Yo‘lning chap “polosa”sida harakatlangan yuk mashinalari jarimaga tortilishi mumkin
Senat qo‘mitasi majlisida skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi. Qonun loyihasida yuk avtomobillarida ruxsat etilgan hollardan tashqari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilanmoqda.
10 centyabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda hamon saqlanib qolayotgan tizimli muammolarni hal etish va aholiga qulaylik hamda qonunlarga hurmat hissini shakllantirish maqsadida o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritilyapti. Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.
Qonun orqali amaliyotga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda. Shuningdek, skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun, jumladan skuterlar, mopedlar, velosipedlarni hamda ulovli aravani boshqarish, shuningdek individual harakatlanish vositalari va skuterlarning haydovchilari tomonidan odamlarni tashiganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.
Qonun bilan YPX xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.
Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan. Qayd etilishicha, ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmagani sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanmoqda va bu holat avtomobil yo‘llarida tirbandliklarga va avariyali holatlar sodir bo‘lishiga olib kelmoqda.
2024 yilning o‘tgan 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq 303 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani oqibatida 108 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Aynan shu jihatlarni e’tiborga olgan holda qonunda yuk avtomobillarida yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganlik (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.
Mavzuga oid
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
07:50 / 31.10.2024
Yo‘lning chetki chap qatorida harakatlangan yuk mashinasi haydovchilari jarimaga tortiladi
11:00 / 04.10.2024
195 km/soat tezlikda avtomobil boshqargan Jahongir Otajonov jarimaga tortildi
07:20 / 20.09.2024