O‘zbekiston | 13:40
676
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya jamg‘armasi Toshkent viloyatida turistik-rekreatsion zonasini qurishi mumkin

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbariyati Malayziyaning Khazanah Nasional Berhad suveren jamg‘armasi bosh direktori Amirul Feysal bilan uchrashdi.

Unda Khazanah Nasional jamg‘armasi bilan O‘zbekistonda investitsiya jamg‘armalarini, elektron tijorat startaplarini, chakana savdo tarmoqlarini moliyalashtirishda hamkorlikni o‘rnatish istiqbollari muhokama qilindi.

Khazanah Nasional va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamkorligida investitsiya kompaniyasini tashkil etish masalasi tomonlar uchun birdek manfaatdor bo‘lishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya tomoniga o‘zaro manfaatli hamkorlikning aniq shartlarini, tomonlar uchun maqbul sarmoyaviy takliflarni ishlab chiqish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzish, hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish bo‘yicha doimiy muloqot o‘rnatish taklifi bildirdi.

Khazanah Nasional jamg‘armasining yillar davomida orttirgan ulkan tajribasi va salohiyatini inobatga olib, Malayziya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan davlat xususiylashtirish loyihalarida ishtirok etish, xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlarni xarid qilish imkoniyatlari mavjudligi ma’lum qilindi.

Shuningdek, "Yangi Toshkent" hududida turar-joy majmuasi, Toshkent viloyatida turistik-rekreatsion zonasini, sog‘liqni saqlash maskanini qurish, Toshkent shahrida regenerativ tibbiyot maskanini barpo etish bo‘yicha loyiha takliflari (tizerlar) jamg‘arma rahbariga taqdim etildi.

Amirul Feysal Markaziy Osiyo investitsiya bozorini imkoniyatlarini yuqori baholab, kelgusida ushbu mintaqada, jumladan O‘zbekistonda loyihalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirishda ishtirok etish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishi mumkinligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid