O‘zbekiston | 21:16 / 24.10.2024
4199
9 daqiqa o‘qiladi

24 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar

Shavkat Mirziyoyevning BRIKS sammitidagi nutqi, Toshkent havosini ifloslantirayotgan zavodlar ustidan tekshiruvlar, qonun ustuvorligi reytingida O‘zbekiston o‘rnining pasayishi — kun davomida Kun.uz'da yoritilgan mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Prezident BRIKS sammitida

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan “BRIKS plyus” formatidagi sammitda ishtirok etib, nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z so‘zida Yaqin Sharqdagi xunrezliklarga to‘xtalib o‘tdi.

“Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatishga chaqirib, Isroil–Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish ekanini aytdi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, BRIKS birlashmasi teng huquqlilik, bloklardan xolilik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va suverenitetga hurmat tamoyillariga asoslanib harakat qilmoqda. Xalqaro aloqalarning bunday modeli, BMTning markaziy rolini saqlagan holda, jahon tartibotining bugungidan ko‘ra adolatliroq yangi arxitekturasini shakllantirish uchun mustahkam asos bo‘la oladi, dedi prezident.

O‘zbekiston rahbari Afg‘oniston muammosiga to‘xtalib, bu mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatish umumiy vazifa ekanini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev sammit doirasida Turkiya prezidenti, Hindiston bosh vaziri va boshqalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Mezbon Tatariston raisi Rustam Minnixanov O‘zbekiston prezidentini Tataristonning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.

Hamma zavodlar ham filtr qo‘ymayapti

Bosh prokuratura Toshkent viloyati va poytaxt havosini ifloslantirayotgan sanoat korxonalarini tekshirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, I va II toifaga kiruvchi, atrof-muhitga ta’siri yuqori sanoat korxonalarida 2024 yilda belgilangan zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish paysalga solinyapti. Xususan, belgilangan vazifalar Toshkent viloyatidagi 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan atigi 8 tasida bajarilgan.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, poytaxt havosi ifloslanishiga tabiiy omillar bilan birga iqlim o‘zgarishi, sanoat va avtotransport vositalari emissiyasi oshib borayotgani, moratoriy davrida ham daraxtlar noqonuniy kesilayotgani, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmay turib jadal qurilish ishlari ketayotgani ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlanishicha, Bosh prokuratura 22 oktyabrdan boshlab qator idoralar bilan birgalikda poytaxt havosini ifloslantirayotgan sanoat korxonalarini tekshira boshlagan. Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari alohida nazoratga olinib, ular bo‘yicha keskin va murosasiz choralar ko‘rilishi aytilmoqda.

Qonun ustuvorligida pasayish

Jahon qonun ustuvorligi reytingida O‘zbekistonning o‘rni 2016 yildan beri birinchi marta pasaydi. 2024 yilgi reytingda O‘zbekiston 5 pog‘onaga pastlab, 142 ta davlat orasida 83-o‘rinni egalladi.

Reyting hukumat vakolatlarini cheklash, korrupsiyaning yo‘qligi, ochiq hukumat, inson huquqlari, himoya va xavfsizlik, qonun nazorati va odil sudlov kabi ko‘rsatkichlar asosida shakllantirilgan. O‘zbekiston himoya va xavfsizlik borasida eng yaxshi natijani qayd etgan, lekin qolgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida o‘rtacha darajaga ega deb topilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida qonun ustuvorligi bo‘yicha Qozog‘iston eng yuqori, 65-o‘rinda qayd etilgan. Reytingning dastlabki 5 pog‘onasidan Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Germaniya joy oldi.

Farg‘onada daraxtkushlik

Qonun ustuvorligi ta’minlanmayotgan holatlardan biriga to‘xtalamiz. Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, Farg‘ona shahri markazida ko‘p yillik daraxtlar ko‘chirish yo‘li bilan quritilgan. Ma’lum bo‘lishicha, shaharning Sayilgoh va al-Farg‘oniy ko‘chalari tutashgan joyda 5 yulduzli mehmonxona qurilishi boshlanishi arafasida 25 yillik daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilgan, lekin ular yashab ketmagan.

Atrofi o‘rab olingan hududga yetib kelgan quruvchi, ekologiya boshqarmasi vakili va hokimlik rasmiysi ko‘p yillik manzarali daraxtlarning hammasi boshqa joyga ko‘chirilganini aytgan bo‘lsa-da, qo‘porilgan va kesilgan daraxt tomirlari panada qalashib yotibdi.

Masala yuzasidan mas’ullar bergan ma’lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Holat haqidagi batafsil reportaj bilan You Tube sahifamizda tanishishingiz mumkin.

Avtomobil importida yangilik

1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillar bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkaziladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Odiljon Tohirov “Renessans” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“1 noyabrdan biz insonlarning hayoti xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilar huquqini himoya qilish maqsadida avtotransport vositalarining sinovini bojxona hududida emas, balki sinov bazasi, ya’ni Piskent poligoniga olib borib, o‘sha yerda o‘tkazamiz. [...] Biz o‘tkazayotgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi”, dedi agentlik rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, avtotransport vositalari importi bo‘yicha shu yil bahorda muayyan cheklovlar kuchga kirgan edi. Natijada o‘tgan yili sezilarli oshgan avtomobil importi joriy yilda aksincha kamaydi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida barcha turdagi yengil avtomobillar importi 2 foizga, benzinda harakatlanadigan yengil mashinalar importi esa 28 foizga qisqarib ketgan.

Toshqinga qarshi qo‘shimcha 6 milliard

Prezident tanqididan keyin poytaxt hokimligi shahardagi drenaj tizimini yaxshilash uchun biroz mablag‘ ajratdi. Hokim Shavkat Umrzoqov 22 oktyabr kuni imzolagan qarorga ko‘ra, shahar budjetining 3-chorak yakunlari bo‘yicha orttirib bajarilgan qismi hisobidan drenaj tizimini yaxshilashga 6 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Bu pullar yog‘ingarchiliklar davrida suv toshqinlarining oldini olish uchun hokimlik huzuridagi yagona buyurtmachi xizmatiga beriladi. Qarorda yozilishicha, drenaj tizimi uchun joriy yil davomida bundan tashqari yana 20 mlrd so‘m ajratilgan.

Kuz kelib, birinchi yog‘ingarchilikdan keyinoq Toshkent ko‘chalari suvga to‘lib qolganini prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kungi selektorda tanqid qilgandi. Hokimlikka yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.

Qidiruvdagi shaxs ushlandi

Bir qancha jinoiy ishlarda ayblanib qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik Musayevna Xadicha Jafarova Turkiyada qo‘lga olindi. O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, u 2011-2013 yillarda bank-moliya xususiy sektorida yuqori lavozimlarda ishlagan.

Xadicha Musayevna jinoiy uyushma tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, o‘zgalarning mulkini juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish, firibgarlik, soxta tadbirkorlik kabi qator jinoyatlarda gumonlanmoqda. 10 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 73 yoshli ayol O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Uning harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolar ichki ishlar bo‘limlariga murojaat qilishi mumkin.

Andijonda – yangi prokuror

Andijon viloyatiga yangi prokuror tayinlandi. Bu lavozimda endilikda Murodullo Tog‘ayevich Abduhakimov faoliyat yuritadi. 43 yoshli prokuror bungacha Bosh prokuraturada Agrar va oziq-ovqat sohalariga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati prokuraturasiga 2023 yil avgustidan beri rahbarlik qilgan Ma’rufxon Xo‘jayev 2024 yil iyulida “Hududgazta’minot” kompaniyasi raisi lavozimiga o‘tkazilgandi.

Mavzuga oid