Jahon | 23:18 / 31.08.2024
5335
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston KXShTdagi ishtirokini butunlay muzlatib qo‘ydi

Mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan iyul oyida Armaniston KXShTdan chiqish niyatida ekanini aytgan edi. Mayda esa Armaniston hukumati tashkilotni moliyalashtirishdagi ishtirokini to‘xtatdi.

Foto: primeminister.am

Armaniston hukumati Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) barcha organlaridagi ishtirokini butunlay muzlatib qo‘ydi, deb xabar beradi respublika bosh vaziri Nikol Pashinyan.

«Armaniston KXShTdagi barcha ishtirokini muzlatib qo‘yganini bilasiz va ayni bosqichda ushbu qarorni to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Hozirda biz boshqa qaror qabul qilish zaruriyatini ko‘rmayapmiz, ammo bu keyingi safar boshqa bir qaror qabul qilmasligimizni bildirmaydi», — deydi Pashinyan.

Bosh vazir Armaniston KXShTdan chiqish sanasini ayta olmasligini qo‘shimcha qildi.

12 iyul kuni Nikol Pashinyan Armaniston KXShTdan chiqish niyatida ekanini aytgandi. Parlamentdagi chiqishi davomida u Yerevan qachon to‘g‘ri deb bilsa, bu ishni amalga oshirishini ta’kidlagan. Fevralda bosh vazir mamlakatning tashkilotdagi a’zoligini muzlatish haqida gapirgan, may boshida esa Armaniston hukumati KXShTni moliyalashtirishdagi ishtirokini to‘xtatgan edi.

Iyun oyida AQSh va Armaniston strategik sheriklikni e’lon qildi, shundan keyin Vashington Yerevanga harbiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish taklifini berdi. AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Jyeyms O’Brayyen hamkorlikdagi birinchi harbiy o‘quvlar 2023 yilda bo‘lib o‘tganini eslatib, bu yo‘nalishdagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga umid bildirgan.

Armaniston Ozarboyjon bilan yuz bergan harbiy mojarodan keyin o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqdi — G‘arb bilan munosabatlarini faollashtirdi. O‘shanda Yerevan KXShTga yordam so‘rab murojaat qilgan edi, ammo asosiy rol Rossiyaga tegishli bo‘lgan tashkilot «xavotir» va «hamdardlik» bildirish bilan cheklandi xolos.

Mavzuga oid