Fan-texnika | 15:33 / 04.10.2024
7581
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda “yashil” betondan dunyodagi birinchi osmono‘par binoni qurish boshlandi

Nyu-Yorkda osmono‘par binoni qurish paytida ilk bor ugleroddan xoli beton qo‘llanildi. Material tarkibida issiqxona gazlarini chiqaradigan an’anaviy ohaktoshli sement o‘rniga granitdan foydalanilgan.

Foto: C-Crete Technologies

Kaliforniyadagi C-Crete Technologies kompaniyasi g‘ayrioddiy «C-Crete» betonini ishlab chiqdi. Unda bog‘lovchi modda sifatida granitdan foydalanilgan. Nyu-Yorkda qurilayotgan 423 metr balandlikdagi osmono‘par binoning yuqori lobbisiga 9,2 kub metr hajmdagi yangi beton qoplamasi yotqizildi. Asosiy beton qoplama ustiga yotqizilgan bu qatlam binoning estetik ko‘rinishi va amaliy xususiyatlarini yaxshilaydi, deb xabar bermoqda New Atlas.

Yangi osmono‘par bino noyob materialdan quriladigan dunyodagi birinchi inshoot bo‘ldi.

Tsementga muqobil ushbu material ishlov berilmagan granitni mayda yanchib, so‘ngra patentlangan texnologiya asosida qayta ishlash orqali olindi. Bunda u suv bilan o‘zaro ta’sirlashib, bog‘lovchi komponent vazifasini bajaradi. Jarayonning hech bir bosqichi qizdirishni talab etmaydi.

An’anaviy sementda ishlatiladigan ohaktoshdan farqli o‘laroq, granit tarkibida karbonatlar mavjud emas. Ya’ni unga ishlov berishda karbonat angidrid gazi chiqmaydi. Granit butun sayyora bo‘ylab tarqalgani sababli uni qazib olish muammo tug‘dirmaydi. Narxi jihatdan «C-Crete»ni an’anaviy beton bilan taqqoslasa bo‘ladi.

Foto: C-Crete Technologies 

Yangi material sifatidan tortib, mexanik xossalarigacha an’anaviy betonning barcha xususiyatlariga ega. Bu mustaqil mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan.

An’anaviy beton uchta asosiy ingrediyentdan iborat: sement, to‘ldiruvchi (masalan, qum/shag‘al) va suv. Tsement suv bilan aralashtirilganda kimyoviy reaksiyaga kirishib, aralashmani bir-biriga bog‘lovchi qattiq modda hosil qiladi. Portlandsement ohaktosh va boshqa xomashyolarni maydalash, so‘ngra olingan kukunni 1450 gradusgacha qizdirish yo‘li bilan tayyorlanadi. Qizdirish jarayonida ko‘p miqdorda karbonat angidrid gazi hosil bo‘ladi.

Bundan tashqari, ohaktosh kuydirilganda, undagi karbonat angidrid gazi havoga ajralib chiqadi. Tsement ishlab chiqarish bilan bog‘liq karbonat chiqindilari, inson omili tufayli yuzaga keladigan issiqxona gazlari chiqindilarining 5-8 foizini tashkil etadi.

Mavzuga oid