Jamiyat | 17:08 / 30.10.2024
1619
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda silga chalinish holatlari oshdi – JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2023 yil tuberkulyoz dunyo bo‘yicha 8 milliondan ortiq kishida aniqlangan. Bu 2022 yilgidan qariyb 0,7 millionga ko‘p ekanini ma’lum qilgan.

Foto: Getty Images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tuberkulyozga chalinish bo‘yicha yangi hisobotini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, 2023 yil tuberkulyoz dunyo bo‘yicha 8 milliondan ortiq kishida aniqlangan. Bu 2022 yilgidan qariyb 0,7 millionga ko‘p va bu 1995 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Jami bemorlar 10,8 milliondan oshgan. 2023 yilda yuqumli kasalliklardan o‘lim holatlarining asosiy ko‘rsatkichlari silga to‘g‘ri kelgan. 2023 yilda sil sababli 1,25 million kishi vafot etgan.

Ma’lumotga ko‘ra, eng ko‘p kasallanish Hindiston (26 foiz), Indoneziya (10 foiz), Xitoy (6,8 foiz), Filippin (6,8 foiz) va Pokiston (6,3 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

JSST xulosasiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab tuberkulyozning dorilarga chidamli turlari keng tarqalishi “inqiroz omili”dir. JSST silning rivojlanish xavfini oshiradigan 5 asosiy omilni sanagan. Bular — to‘yib ovqatlanmaslik, OIV infeksiyasi, spirtli ichimliklar asoratlari bilan bog‘liq kasalliklar, chekish va qandli diabet.

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda tuberkulyozni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazilganini ma’lum qilgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda tuberkulyoz bilan kasallanish darajasi 1,5-2 barobar, o‘lim holatlari 6-8 barobar kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda silga moyil bolalar maktab-internatlari tugatilayotgani maktab o‘quvchilari va ota-onalarning e’tiroziga sabab bo‘lgandi

Mavzuga oid