O‘zbekiston | 19:05 / 14.10.2024
67233
6 daqiqa o‘qiladi

Sobiq IIB xodimi umrbodga hukm qilindi. U uch kishini o‘ldirgan

2024 yil 26 aprel kuni tunda Sirdaryo tumani Ziyokor mahallasidagi uylarning birida yong‘in sodir bo‘lgan. Qo‘ni-qo‘shnilar sezib qolgani sababli yong‘in katta talafot keltirmaydi. Biroq yoqib yuborilgan uydan uch kishining murdasi qotillik alomatlari bilan topiladi. Bu shu uyda yashovchi ayol, uning 12 yoshli o‘g‘li va keksa onasi edi. Oradan bir kun o‘tib ushlangan qotil sobiq IIB xodimi bo‘lib chiqdi.

Foto: Kun.uz

Sirdaryo tumanida o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan ayolni pilka yordamida, uning yosh farzandi va keksa onasini esa bo‘g‘ib o‘ldirgan hamda jinoyat izini yo‘q qilish maqsadida marhumlar murdasi yotgan xonalarni yoqib yuborgan shaxsga hukm o‘qildi. Qotillik qurboni bo‘lganlar – ayol 39, o‘g‘li 12 va onasi 73 yoshda bo‘lgan.

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, jinoyatni 1989 yilda tug‘ilgan Muxtor Sharafbayev sodir etgan. U 2022 yil yanvar oyidan Sirdaryo viloyat IIB JXX JTSB maxsus qabulxona navbatchilik qismi inspektori lavozimida ishlab kelgan va 2023 yil dekabr oyida o‘z arizasiga asosan lavozimidan ozod qilingan.

Muxtor Sharafbayev oilali bo‘lishiga qaramay, 2017 yil kuz faslida fuqaro E.Kamarova bilan tanishib, u bilan yashab kelgan. 2024 yil 26 aprel kuni soat 23:00 larda E.Kamarovaning yashash uyiga borgan Sharafbayev deraza orqali uning yotoqxonasiga kirgan. Erkak va ayol jinsiy aloqadan so‘ng suhbat davomida tortishib qolgan. Yuzaga kelgan kelishmovchilikdan sobiq inspektor xonada stul ustida turgan o‘tkir tig‘li pilkani (ayollar tirnog‘ini tekislaydigan moslama) olib, E.Kamarovaning bo‘yin, jag‘ va peshona sohalariga bir necha marotaba urgan. Buning oqibatida ayol voqea joyida vafot etgan.

Shovqindan xonaga Kamarovaning voyaga yetmagan farzandi X.Almamedov kirib kelgan. Muxtor Sharafbayev bolani divanga yotqizib, yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Qotilning navbatdagi qurboni qo‘shni xonada uxlab yotgan keksa yoshdagi N.Qo‘ldosheva, ya’ni E.Kamarovaning onasi bo‘lgan: u ham jinoyatchi tomonidan yostiq yordamida bo‘g‘ib o‘ldirilgan.

Shundan so‘ng jinoyatchi xonadan stol ustida turgan Redmi-12 telefon apparatini yashirin ravishda qo‘lga kiritib, jinoyat izini yashirish maqsadida murdalar yotgan ikki xonani yoqib yuborgan. O‘zi esa uydan chiqib ketgan.

Muxtor Sharafbayev sudda aybiga iqror bo‘lgan.

2017 yil kuz faslida Sirdaryo tumani Malik chorrahasining yonidagi “Qurbon” nomli choyxonada ofitsiant bo‘lib ishlab kelgan E.Kamarova bilan tanishdim. Shundan so‘ng u bilan birga nikohsiz yashab keldim. IIB tizimiga ishga kirganimdan so‘ng E.Kamarova va uning onasi N.Qo‘ldosheva tinimsiz ustimdan ariza yozaverdi. Shu sababli menga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llandi. 2023 yil dekabr oyida o‘z xohishim bilan ariza yozib berib, ishdan ham bo‘shadim.

E.Kamarova doimo meni rashk qilib, janjal chiqarardi. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda qo‘ng‘iroq qilib, har xil uyatli so‘zlar bilan haqorat qilardi.

Shu sababli E.Kamarova bilan tinch qo‘yish masalasida gaplashish maqsadida 26 aprel kuni uning uyiga bordim”, degan Sharafbayev ko‘rsatmasida.

Sobiq inspektor qotillik jinoyatini sodir qilgach Redmi-12 telefon apparatini uning ichida har xil rasmlar hamda otasi va oila a’zolarini haqorat qiluvchi audioyozuvlar borligi sababli o‘zi bilan olib ketganini qo‘shimcha qilgan.

Bundan tashqari, Sharafbayev IIB tizimida ishlab yurgan vaqtida, 2023 yil fevral oyida fuqaro Z.S.ni aldab, haydovchilik guvohnomasini tiklab berish evaziga undan 100 AQSh dollari hamda 1,1 mln so‘m miqdorida pul olgani aniqlangan. U ushbu pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Kun.uz muxbiri voqea sodir bo‘lganida Ziyokor mahallasida bo‘lib, qurbonlarning qo‘shnilari va yaqinlari bilan suhbatlashgandi.

Uch o‘g‘il, bitta qiz edik. O‘rtancha akam vafot etgan, katta akam Rossiyaga ketgan edi. Bir kuni singlim bilan videoqo‘ng‘iroqda gaplashganimda militsiya formasidagi kishi ko‘rindi, kim deb so‘radim, bir tanishim dedi, ehtiyot bo‘lib yur, dedim. Onamdan ham so‘radim, tanishi ekan, kelib turadi, deb qo‘ygandilar. Oradan vaqt o‘tdi, onam haligi odam singlimni tinch qo‘ymayapti, deb qoldilar. Uchastkavoyga ariza yozibdilar onam, lekin baribir qaytib kelaveribdi. Onamning oldida singlimga shapaloq urgan ekan, onamning o‘ziga ham tahdid qilibdi. Ikkalasining orasida gap bo‘lgandir, lekin jiyanimning, onamning aybi nima ekan?” degandi o‘shanda marhum E.Kamarovaning akasi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo tuman sudining hukmiga asosan Muxtor Sharafbayev Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi, 97-moddasi (qotillik) 2-qismi “v, r” bandlari, 169-moddasi (o‘g‘rilik) 1-qismi va 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Mavzuga oid