Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosarlari lavozimidan ozod etildi
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Botir Alimbekov qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagan, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagan. Viloyatda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar ham qoniqarsiz deb topilib, viloyat hokimining boshqa bir birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov ham lavozimidan ozod etildi. Ularning ikkisi ham lavozimga shu yil tayinlangan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda aytilishicha, Toshkent viloyatida qishloq yerlari Andijondan 1,5 karra ko‘p. Lekin, yetishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil. Viloyatda 1 gektardan o‘rtacha daromad Andijondan 2 karra, Namangan va Farg‘onadan 1,5 baravar, Buxorodan 1,3 baravarga kam.
So‘nggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yo‘g‘i 72 mln dollarlik meva-sabzavot eksport bo‘ldi. Bu – o‘tgan yilgidan kam.
Viloyatdagi samarasiz 2 200 gektar bog‘ va tokzor hisobiga yiliga 10 mln dollar eksport yo‘qotilyapti. Suv tejovchi texnologiya bo‘yicha Toshkent viloyati eng oxirgi o‘rinlarda.
Bu borada viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Botir Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.
Prezident yaqinda bog‘dorchilik bo‘yicha yangi tizim joriy qilinganini ta’kidlab, Ohangaron va Bo‘stonliqda 1 ming gektardan adir va tog‘ oldi yerlarida malina va golubika plantatsiyasini, Parkentda 2 ming gektar va Ohangaronda 1 ming gektarda uzum va gilos bog‘larini tashkil qilish imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi. Bu orqali 5 ming aholini, ayniqsa kambag‘al oilalardan bo‘lganlarni daromadli qilish mumkin.
Mutasaddilarga bir yilda 2,2 ming gektar bog‘ va tokzorni yangilash, Angrenda anor sharbatini ishlab chiqarishni boshlash, Ohangaron tumanida olxo‘rini qayta ishlash quvvatini yaratish topshirildi.
Umuman, viloyatni bog‘dorchilik bo‘yicha namunali hududga aylantirib, eksportni 300 mln dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda viloyatda kambag‘allikni qisqartirish rejalari ko‘rib chiqildi. Prezident viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha hisob-kitoblarni ma’qullamadi.
“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambag‘al oila qolishini o‘zi uyat”, – dedi davlatimiz rahbari.
Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish bo‘yicha respublikada eng oxirgi o‘rinlarda turibdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga to‘g‘ri keladi. Yoki, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.
Viloyatdagi 12 ming vakant o‘rinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, ko‘cha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish o‘rniga, ularga har yili 4 mlrd so‘m ishsizlik nafaqasi to‘lanmoqda.
Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot uchun, Botir Alimbekov lavozimga shu yil yanvarida, Erkin Muhiddinov esa may oyida tayinlangan edi. Alimbekov bungacha Chinoz tumani hokimi bo‘lgan, undan avval ham viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Erkin Muhiddinov tayinlovdan oldin Ohangaron tumani hokimi edi; u muqaddam kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.
Mavzuga oid
14:59 / 23.11.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32 / 23.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
21:23 / 21.11.2024