Jahon | 13:45 / 19.08.2024
4931
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Moldovani «suverenitet va xavfsizlik bilan o‘ynashishni» to‘xtatishga chaqirdi

Moldova hukumatini neytral maqomga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz, bu muvozanatli tashqi siyosat va boshqa davlatlar, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlashni nazarda tutadi, deyiladi mamlakat TIV bayonotida.

Foto: Sputnik / Anton Denisov

Moskva Moldova hukumatini «suverenitet va xavfsizlik bilan mas’uliyatsiz o‘yinlarni» to‘xtatishga chaqirdi, bunda neytral maqom muhimdir. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.

«Moldova rasmiylari e’tiborini «kollektiv G‘arb»ning Rossiyaga nisbatan ochiq nodo‘stona yo‘nalishiga o‘ylamay amal qilish, jumladan, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi noqonuniy sanksiyalariga qo‘shilish, shuningdek, Kiyevdagi neonatsistlar rejimi bilan birdamlik to‘liqligicha qolayotganiga doimo e’tibor qaratishga harakat qilamiz. Shuningdek, davom etayotgan militarizatsiya va NATOga a’zo davlatlar kontingentlari bilan mamlakatning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari sonini ko‘paytirish - bular barchasi Moldova konstitutsiyaviy betaraflik maqomiga zid keladi», - dedi Zaxarova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud vaziyat munosabati bilan «respublikadagi barcha sog‘lom siyosiy kuchlar tom ma’noda bong urmoqda».

«Shu bilan birga, Moldova fuqarolarining fikri bugungi kunda hokimiyat tepasida bo‘lgan Ruminiya pasportiga ega G‘arb nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini umuman qiziqtirmaydi. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, moldovaliklarning 65 foizi betaraflik respublika xavfsizligini ta’minlaydi, deb hisoblaydi, mutlaq ko‘pchilik – 74 foizi esa mamlakatning NATOga kirishiga qarshi», — dedi diplomat. 

«Moldova hukumatini yana bir bor respublika suvereniteti va xavfsizligiga oid mas’uliyatsiz o‘yinlarni to‘xtatishga, Konstitutsiyada mustahkamlangan va muvozanatli tashqi siyosat yuritishni nazarda tutuvchi maqomga qat’iy amal qilishga chaqiramiz. Shuningdek, boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish kerak», - deya xulosa qildi u. 

Avvalroq, 13 avgust kuni Moldova muvaqqat ishlar vakili OAVda respublika hududida Ukrainaga mo‘ljallangan F-16 qiruvchilarining joylashtirilishi mumkinligi haqidagi xabarlar yuzasidan Rossiya TIVga chaqirilgan edi. Moldova Tashqi ishlar vazirligi o‘z izohida bu ma’lumotni «feyk» deb atadi va mamlakat Konstitutsiyada mustahkamlangan betaraflikka amal qilishda davom etishiga ishontirdi. 

Mavzuga oid