Ukraina va Rossiya o‘rtasida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Nimalar ma’lum?
Ukrainaning Kursk oblastiga hujumidan so‘ng tomonlar ilk marta asirlar almashmoqda. BAA vositachilik qilgan 115=115 formatidagi almashinuvda Rossiyaga Kurskda asirga tushib qolgan muddatli harbiy xizmatchilar qaytarilgan bo‘lsa, Ukrainaga Milliy gvardiya va Harbiy-dengiz kuchlari harbiylari topshirildi.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 24 avgust kuni Ukraina bilan harbiy asirlar almashinuvi bo‘ldi. Vazirlik Kursk oblastida asirga tushib qolgan 115 nafar rossiyalik harbiylar qaytarilganini ta’kidlagan. Ukrainaga ham shuncha harbiy asirlar qaytarilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan 115=115 formatida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. Ukrainaga Milliy gvardiya, Qurolli Kuchlar, Harbiy-dengiz kuchlari va Davlat chegara xizmati harbiylaridan tashkil topgan asirlar qaytarilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi asirlar almashinuvi Birlashgan Arab amirligi vositachiligida amalga oshirilganini bildirdi. Hozirgi vaqtda rossiyalik askarlar Belorus hududida bo‘lib turibdi, ular reabilitatsiya va davolanishlardan so‘ng Rossiyaga olib boriladi.
Harbiy muxbir Semen Pegov Rossiyaga qaytarilgan harbiylar muddatli xizmatni o‘tayotgan yosh askarlar ekanini ta’kidlagan. Mudofaa vazirligi bu haqda ma’lumot bermagan, keyinroq Rossiya Ombudsmani Tatyana Moskalkova qaytarilgan harbiy asirlar muddatli xizmatdagi yosh askarlar ekanini tasdiqladi.
Meduza nashriga ko‘ra, bu Ukraina Kursk oblastiga bostirib kirganidan buyon ikki mamlakat o‘rtasida ilk asirlar almashinuvi hisoblanadi. Kurskka hujum boshlangan ilk kunlarda yuzlab rossiyalik harbiylar asirga tushgani xabar berilgan edi.
Xususan, BBC rus xizmati Ukrainaning Kurskka yurishidan so‘ng kamida 81 nafar muddatli harbiy xizmatchilar yaqinlari bilan aloqaga chiqmay qo‘ygani, 40 ga yaqin askarlar asirlikka tushgani haqida yozgan edi.
6 avgust tongida Ukraina qo‘shinlari Sumi viloyatidan Rossiyaning Kursk viloyatiga kirib keldi. Natijada Rossiya-Ukraina urushida yangi front ochildi, shuningdek, bu II jahon urushidan keyin Rossiya hududiga ilk marta xorijiy askarlar kirishi bo‘ldi.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
23:13 / 23.11.2024
Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
18:44 / 23.11.2024