terakt tahdidi tufayli bekor qilindi

Avstriyada amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftning konsertida terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan ikki gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Politsiya manbalari yana uch kishi qidirilayotganini aytdi.

Foto: Alex Halada/APA/dpa/picture alliance

Amerikalik estrada yulduzi Teylor Sviftning Venada bo‘lib o‘tadigan uchta konserti ham bekor qilindi, deb xabar berdi shou tashkilotchisi Barracuda Music 7 avgust, chorshanba kuni kechki payt. «Hokimiyat tomonidan «Ernst Happel» stadionida rejalashtirilgan terakt tasdiqlangani sababli, barchaning xavfsizligi uchun rejalashtirilgan uchta konsertni bekor qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q», — deyiladi bayonotda.

Avvalroq Avstriya politsiyasi Vena va Quyi Avstriya federal yerining Ternits shahrida teraktga tayyorgarlik ko‘rishda gumon qilingan ikki shaxs hibsga olingani haqida xabar bergan edi. Huquq-tartibot idoralari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Vena va uning atrofidagi ommaviy tadbirlarda teraktlar uyushtirish bo‘yicha aniq rejalarga ega bo‘lgan. Tintuv chog‘ida xonadonlardan birida kimyoviy moddalar topilib, uning tarkibi o‘rganilmoqda.

Hibsga olinganlardan biri - 19 yoshli Avstriya fuqarosi - IShID terrorchilik tashkilotining amaldagi rahbariga sodiqlikka qasamyod qilgan. Politsiya hibsga olingan ikkinchi shaxs haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Kurier gazetasining yozishicha, u 17 yoshda. Politsiyadagi manbalarning ORF.at nashriga ma’lum qilishicha, yana uch nafar gumonlanuvchi qidirilmoqda.

Avstriya kansleri: Fojianing oldi olindi

Avstriya federal kansleri Karl Nexammer Teylor Svift konsertlari atrofida juda jiddiy vaziyat bo‘lganini e’lon qildi. «Politsiyamizning xorijiy xizmatlar bilan jadal hamkorligi tufayli xavfni o‘z vaqtida tan olish, chora ko‘rish va fojianing oldini olish mumkin bo‘ldi», — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Biz G‘arb hayot tarzimizga hujum qilish uchun zo‘ravonlik vositalari qo‘llanadigan davrda yashayapmiz», dedi Nexammer. Terrorizm ko‘plab G‘arb davlatlarida xavfsizlik va erkinlikka tahdid soladi, shuning uchun hushyor bo‘lish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va qat’iy kurashish muhim, deydi u.

Teylor Sviftning Venadagi uchta konsertidan birinchisi payshanba kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Har bir tomosha uchun 60 mingga yaqin chipta sotilgan. Tashkilotchi chiptalar uchun pulni o‘n ish kuni ichida qaytarishga va’da berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid