Jahon | 17:01 / 08.11.2024
11460
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar tashkilotining yangi bayrog‘i qabul qilindi

Ko‘proq neytral va umumiy xususiyatlarga ega bo‘lgan eskisidan farqli o‘laroq, yangi dizaynda turkiy dunyoning madaniy va tarixiy o‘ziga xosligiga ko‘proq e’tibor qaratilgan.

Foto: Turknws

Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining (TDT) XІ sammitida turkiy dunyo birligi va mushtarak tarixining yana bir timsoliga aylangan yangi bayroq qabul qilindi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ko‘proq neytral va umumiy xususiyatlarga ega bo‘lgan eskisidan farqli o‘laroq, yangi dizaynda turkiy dunyoning madaniy va tarixiy o‘ziga xosligiga ko‘proq e’tibor qaratilgan.

Bayroqning yangi versiyasidagi ranglar va naqshlar turkiy xalqlarga xos bo‘lib, bu tashkilot ishtirokchilarining umumiy madaniyati va chuqur tarixiy ildizlariga urg‘u beradi.

Moviy va oq kabi ranglar poklik, tabiat, an’analar va dasht kengliklari bilan bog‘liq bo‘lib, bu kuch-quvvat, uyg‘unlik va abadiylikni anglatadi.

Yangi ramz – sakkizburchak – hidoyat va donolik ramzidir.

Quyosh o‘zining qirqta to‘g‘ri nurlari bilan bir tekisda tarqalib, yorug‘lik, ochiqlik va hayotiylikni anglatadi. Nurlar turkiy dunyoning yo‘lini yoritib, uni yanada porloq va farovon kelajak sari yetaklovchi umumiy qadriyatlar va umumiy qarashni ifodalaydi.

Butun turkiy dunyoga mashhur timsol – yarim oy va yulduz turkiy davlatchilik, yuksalish, kelajakka intilish va taraqqiyotni bildiradi.

Bunday ramziylik yagona oilaga mansublik tuyg‘usini va yaqin oilaviy va madaniy aloqalarni shakllantirishga yordam beradi.

Tashkilotning yangi bayrog‘ini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Turkiya va O‘zbekiston rahbarlari: Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Sadir Japarov, Ilhom Aliyev, Rejyep Toyyib Erdo‘g‘an va Shavkat Mirziyoyev tasdiqladi.

Mavzuga oid