Jamiyat | 07:35 / 22.08.2024
12283
3 daqiqa o‘qiladi

“G‘ishtko‘prik” postida kuzatilayotgan tirbandliklar yuzasidan izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida kuzatilayotgan tirbandliklar muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi bunga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur post O‘zbekiston, qolaversa, Markaziy Osiyodagi aholi va yengil avtotransport vositalari eng ko‘p harakatlanadigan chegara bojxona postlaridan biri hisoblanadi va bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib bormoqda.

Postning o‘tkazuvchanligini oshirish, bu yerdan harakatlanayotgan jismoniy shaxslar va avtotransport vositalari uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish, bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida hozirda “G‘ishtko‘prik” bojxona postini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston—Qozog‘iston bilan chegaradagi “Navoiy” (O‘zbekiston)—Qoplonbek (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlari har ikki davlat tomonidan modernizatsiya va rekonstruksiya qilinayotgani sababli hozirda yopiq. Shuningdek, Qozog‘istonga chiqish yo‘nalishidagi “S.Najimov” (O‘zbekiston)—“Kazigurt” (Qozog‘iston), “Sirdaryo” (O‘zbekiston)— “Atamaken” (Qozog‘iston) chegara bojxona postlarining Qozog‘iston tomonida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan ushbu postlar orqali piyodalar, avtobus, yengil va yuk ko‘tarish qobiliyati 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtotransport vositalari harakati rekonstruksiya davrida vaqtinchalik to‘xtatilgan. Bu “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona postida fuqarolar va transport vositalari harakatida vaqtinchalik yuklama yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

“Chegara-bojxona postlarida jismoniy shaxslarning bojxona nazorati uzluksiz amalga oshiriladi. Fuqarolarning asosiy qismi “yashil” yo‘lak orqali harakatlanishi sababli bojxonada yo‘lovchilarning to‘planib qolishiga sabab bo‘ladigan kasbiy omil mavjud emas. Chegara bojxona postlarida faqatgina bojxona emas, bir nechta nazorat idoralari faoliyat yuritishini inobatga olsak, ushbu idoralarga tegishli axborot tizimlarida vaqti-vaqti bilan kuzatilayotgan uzilishlar ham qisqa muddatli tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mehnat migratsiyasi, yozgi ta’til va bayram arafasidagi ziyorat turizmi sababli avgust oyi chegara-bojxona postlarida fuqarolar gavjumligi oshadigan vaqt hisoblanishi qayd etib o‘tildi.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, yengil avtotransport vositalari orqali harakatlanayotgan fuqarolarni Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Yallama” chegara bojxona posti orqali harakatlanishlarini tavsiya qilamiz. “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona posti kecha-yu kunduz faoliyat yuritishini inobatga olib, postdan o‘tishda sutkaning fuqarolar va transport vositalari gavjum bo‘lmagan vaqtini tanlash maqsadga muvofiq”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid