Jahon | 21:00 / 21.10.2024
6479
3 daqiqa o‘qiladi

Putin BRICS sammitida «dollarni yengish rejasini» taqdim etmoqchi – OAV

Gap rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni jalb qila oladigan arzonroq va tezroq tranzaksiyalarni ta’minlaydigan BRICS to‘lov tizimi haqida ketmoqda.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozondagi BRICS sammitida yangi moliyaviy tizim qurishni taklif qilmoqchi, deb yozdi The Economist. Gap «Jahon moliyasi tizimidagi AQSh hukmronligiga zarba berishga» qodir va bir yil ichida yaratilishi mumkin bo‘lgan BRICS Bridge tizimi haqida bormoqda.

Ta’kidlanishicha, BRICS Bridge qisman Xalqaro hisob-kitoblar banki (BIS) tomonidan boshqariladigan mBridge loyihasidan konsepsiyalarni olishi mumkin. Ushbu tizimning yaratilishiga Xitoy ham o‘z hissasini qo‘shgan va mBridge dasturiy ta’minoti bilan kodlarini taqdim qilgan. Nashr manbalariga ko‘ra, Xitoy BRICS Bridge tizimini yaratish uchun o‘zida mavjud ishlanmalardan foydalanishi mumkin.

Maqola mualliflarining fikricha, BRICS to‘lov tizimi rivojlanayotgan iqtisodiyotlarni jalb qila oladigan arzonroq va tezroq tranzaksiyalarni ta’minlaydi. G‘arb rasmiylari ham bu sxema sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlab chiqilishi mumkinligidan xavotirda. Bu o‘z navbatida Qo‘shma Shtatlar pozitsiyasini zaiflashtiradi: Amerika xalqaro to‘lovlar uchun eng yirik markaz bo‘lgani tufayli sanksiyalar orqali boshqa davlatlarga ta’sir qila oladi.

Eng jiddiy tashabbus - bu fiat valutalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan raqamli pullardan foydalanish rejasi. Qayd etilishicha, bu holatda transchegaraviy operatsiyalar markazida dollar kliringidan foydalanish imkoniyatiga ega banklar emas, balki markaziy banklar bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, hech bir mamlakat boshqasini moliya tizimidan uzib qo‘ya olmasligini anglatadi.

«Tijorat banklari o‘z markaziy banklari orqali operatsiyalarni amalga oshirgani sababli, amaldagi korrespondent bank tizimining tarmoq ta’sirini chetlab o‘tib, xorijiy banklar bilan ikki tomonlama munosabatlarni saqlab qolishlari shart emas», deyiladi materialda.

Shu yil yozda Rossiya Moliya vaziri Anton Siluanov BRICS mamlakatlariga alohida platformada hisob-kitoblarni amalga oshirish taklifini e’lon qildi. Oktyabr oyida u vazirlik BRICS Clear depozitar tizimini yaratish ustida ham ish olib borayotganini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid