O‘zbekiston | 17:35 / 25.10.2024
22486
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tug‘ilish kamaydi, o‘limlar soni esa oshdi  

Joriy yilning 9 oyida tug‘ilgan chaqaloqlar soni 2023 yilning mos davridagidan 22 988 nafarga kam bo‘ldi. Nikohlanishlar soni 179,4 minggacha qisqargan. Bu oxirgi 8 yildagi eng past ko‘rsatkich. Erkaklarning o‘rtacha nikoh yoshi 27,4 yoshni, ayollarniki 22,5 yoshni tashkil qilgan.

Foto: Kun.uz

2024 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 37 mln 355,4 mln nafarga yetgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Umumiy aholining 50,4 foizini erkaklar, 49,6 foizini esa ayollar tashkil qilgan.

2024 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi tarkibi jinsi va yosh guruhlari bo‘yicha (65 yoshgacha bo‘lganlar 5 yillik yosh intervalida, 65 va undan yuqori yoshdagilar esa jamlangan holda) tahlil qilinganda, erkaklar tarkibida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar eng yuqori ko‘rsatkich – 2 mln 262,7 ming kishini tashkil etgan. Erkaklar tarkibida eng kam aholi soni 60-64 yoshlilar hissasiga to‘g‘ri kelgan – 657 ming kishi. Shuningdek, ayollar tarkibida ham 5 yoshgacha bo‘lgan qizlar eng yuqori ko‘rsatkich – 2 mln 108,1 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, eng kam ayollar soni 60-64 yoshlilar hissasiga to‘g‘ri kelgan – 736 ming kishi.

1 oktyabr holatiga 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 83,2 kishi to‘g‘ri kelgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 1,7 kishiga ko‘p. Hududlar bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (6 mingg 909,6 kishi), Andijon (801,3 kishi) va Farg‘ona(610 kishi) viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyati (9,8 kishi kishi) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida( 12,1 kishi) kuzatilgan.

Joriy yilning 9 oyida O‘zbekistonda 693,9 nafar tug‘ilish qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 716, 9 ming kishini tashkil etgan. Hisobot davrida tug‘ilishlar soni 3,2 foizga qisqargan.

Eng ko‘p tug‘ilishlar sentabr oyida yuz bergan bo‘lib, bir oy ichida 48 422 nafar o‘g‘il bola, 45 099 nafar qizlar dunyoga kelgan.

Eng yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichi Surxondaryoda, lekin tug‘ilish koeffitsiyenti 30,8 promilledan 29 promillega tushgan. Tug‘ilish ko‘rsatkichi eng past hudud Qoraqalpog‘iston, tug‘ilish koefffitsiyenti 21,8 promilledan 20,6 promillegacha sekinlashgan.

Mamlakatda o‘lim holatlari ham o‘tgan yilga nisbatan ko‘paygan. 2024 yil yanvar-sentabr oylarida vafot etganlar soni 131,7 ming kishini tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2023 yilning mos davrida 129,7 ming kishi olamdan o‘tgan.

Ma’lum bo‘lishicha, vafot etganlarning o‘limiga asosan qon aylanish tizimi kasalliklari, baxtsiz hodisalar, o‘simtalar, nafas olish organlari kasalliklari, ovqat hazm qilish organlari kasalliklari sabab bo‘lgan.

Hisobot davrida 179,4 mingta nikoh qayd etilgan. Bu so‘nggi 8 yillikdagi eng past ko‘rsatkich. Shu davr ichida nikohdan o‘tgan ayollarning o‘rtacha yoshi 22,5 da, erkaklarniki esa 27,4 da bo‘lgan.

Mavzuga oid