Jahon | 21:31 / 04.09.2024
16486
9 daqiqa o‘qiladi

Ukraina hukumatidagi o‘zgarishlar: nimalar bo‘lmoqda?

Dushanba va seshanba kunlari Ukrainadagi bir necha vazirlik rahbarlari ishdan bo‘shash uchun ariza yozishdi. Ular qatorida Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba ham bor. Oliy radaning chorshanba kungi yig‘ilishida to‘rt vazir iste’fosi qabul qilindi, ammo tashqi ishlar vaziri masalasi ko‘rib chiqilmadi.

Foto: Ukrinform/NurPhoto via Getty Images

BBC sharhlovchisi kadrlar bo‘yicha bu rotatsiya nima uchun mamlakat hayotida tub o‘zgarishlarga olib kelishi dargumonligi va uning aholisining katta qismi bu mavzuga e’tibor qaratmayotgani haqida yozdi.

Dushanba va seshanba kunlari Oliy radaga bosh vazir o‘rinbosari, vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlar reintegratsiyasi masalalari bo‘yicha vazir Irina Vereshchuk, Ukrainaning Yevropa va Yevroatlantikaga integratsiyasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Olga Stefanishina, strategik sanoat vaziri Oleksandr Kamishin, adliya vaziri Denis Malyuska, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslar vaziri Ruslan Strelets hamda Ukraina Davlat mulk jamg‘armasi raisi Vitaliy Kovaldan iste’foga chiqish to‘g‘risida arizalar kelib tushgan.

Bundan tashqari, seshanba kuni Oliy rada raisi Ruslan Stefanchuk ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba yozgan ariza suratini e’lon qildi. Stefanchuk ariza keyingi yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi.

Chorshanba kungi yalpi majlisda deputatlar Olga Stefanishina, Oleksandr Kamishin, Ruslan Strelets va Denis Malyuska iste’fosi uchun ovoz berishdi. Shu bilan birga, Rada Irina Vereshchuk va Vitaliy Kovalning iste’fosini qabul qilmadi — ularning arizasi qanoatlantirilishi uchun bir neach ovoz yetmadi.

Ukraina TIVga 2020 yil martidan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Dmitro Kulebaning arizasi esa majlisda ko‘rib chiqish uchun qo‘yilmagan. Parlament majlisi uning arizasini ko‘rib chiqmasdan yopildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Dmitro Kulebaning iste’fosi ehtimoli va TIVning keyingi rahbari kim bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qaytarmadi. «Bugun bizga yangi energiya kerak va bu qadamlar mamlakatimizni turli yo‘nalishlarda kuchaytirish bilan bog‘liq», — deya izohlagan Zelenskiy hukumatdagi o‘zgarishlarni.

«Xalqaro siyosat va diplomatiya bundan mustasno emas. Men bugun u yoki bu vazir aynan nima bilan mashg‘ul bo‘lishini prognoz qila olmayman va ularga qaysidir lavozimlar taklif etilishi bo‘yicha javob bera olmayman. Bugungi kunda bu haqda gapirishga hali erta», — deya qo‘shimcha qilgan prezident.

«RBK-Ukraina» nashri manbasi xabar berishicha, Kulebaga Bryusselda, YeI yoki NATOdagi vakolatxonalarda ishlashda davom etish taklifi berilishi — yoki Belgiya va Lyuksemburgga elchi qilib yuborilishi mumkin.

Ukraina mediasi «prezident jamoasidagi suhbatdoshlar»ga tayanib xabar berishicha, Kulebaning o‘rnini kim egallashi hali aniqlab olinmagan, ammo TIV rahbarligi uchun eng ehtimoliy nomzod — hozirgi vazirning birinchi o‘rinbosari Ondriy Sibiga.

Ondriy Sibiga — tajribali diplomat. U TIV tuzilmasida turli lavozimlarda ishlagan, 2016 yildan 2021 yilga qadar Ukrainaning Turkiyadagi elchisi bo‘lgan, keyin prezident ofisi rahbari o‘rinbosari lavozimini egallab, u yerda tashqi siyosat masalalariga mas’ul bo‘lgan.

Ondriy Sibiga (chapda) 2021-2024 yillarda Ukraina prezidenti ofisida ishlagan

Iste’foga chiqqan strategik sanoat vaziri Oleksandr Kamishin telegram-kanalida parlamentning iqtisodiyot va mudofaa qo‘mitalariga yopiq hisobot, shuningdek Oliy radaga ochiq hisobot qilishga tayyorlanayotganini yozgan. «Mudofaa tizimida ishlashda davom etaman, ammo boshqa rolda», — deya qo‘shimcha qilgan u. «Ukrainskaya pravda»ga ko‘ra, Kamishin prezident maslahatchisi bo‘lishi mumkin.

Yevrointegratsiya masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Olga Stefanishina rasmiy iste’fodan keyin vitse-premer lavozimiga qaytadi, unga adliya vazirligi beriladi.

Ruslan Strelets o‘rniga Svetlana Grinchukni ekologiya vaziri etib tayinlash rejalashtirilmoqda, hozirda u energetika vaziri o‘rinbosari hisoblanadi.

«Ukrainskaya pravda» manbalari Davlat mulk jamg‘armasi raisi Vitaliy Koval agrar siyosat vazirligiga o‘tishini taxmin qilishgandi. Ammo Oliy rada yalpi majlisida uning iste’fo uchun arizasi qanoatlantirilmadi.

Shuningdek, bungacha rahbarlari «vazifasini bajaruvchi» maqomida ishlab kelgan vazirliklarda rasman tayinlovlar bo‘lishi kutilmoqda.

«Ukrainskaya pravda» suhbatdoshining aytishicha, Infratuzilmalar va mintaqaviy siyosat vazirligini prezident ofisi rahbari o‘rinbosari Oleksiy Kuleba boshqarishi mumkin. Hozirda idoraga Vasiliy Shkurakov «v.b» maqomida rahbarlik qilmoqda.

Madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Rostislav Karandeyev o‘rniga katta ehtimol bilan prezident ofisi rahbarining yana bir o‘rinbosari Mikola Tochitskiy keladi. U asli diplomat bo‘lib, o‘tmishda San-Fransiskoda bosh konsul, Ukrainaning Yevropa kengashidagi doimiy vakili hamda Belgiya va Lyuksemburgda elchi lavozimlarida ishlagan.

Bundan tashqari, Oliy rada «v.b» maqomidagi mulozimlarning ayrimlarini doimiy asosda tayinlashi kutilmoqda: Oleksandr Porxunni — faxriylar ishlari bo‘yicha vazir, Matvey Bedniyni — yoshlar va sport vaziri etib.

Bu o‘zgarishlar qanchalik muhim? BBC sharhlovchisi Svyatoslav Xomenko

Dunyoda vazirlar yoppasiga iste’fo uchun ariza yozishi jiddiy siyosiy inqiroz belgisi bo‘lmagan yoki hech bo‘lmaganda «siyosiy zilzila»ni anglatmaydigan biror davlatni topish qiyin.

Hozirgi Ukraina esa imkonsiz narsaning imkoni borligini ko‘rsatmoqda. Rada faqat to‘rt vazirlik rahbarining arizasini ma’qullagani va hali Dmitro Kulebaning arizasi ko‘rib chiqilmaganiga qaramay, kadrlar bo‘yicha bu rotatsiya mamlakat hayotida qandaydir tub o‘zgarishlarga olib kelishi dargumon, aholining katta qismi uchun esa bu o‘zgarishlar sezilmaydi ham.

Birinchidan, hukumatda bo‘lajak o‘zgarishlar haqida rasmiylar yarim yildan buyon aytib keladi — ayrim manbalar hatto bosh vazir almashishi haqida ham bir necha bor xabar berishdi. Ammo yoki boshqa muhimroq masalalar borligi tufayli hukumat kadrlar masalasi bilan shug‘ullana olmadi, yoki Volodimir Zelenskiy jamoasidagi zaxira o‘rindig‘i qisqaligi bunga ta’sir qildi. Nima bo‘lganda ham, hukumat vakillarining katta qismi almashishi haqida oldindan gaplar yurardi — shuning uchun Radadagi bugungi ovoz berishlar syurpriz effektiga ega emas.

Ikkinchidan, Ukrainada kadrlar bo‘yicha har qanday rotatsiya, xoh kutilgan, xoh kutilmagan bo‘lsin, anchadan buyon Rossiyaning ikki yarim yil muqaddam Ukrainaga qarshi boshlagan katta urushining fojiali oqibatlari fonida sezilmay ketadi. Qutqaruvchilar Poltava bo‘ylab yo‘llangan raketa zarbasidan keyin xarobalarni tozalab ulgurmagan, keyingi kuni esa Lvivda ham motam boshlangan mahalda ekologi, adliya yoki hatto tashqi ishlar vaziri almashishi kimga qiziq?

Uchinchidan, bu hukumatning mamlakatdagi vaziyatga ta’sir qilish darajasi juda cheklangan bo‘lsa, hukumatdagi o‘zgarishlar haqida qayg‘urishdan nima naf. Ochiq aytaylik, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini tabiiy ravishda Ukrainani superprezidentlik respublikasiga aylantirdi, unda haqiqiy hukumat funksiyalarini prezident ofisi bajaradi. Shu tufayli Volodimir Zelenskiyning kechagi murojaatidagi — «Ukraina hukumat muassasalariga yangi kuch berish» chaqirig‘i — albatta, yaxshi, ammo vazirlar mahkamasidagi silkinishlarga ortiqcha baho berish o‘rinsiz.

Rossiya qo‘zg‘agan urush fronti va front ortidagi yangiliklar fonida, bugungi kunda Kiyev qarshisida turgan muammolar oldida, hukumatdagi iste’folar to‘g‘risidagi xabarlar ukrain gazetalarining birinchi sahifasiga chiqishi imkonsiz.

Mavzuga oid