Lipetsk yaqinida dronlar hujumidan keyin harbiy aerodromda yong‘in chiqdi
Lipetsk gubernatori so‘zlariga ko‘ra, elektr ta’minoti tizimi shikastlangan, bu esa elektr ta’minotida uzilishlarga olib kelgan, shuningdek, «xavfli materiallarning portlashi» ham sodir bo‘lgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, harbiy aerodromda yong‘in sodir bo‘lgan.
Rossiyaning Lipetsk shahri va Lipetsk viloyati 9 avgust, jumaga o‘tar kechasi dronlar yirik hujumiga uchradi. Bu haqda Moskva vaqti bilan soat 1.46 dan 7.40 ga qadar o‘zining Telegram-sahifasida dron hujumlari mavzusida avvaliga «qizil», keyin esa «sariq» xavf darajasi haqida yigirmata yozuv kiritgan viloyat gubernatori Igor Artamonov ma’lum qildi.
Xususan, Moskva vaqti bilan soat 3.38 da Artamonov energetika infratuzilmasi obektiga zarar yetkazilgani, natijada elektr ta’minotida uzilishlar yuz bergani haqida xabar qilgan. Taxminan bir soat o‘tgach, u Lipetsk shahar okrugi hududida «portlovchi obektlarning portlashi oqibatlarini bartaraf etish uchun» favqulodda rejim joriy etilayotganini yozdi. Hududdagi 4 ta aholi punkti evakuatsiya qilindi. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, UUA hujumi natijasida 9 kishi jarohatlangan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining Lipetsk viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi mintaqada joylashgan harbiy aerodromda yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qildi. «Uchinchi raqamdagi harbiy aerodromda yong‘in sodir bo‘ldi», — deyiladi departament xabarida. Astra Telegram-kanaliga ko‘ra, aerodromdagi dron hujumidan so‘ng o‘q-dorilar ombori yonib ketgan bo‘lishi mumkin.
Rossiyaning beshta hududida havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Lipetsk viloyatidan tashqari, 9 avgustga o‘tar kechasi qo‘shni Kursk, Bryansk, Belgorod va Voronej viloyatlarida ham havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilingan. Qrimda ham dron hujumlari qayd etilgan. Kreml tomonidan tayinlangan shahar «gubernatori» Mixail Razvojayevning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchta uchuvchisiz uchoqlari va «Neptun» raketasi Sevastopol port shahri yaqinida dengiz uzra urib tushirilgan. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ertalab Lipetsk viloyati osmonida tunda 19 ta dron urib tushirilgani haqida xabar berib, Rossiya Federatsiyasi hududlariga tungi hujumda jami 75 ta dron ishtirok etganiga aniqlik kiritdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 26 tasi Belgorod, yettitasi Kursk, beshtasi Bryansk, to‘rttasi Voronej, bittasi Orol, beshtasi Qrim, sakkiztasi Qora dengiz uzra urib tushirilgan.
Kursk viloyatida janglar
Kursk viloyatining Sudjanskiy va Korenevskiy tumanlarida oxirgi uch kundan beri janglar davom etmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi va harbiy ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina armiyasining bo‘linmalari Rossiya Federatsiyasi hududiga kirib kelgan. Kamida ikkita rossiyalik harbiy xizmatchi asirga olindi va rus armiyasi Ka-52 vertolyotini yo‘qotdi - u FPV-dron tomonidan urib tushirildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina Qurolli kuchlarining Moskvadan 500 km uzoqlikdagi Kursk viloyati bilan chegarani kesib o‘tganini «keng ko‘lamli provokatsiya» deb baholadi. Davlat rahbari 7 avgust kuni hukumat a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda nutq so‘zladi. Keyin huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda mudofaa vaziri Andrey Belousov, Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu va Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov ishtirok etdi. Hisobotni Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov taqdim etdi.
Ukraina rasmiylari chegaradagi Kursk viloyatida uchinchi kundan beri davom etayotgan janglar haqida ilk bor izoh berdi. Rossiyaning Kursk va Belgorod viloyatlarida «har qanday kuchayish, o‘qqa tutish, harbiy harakatlar, majburiy evakuatsiya va normal hayot shakllarini yo‘q qilish»ning asosiy sababi «faqat rossiyaliklar tajovuzi», deb yozgan Mixail Podolyak.
Mavzuga oid
15:46 / 25.11.2024
Rossiya MV 30 dan ortiq Ukraina droni yo‘q qilinganini bildirdi
09:53 / 20.11.2024
Voronej yaqinidagi sanoat korxonasiga dronlar hujum qildi
10:47 / 11.11.2024
Rossiya 145 ta dron bilan Ukrainaning yirik shaharlariga hujum qildi
10:58 / 07.11.2024