Jahon | 19:23 / 30.10.2024
2563
3 daqiqa o‘qiladi

Gurjistonda saylovlar bo‘yicha tergov boshlandi. Mamlakat prezidenti so‘roqqa chaqirildi

Markaziy saylov komissiyasi 26 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridagi soxtalashtirishlar bo‘yicha prokuraturaga murojaat qilgan. Prezident Salome Zurabishvili parlament saylovlari natijasini rasman tan olmasligini ma’lum qilgandi.

Foto: AP

Gurjiston prokuraturasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) murojaatidan keyin parlament saylovlaridagi soxtalashtirishlar bo‘yicha tergov boshladi. Bu haqda idora saytida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, MSK arizasi va OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvilida soxtalashtirishlar sodir bo‘lganini isbotlovchi dalillar bor. Shu boisdan prezident 31 oktyabr kuni so‘roqqa chaqirilgan.

«Gurjiston prokuraturasi MSK murojaatida ta’kidlanganidek, barcha zaruriy tergov va protsessual harakatlarni amalga oshiradi, shu bilan birga, prezident, alohida siyosiy partiyalar va kuzatuv missiyalari vakillari tomonidan e’lon qilingan faktlarni o‘rganadi. Jumladan, tergov doirasida jinoiy faktga aloqador ma’lumotga ega barcha shaxslar so‘roq qilinadi», — deyiladi prokuratura xabarida.

Muxolifat yetakchilaridan biri Zurab Japaridze Zurabishvilini prokuraturaga bormaslikka chaqirdi. «Biz muxolifatdagilar Gurjiston prokuraturasiga bormoqchi emasmiz, chunki ularga ishonmaymiz. O‘ylaymanki, prezident ham prokuraturaga bormaydi, ammo unga mening maslahatim kerak emas», — deydi u.

Gurjiston Markaziy saylov komissiyasi 26 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridagi soxtalashtirishlar bo‘yicha prokuraturaga murojaat qilgan. Salome Zurabishvili avvalroq parlament saylovlari natijasini rasman tan olmasligini ma’lum qilgandi.

Gurjiston MSK ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaparast hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi saylovlarda 53,9 foiz ovoz to‘plagan. Shuningdek, parlamentga asosiy to‘rtta muxolif partiya ham o‘tgan — «O‘zgarishlar uchun koalitsiya» (11 foiz), «Yagona milliy harakat» (10,2 foiz), «Kuchli Gurjiston» (8,8 foiz), «Gurjiston uchun» (7,8 foiz). Ular Gurjistonning G‘arb bilan yaqinlashuvi tarafdori.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Monitoring missiyasi qator jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanganini qayd etdi, ammo o‘z hisobotida butun saylovlar natijasini shubha ostiga olmadi. YeI Gurjiston MSKni tezkorlik bilan qonunbuzilish holatlarini tergov qilishga chaqirdi.

Mavzuga oid