Jahon | 15:51 / 31.10.2024
3793
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda ayollarni farzand ko‘rishga undovchi qo‘ng‘iroqlar qilinmoqda

Mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichi rekord darajada pasaygan.

Foto: SOPA Images

Yillar davomida tug‘ilishni qattiq nazorat qilib kelgan Xitoy hukumati endi ayollarni farzand ko‘rishga unday boshladi. Hukumat demografik inqirozni shu yo‘l bilan hal qilmoqchi, deb xabar berdi Radio France Internationale.

Maxsus operatorlar xitoylik ayollarga qo‘ng‘iroq qilib: “Homiladormisiz?” deb so‘rashadi. Agar ayol “yo‘q” deb javob bersa, undan “bu haqda o‘ylab ko‘rishni” iltimos qiladi.

Guansi viloyatida yashovchi 36 yoshli ayol tug‘ilish darajasini oshirish tobora ko‘proq talab qilinayotganini aytdi. Ayol unga homilador yoki yo‘qligi haqida so‘rab qo‘ng‘iroq qilgan so‘nggi operatorga e’tiroz bildirgan. U operatordan “moddiy yordam bera olasanmi yoki tug‘uruq paytida ko‘maklashasanmi” deb so‘ragan.

“Agar yordam bera olmasang, bo‘lmag‘ur gaplarni bas qil”, — deya jahl qilgan ayol.

Ketma-ket ikki yil davomida Xitoy aholisining soni kamayib bormoqda. 2023 yilda tug‘ilish darajasi eng past ko‘rsatkichga yetdi.

Avvalroq Xitoy xorijliklarga mamlakatdagi bolalarni farzandlikka berish dasturini to‘xtatgan edi.

1990 yillar boshidan beri Xitoy o‘n minglab bolalarni xorijga farzandlikka bergan, ularning qariyb yarmi AQShga yuborilgan. Bu voqealar “bir bola” siyosati sharoitida yuz berdi. 1979 yildan 2015 yilgacha amal qilgan ushbu siyosat tufayli ko‘plab xitoylik oilalar o‘z farzandlaridan, ayniqsa qizlardan va nogironligi bo‘lgan chaqaloqlardan voz kechishga majbur bo‘lgan.

Mavzuga oid