Jahon | 09:10
4526
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi Vuhledarni qo‘lga kiritgan bo‘lishi mumkin

Rossiya armiyasi Vuhledarni deyarli butunlay egallab oldi, deb yozadi Rossiyaning urush tarafdori bo‘lgan Telegram kanallari video-dalillarni e’lon qilib. Ayrim xabarlarga ko‘ra, shaharda yuzlab ukrainalik askar qurshab olingan bo‘lishi mumkin.

Foto: Ozge Elif Kizil/Anadolu/picture alliance

1 oktyabr, seshanba kuni Rossiya armiyasi bo‘linmalari Vuhledarni deyarli butunlay egallab oldi, deb yozadi Rossiyaning urush tarafdori bo‘lgan Telegram-kanallari. Ular Rossiya Qurolli kuchlari xodimlarining Vuhledar turli qismlarida, jumladan, shahar kengashi binosida Rossiya bayroqlarini ilayotgani aks etgan videolarni chop etdi.

Shahardagi Ukraina armiyasi qarshiligi, bir qator kanallar ta’kidlaganidek, «mahalliy xususiyatga ega». Rossiya Mudofaa vazirligi bu ma’lumotga hali rasman izoh bermadi.

Avvalroq Donetsk oblasti harbiy ma’muriyati boshlig‘i Vadim Filashkin televideniye orqali Rossiya Qurolli kuchlari allaqachon strategik muhim shaharning «deyarli markazida» ekani va vaziyat og‘irligini tan olgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vuhledarda 107 nafar tinch aholi qolgan, ular uchun gumanitar yordam yetkazish juda qiyin.

Yuzlab ukrainalik askar qurshab olingan bo‘lishi mumkin

Vuhledarda Ukraina Qurolli kuchlarining 2000 ga yaqin kishidan iborat 72-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi bor edi. So‘nggi kunlarda uning ahvoli, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, og‘irlashdi. Shahar shimolida rus pozitsiyalari orasidagi bo‘shliq kengligi bor-yo‘g‘i 3 km va u rus armiyasi tomonidan o‘qqa tutiladi, bu esa Ukraina Qurolli kuchlarining Vuhledar guruhi ta’minotini juda qiyinlashtirdi.

30 sentabr kuni Britaniyaning The Telegraph nashri Rossiya Qurolli kuchlari shaharni to‘liq qurshab olishga yaqin qolgani, yuzlab ukrainalik askarlar qamalda qolishi mumkinligini yozgan edi. 72-mexanizatsiyalashgan brigada harbiy xizmatchisining aytishicha, Vuhledardan evakuatsiya yo‘llari uzilgan, oziq-ovqat, o‘q-dorilar va yonilg‘i zaxiralari tugab bormoqda.

Vuhledar UQKning muhim mudofaa punkti edi

Bundan oldin Ukraina qo‘mondonligi Vuhledarni Volnovaxaga va undan keyin Azovbo‘yiga qarshi hujum qilish uchun bir necha bor platsdarm deb atagan. Shahar dengiz sathidan 180-200 metr balandlikda joylashganligi bilan ahamiyatli edi. Bu janubiy va sharqdagi aholi punktlarini artilleriya nazorati ostida ushlab turish imkonini beradi. Biroq, Rossiya armiyasi uchun bu ustunlik unchalik aniq emas, deya ta’kidlaydi Urushni o‘rganish instituti (ISW), chunki g‘arb yoki shimolga hujum qilingan taqdirda, qo‘shinlar ochiq joyda o‘nlab kilometr masofani bosib o‘tishi kerak.

Ayni paytda, Vuhledarni to‘liq egallab olgan ruslar Donetsk temiryo‘lining muhim qismini Ukraina nazorati zonasidan olib tashlaydi. Volnovaxadan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda u Zaporijjya va Xerson oblastlari orqali Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘shilgan Qrimga cho‘zilgan Janubiy temiryo‘llar bilan yagona tutashish nuqtasiga ega. 2016 yilda vayron bo‘lgan ushbu temiryo‘l kesishmasini tiklash orqali Rossiya Federatsiyasi Kerch ko‘prigi shikastlanganidan keyin to‘xtab qolgan Qrim bilan temiryo‘l aloqasini qayta ochishi mumkin, deb ta’kidlaydi ISW.

Mavzuga oid